Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Tartibga solish taʼsirini baholash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Mamlakatimizda norma ijodkorligi faoliyatining sifatini oshirish, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishga jamoatchilikni keng jalb qilgan holda chuqur oʻylangan hamda hisob-kitob qilingan qarorlar qabul qilish imkonini beruvchi yangi innovatsion “aqlli tartibga solish” usullarini joriy etish maqsadida:
Oldingi tahrirga qarang.
1. Tartibga solish taʼsirini baholash tizimi joriy etilishi doirasida muhim iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy ahamiyatga ega normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari, qoida tariqasida, jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazilishi belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
(1-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 17-martdagi PF-89-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.03.2022-y., 06/22/89/0227-son)
Oliy Majlis palatalari va Vazirlar Mahkamasining quyidagilarni nazarda tutuvchi tartibga solish taʼsirini baholashdan oʻtkazish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin:
normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazishda kelib tushgan taklif va fikr-mulohazalar umumlashtirilib, tartibga solish taʼsirini baholash boʻyicha hisobotga kiritilishi hamda majburiy tartibda normativ-huquqiy hujjatni qabul qiluvchi organga taqdim etilishi va normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida eʼlon qilinishi;
jamoatchilik muhokamasidan oʻtmagan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari qabul qiluvchi organlar tomonidan majburiy tartibda ishlab chiquvchilarga qaytarilishi shartligi.
Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq Adliya vazirligi:
muhim iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy ahamiyatga ega normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari boʻyicha ularni jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazishdan oldin manfaatdor vazirlik va idoralar tomonidan har tomonlama koʻrib chiqilishini tashkil etadi;
jamoatchilik muhokamasi jarayonida jismoniy va yuridik shaxslarning asosli eʼtirozlarini keltirib chiqargan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari boʻyicha ekspertlar va keng jamoatchilik vakillarini jalb qilgan holda ommaviy axborot vositalari ishtirokida anjumanlarning oʻtkazilishini talab qiladi hamda ushbu loyihalarni ishlab chiquvchilarga qayta ishlash uchun qaytaradi.
2. Belgilab qoʻyilsinki, tartibga solish taʼsirini baholash tizimini bosqichma-bosqich joriy etish maqsadida:
Oldingi tahrirga qarang.
a) 2023-yil 1-yanvarga qadar quyidagilarni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari va qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar tartibga solish taʼsirini baholashdan oʻtkaziladi:
(2-bandning “a” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 29-yanvardagi PF-61-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.01.2022-y., 06/22/61/0084-son)
xoʻjalik yurituvchi subyektlarga yangi cheklovlar va yangi turdagi ruxsat berish tartib-taomillari, litsenziyalar joriy qilish yoki mavjud cheklov, ruxsat berish tartib-taomillari va litsenziyalanadigan faoliyat turlarini bozor ishtirokchilarining yanada kengroq doirasiga tatbiq qilishni;
ruxsat berish xususiyatiga ega hujjatlarni yoki litsenziyalarni olish uchun qoʻshimcha talablar va shartlarni joriy etishni;
yuridik shaxslar ustav kapitalining eng kam miqdoriga nisbatan talablarni oshirishni;
xoʻjalik yurituvchi subyektlarning belgilangan huquqlarini qisqartirish (kamaytirish) yoki ularga qoʻshimcha majburiyatlar yoxud qoʻshimcha xarajatlar joriy qilishni;
xoʻjalik yurituvchi subyektlarga har qanday turdagi imtiyoz, kafolat, preferensiyalarni belgilash, shuningdek, yangi huquqlar, shu jumladan eksklyuziv huquqlarni berishni;
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
b) 2023-yil 1-yanvardan boshlab, tadbirkorlik faoliyatiga, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga, shuningdek, atrof-muhitga taʼsir koʻrsatuvchi barcha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari va qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar tartibga solish taʼsirini baholashdan oʻtkaziladi.
