Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga nikohlanuvchi yoshlarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish samaradorligini oshirish toʻgʻrisida yuborilgan parlament soʻrovi natijalari haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2020-yil 20-noyabrdagi SQ-176-IV-son Qarori bilan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan nikohlanuvchi yoshlarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish samaradorligini oshirish toʻgʻrisidagi parlament soʻroviga berilgan javobni koʻrib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati parlament soʻrovida koʻtarilgan muammolarni hal etish yuzasidan Hukumat tomonidan muayyan chora-tadbirlar belgilanganini qayd etadi.
Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 25-avgustdagi 365-son qarori bilan tasdiqlangan Nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi nizomni takomillashtirish, tibbiy koʻrikdan oʻtkazishda birlamchi tibbiy sanitariya yordami muassasalarida amalga oshirish imkoni boʻlmagan tibbiy tekshiruvlarni sogʻliqni saqlash tizimining yuqori boʻgʻinlarida tashkil etish, tibbiyot muassasalarini tibbiy texnikalar bilan jihozlash ishlarini investitsiya dasturlari, xalqaro moliya tashkilotlari grant va kredit mablagʻlari hisobidan amalga oshirish, nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish tizimini elektron maʼlumot almashish orqali tashkil qilish maqsadida yagona elektron tizim yaratish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda mutasaddi vazirlik va idoralarga topshiriqlar berilgan.
Biroq, parlament soʻrovida koʻtarilgan masalalar chuqur oʻrganilmagan, ularni bartaraf etish yuzasidan aniq takliflar ishlab chiqilmagan.
Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasi javobida parlament soʻrovida qayd etilgan quyidagi 7 ta masala yuzasidan hech qanday munosabat bildirilmagan:
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 20-martdagi 153-son qarori bilan tasdiqlangan ijtimoiy ahamiyatga ega kasalliklar roʻyxatini qayta koʻrib chiqish va takomillashtirish;
irsiy kasalliklarning oldini olish maqsadida yaqin qarindoshlar oʻrtasida nikohni taqiqlashning huquqiy asoslarini takomillashtirish;
nikohdan oldin koʻrikdan oʻtkazish boʻyicha tibbiy xizmat koʻrsatuvchi muassasalar faoliyatini monitoring qilib, mavjud muammolarni tahlil etish, umumlashtirish va takliflar ishlab chiqish vazifalarini Respublika aholi reproduktiv salomatlik markazi zimmasiga yuklash masalasini koʻrib chiqish;
nikohlanuvchi yoshlarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish sifatini oshirish uchun oʻsmirlar salomatligi yoʻnalishidagi faoliyatni takomillashtirish;
fuqarolik holatlari dalolatnomalarini yozish organlari xodimlarining nikohlanuvchi shaxslarning tibbiy koʻrikdan oʻtganliklari va taraflarning tekshirish natijalaridan xabardorligini aniqlash boʻyicha majburiyat mezonlarini ishlab chiqish va javobgarligini aniq belgilash;
roʻyxatga olinmagan nikohda tugilishlar ulushi ortib ketishining oldini olish maqsadida fuqarolik holatlari dalolatnomalarini yozish organi hamda boshqa mutasaddi tashkilotlar hamkorligida tizimli ishlarni tashkil etish;
olimlar va soha vakillari ishtirokida reproduktiv salomatlik, oilani sogʻlomlashtirish, tugma nuqsonli bolalar tugʻilishining oldini olish masalalariga bagʻishlangan targʻibot tadbirlarini oʻtkazish, tarqatma materiallar tayyorlash va ommaviy axborot vositalari orqali mavzuga oid tushuntirishlar olib borish.
Qolaversa, parlament soʻroviga Hukumat javobi belgilangan muddatdan kechiktirilgan holda kiritilgan.
Shuningdek, Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda boshqa vazirlik va idoralarga topshiriqlar berish bilangina chegaralangani ham parlament soʻroviga munosabat bildirishda jiddiy yondashuv boʻlmaganligini koʻrsatadi. Xususan, sohada amalga oshirilayotgan ishlar hamda koʻzda tutilayotgan rejalar toʻgʻrisida asoslantirilgan tushuntirish berish yoki oʻz nuqtai nazarini bayon qilish oʻrniga mamlakatimizda 2016 — 2020-yillarda qayd etilgan nikohlar va oilaviy ajrimlar yuzasidan statistik koʻrsatkichlargina maʼlum qilingan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 14-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2020-yil 20-noyabrdagi SQ-176-IV-sonli qarori bilan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan nikohlanuvchi yoshlarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish samaradorligini oshirish toʻgʻrisidagi parlament soʻroviga javobda Hukumat nuqtai nazarini toʻliq va aniq ifodalovchi tushuntirish berilmagani qayd etilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
kelgusidagi parlament soʻrovlariga munosabat bildirishda jiddiy yondashish, koʻtarilgan masalalarni chuqur oʻrganish, tahlil qilish, ularni bartaraf etish yuzasidan aniq takliflar ishlab chiqish choralarini koʻrsin;
parlament soʻrovida belgilangan hamda hal etish yuzasidan mutasaddi vazirlik va idoralarga berilgan topshiriqlar ijrosini taʼminlash, shuningdek, parlament soʻrovining munosabat bildirilmagan bandlaridagi vazifalarni bajarish yuzasidan amalga oshirilgan ishlar haqida ikki oy muddatda parlamentga axborot taqdim etsin;
nikohlanuvchilarning tibbiy koʻrikdan oʻtkazish tizimini takomillashtirish va nikohlanuvchilarga qulay sharoitlar yaratish maqsadida nikoh oldi tibbiy koʻrikni tuman (shahar) koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalar qoshida barcha tegishli mutaxassislarni jalb qilgan holda oʻtkazish masalasini koʻrib chiqib, ikki oy muddatda tegishli takliflar tayyorlasin va amaliyotga kiritsin;
mamlakatdagi demografik holatdan kelib chiqib, ikki oy muddatda Respublika aholi reproduktiv salomatlik markazi faoliyatini toʻliq tanqidiy tahlil qilsin va nikoh oldi tibbiy koʻrik samaradorligini oshirishda mazkur markaz mutaxassislarini jalb etish yuzasidan tegishli choralar koʻrsin;
Yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash markazlaridagi mashgʻulotlarda nikohdan avvalgi tibbiy koʻriklarning ahamiyati, reproduktiv salomatlik asoslari, yaqin qarindoshlar oʻrtasidagi nikoh irsiy kasalliklarga olib kelishi yuzasidan uch oy muddatda maxsus kurslar tashkil etsin;
ushbu Qarorning ijrosi yuzasidan 2021-yil 1-iyunga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga axborot bersin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi hamkorlikda maxsus mediareja asosida olimlar va soha vakillari ishtirokida reproduktiv salomatlik, oilani sogʻlomlashtirish, tugʻma nuqsonli bolalar tugʻilishining oldini olish masalalariga bagʻishlangan turkum koʻrsatuv va eshittirishlar tayyorlash hamda Internet jahon axborot tarmogʻida tahliliy materiallarni eʼlon qilib borish tavsiya etilsin.
4. Mazkur Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi raisi B. Sayfullayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2021-yil 12-mart,
SQ-264-IV-son