O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI SOLIQ ORGANLARINING MODDIY-TEXNIKA BAZASINI MUSTAHKAMLASh VA UNING XODIMLARINI IJTIMOIY HIMOYA QILIShNI KUChAYTIRISh ChORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-dekabrdagi 717-sonli “Yaratilgan yangi ish o‘rinlarini hisobga olish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Soliq organlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi vazirliklari va idoralari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 4-martdagi 114-son qarorining respublika soliq organlarining moddiy-texnika ta’minotiga oid qismini bajarish bo‘yicha yetarlicha ish olib bormayotganliklari qayd etilsin.
2. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari ikki oy muddatda 1-ilovaga* muvofiq davlat soliq organlarini joylashtirish uchun tegishli binolar ajratilishi to‘g‘risidagi masalani belgilangan tartibda hal etsinlar.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari ko‘rsatib o‘tilgan bandning bajarilishi to‘g‘risida 1996-yil 1-yanvargacha axborot bersinlar.
3. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasining respublika budjeti loyihasini tuzishda hisoblash, nusxa ko‘chirish-ko‘paytirish va bosish texnikasi sotib olish, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi davlat soliq va bojxona organlari tizimi kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishga oid tadbirlarni mablag‘ bilan ta’minlash uchun 1996-yildan boshlab maqsadli mablag‘lar ajratilishini 2 — 4-ilovalarga* muvofiq nazarda tutsin.
* 1 — 4-ilovalar berilmaydi.
4. “O‘zistiqbolstat” davlat qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda 1996-yilga investitsiya dasturini shakllantirishda tuman soliq inspeksiyalarini joylashtirish uchun bir xildagi binolar qurilishini nazarda tutsin.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi 1995-yilda soliq organlari ishining o‘ziga xos sharoitlarini hisobga olgan holda bir xildagi binolar loyihalarini ishlab chiqsin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi va Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi 1995/1996 o‘quv yilidan boshlab maktab, hunar-texnika, o‘rta maxsus va oliy ta’lim o‘quv rejalari va dasturlariga soliq qonunchiligi asoslari bo‘yicha kurs yoki fakultativ kiritsinlar.
6. Belgilab qo‘yilsinki, soliq organlari xodimlarining lavozim maoshlariga maxsus shaxsiy unvonlar uchun qo‘shimcha haq Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 20-oktabrdagi 483-son qaroriga 1-ilova bilan tasdiqlangan koeffitsiyentlar bo‘yicha lavozim maoshidan kelib chiqib to‘lanadi.
7. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining Davlat soliq qo‘mitasi huzurida soliq va bojxona organlarini avtomatlashtirishni dasturiy ta’minlashni ishlab chiqish uchun xo‘jalik hisobidagi “Yangi texnologiyalar ilmiy-axborot markazi” tashkil etish, shuningdek uni ma’lumotlarni berish milliy axborot-hisoblash tarmog‘ining kichik tizimini yaratish maqsadida davlat muassasalari va banklarning avtomatlashtirilgan axborot tizimlari bilan integratsiyalashtirish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi bir oy muddatda xo‘jalik hisobidagi “Yangi texnologiyalar ilmiy-axborot markazi” Ustavini, soliq va bojxona organlarining mahalliy, mintaqaviy va boshqa axborot-hisoblash tarmoqlarini tashkil etish, joriy etish va foydalanish tartibi va qoidalari hamda ularning davlat muassasalari va banklarning avtomatlashtirilgan axborot tizimlari bilan o‘zaro hamkorligi to‘g‘risidagi nizomni ishlab chiqsin va O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnika davlat qo‘mitasi va Adliya vazirligi bilan kelishgan holda tasdiqlasin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi soliq organlarining soliqlar to‘g‘risidagi qonunlarga rioya etilishi ustidan nazorat qilish ishi samaradorligini oshirish hamda soliq to‘lovchilarning to‘liq hisobga olinishi hamda soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarning budjetga o‘z vaqtida tushishini ta’minlash yuzasidan zarur chora-tadbirlar ko‘rsin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari I.H. Jo‘rabekov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1995-yil 14-sentabr,
359-son