(2-bandning “b” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 29-yanvardagi PF-61-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.01.2022-y., 06/22/61/0084-son)
3. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini va qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarni tartibga solish taʼsirini baholashdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
normativ-huquqiy hujjat loyihasini rejalashtirish va ishlab chiqish jarayonida hamda qabul qilingandan keyin tartibga solish taʼsirini baholashdan oʻtkazishning uch bosqichli tartibi joriy etilishi;
qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarni tartibga solish taʼsirini baholashdan oʻtkazish rejasi har yili ishlab chiqilishi va jamoatchilik muhokamasidan oʻtganidan keyin 20-martga qadar Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanishi;
davlat boshqaruvi organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan normativ-huquqiy hujjatlar ijrosining monitoringi (huquqiy monitoring) normativ-huquqiy hujjatlarni tartibga solish taʼsirini baholashdan oʻtkazish bilan birga amalga oshirilishi va uning natijalari tartibga solish taʼsirini baholashdan oʻtkazishda inobatga olinishi;
fuqaro va yuridik shaxslar tomonidan oʻtkazilgan tartibga solish taʼsirini muqobil baholash natijalari boʻyicha tayyorlangan xulosalar tegishli davlat organlari tomonidan majburiy tartibda koʻrib chiqilishi.
Oliy sud, Bosh prokuratura va Ichki ishlar vazirligiga sudlarda koʻrilgan ishlar materiallari, sud, tergov va huquqni qoʻllash amaliyoti va statistik hisobini umumlashtirish natijalarini inobatga olgan holda, normativ-huquqiy hujjatlarni tartibga solish taʼsirini baholashdan oʻtkazish boʻyicha takliflarni Adliya vazirligiga kiritish tavsiya etilsin.
4. Belgilansinki, Adliya vazirligi:
davlat boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa tashkilotlarning tartibga solish taʼsirini baholash sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtiradi va ularga uslubiy yordam koʻrsatadi;
davlat organlari va tashkilotlarining tartibga solish taʼsirini baholash hamda normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazish boʻyicha faoliyati monitoringini olib boradi;
jamoatchilik muhokamasi jarayonida normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari va qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar boʻyicha kelib tushgan, asosli deb topilgan takliflarga javob qaytarilmagan (koʻrmasdan qoldirilgan) taqdirda mazkur kamchiliklarni bartaraf etish toʻgʻrisida davlat organlari va tashkilotlariga bajarilishi majburiy boʻlgan taqdimnomalar kiritadi;
davlat organlari va tashkilotlarining tartibga solish taʼsirini baholash uchun masʼul xodimlari roʻyxatini shakllantiradi, ularning malaka va koʻnikmalarini oshirib borish, shu jumladan ular uchun oʻquv tadbirlarini xorijda tashkil etish yuzasidan takliflar kiritib boradi;
Oʻzbekiston Respublikasining tegishli xalqaro reytinglardagi koʻrsatkichlarini tizimli tahlil qilib boradi hamda ularni yanada yaxshilash yuzasidan takliflar ishlab chiqadi.
5. Adliya vazirligi:
a) Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda 2021-yil 1-iyulga qadar:
normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portali hamda Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va kelishishning yagona elektron tizimini jamoatchilikka normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari va qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarni tartibga solish taʼsirini baholashdan oʻtkazish jarayonini kuzatib borish imkoniyatini yaratish hamda loyiha jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtirilganligi haqida xabar ommaviy axborot vositalarida va ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qilinishini nazarda tutgan holda takomillashtirishni taʼminlasin;
normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari va qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarni tartibga solish taʼsirini baholashdan oʻtkazish jarayoniga foyda va xarajatlarni avtomatlashtirilgan tahlil qiluvchi elektron dasturni joriy etish boʻyicha takliflarni kiritsin;
b) Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi hamda Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi bilan birgalikda 2021-yil 15-aprelga qadar:
alohida tasdiqlangan rejalar asosida davlat organlari va tashkilotlarining rahbarlari hamda masʼul xodimlari uchun ushbu qarorga muvofiq normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari va qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarni tartibga solish taʼsirini baholashdan oʻtkazishning mohiyati va tartibini tushuntirish boʻyicha oʻquv seminarlarini tashkil etib borish amaliyotini joriy etsin;
normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari va qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarni tartibga solish taʼsirini baholashdan oʻtkazishning uslubiyoti, muhokama ishtirokchilari uchun soʻrovnomalar va tegishli hisobot shakllarini tasdiqlasin.
6. Xoʻjalik boshqaruvi organlari va davlat ishtirokidagi korxonalarga 2022-yil 1-yanvardan boshlab:
aholi va tadbirkorlarning huquq va manfaatlariga taʼsir koʻrsatuvchi hujjatlarini (ularning loyihalarini) tartibga solish taʼsirini baholashdan oʻtkazish tartibini joriy etish;
ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda aholi va tadbirkorlar tomonidan koʻtarilayotgan masalalar tahlili asosida har yili oʻzlarining hujjatlarini tartibga solish taʼsirini baholashdan oʻtkazib borish hamda uning natijalarini keng yoritish tavsiya etilsin.
7. Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
8. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 15-mart,
PQ-5025-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 15-martdagi PQ-5025-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini va qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarni tartibga solish taʼsirini baholashdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari va qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarni tartibga solish taʼsirini baholash tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
ishlab chiquvchi — normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiquvchi yoki qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatning tartibga solish taʼsirini baholashni oʻtkazuvchi davlat organi va tashkiloti;
tartibga solish taʼsirini baholash (TSTB) — loyihaning qabul qilinishi natijasida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan ehtimoliy oqibatlarni aniqlash va baholash, shuningdek, normativ-huquqiy hujjatning tartibga solish maqsadlariga erishilganligini, samaradorligini hamda tartibga solish usulini qoʻllashda vujudga kelgan oqibatlarni aniqlashga qaratilgan chora-tadbirlar majmui;
manfaatdor tomonlar — oʻrganilayotgan muammo yoki taklif etilayotgan tartibga solish doirasiga tushadigan jismoniy va yuridik shaxslar, davlat organlari va tashkilotlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari;
foyda — normativ-huquqiy hujjat loyihasi yoki qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatda nazarda tutilgan talablarning bajarilishi munosabati bilan manfaatdor tomonlar olishi mumkin boʻlgan (kelgan) har qanday shakldagi foyda yoki daromad;
xarajatlar — normativ-huquqiy hujjat loyihasi yoki qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatda nazarda tutilgan talablarning bajarilishi munosabati bilan manfaatdor tomonlarga yetkazilishi mumkin boʻlgan (yetkazilgan) bevosita va bilvosita xarajatlar;
TSTB boʻyicha hisobot — normativ-huquqiy hujjat loyihasi yoki qabul qilingan normativ-huquqiy hujjat yuzasidan oʻtkazilgan TSTB yakunlari boʻyicha ishlab chiquvchi tomonidan tayyorlanadigan hujjat;
TSTB natijalari boʻyicha xulosa — TSTB boʻyicha hisobotni koʻrib chiqish, shuningdek, normativ-huquqiy hujjat loyihasi yoki qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatni tegishli sohaga taʼsirini baholash yakunlari boʻyicha xulosa beruvchi organlar tomonidan tayyorlanadigan hujjat;
xulosa beruvchi organlar — normativ-huquqiy hujjat loyihasi yoki qabul qilingan normativ-huquqiy hujjat hamda TSTB boʻyicha hisobotga tegishliligi boʻyicha xulosa beruvchi organlar.
3. TSTB muammoni, uni hal etish yoʻllarini, tartibga solish maqsadini tahlil qilish orqali loyihani ishlab chiqish va qabul qilish, shuningdek, normativ-huquqiy hujjatning amal qilishi natijasida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan ehtimoliy oqibatlar, shu jumladan manfaatdor tomonlar asossiz xarajat qilishi, ortiqcha majburiyat yuklashi, taqiq va cheklovlar mavjudligini aniqlash maqsadida oʻtkaziladi.
4. Tadbirkorlik faoliyatiga, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga hamda atrof-muhitga taʼsir koʻrsatishni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasi va qabul qilingan normativ-huquqiy hujjat majburiy tarzda TSTBdan oʻtkaziladi.
5. Quyidagi hollarda normativ-huquqiy hujjat loyihasi yoki qabul qilingan normativ-huquqiy hujjat TSTBdan, shu jumladan jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazilmaydi:
normativ-huquqiy hujjat loyihasi favqulodda vaziyatlarning oldini olish yoki ularning oqibatlarini bartaraf etish, yuqumli va parazitar kasalliklar tarqalishining oldini olish boʻyicha cheklovchi tadbirlar (karantin)ni belgilashga qaratilgan boʻlsa;
normativ-huquqiy hujjat loyihasi yoki qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatda yangi qabul qilingan qonunchilik hujjatlarining talablariga muvofiqlashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar nazarda tutilsa;
normativ-huquqiy hujjat loyihasi yoki qabul qilingan normativ-huquqiy hujjat ushbu Nizomning 4-bandida koʻrsatilgan mezonlarga javob bermasa.
Ushbu bandda koʻrsatilgan hollarda ishlab chiquvchi loyihaning tushuntirish xatida TSTBdan oʻtkazish rad etilganligini asoslashi lozim.
Normativ-huquqiy hujjat loyihasi yoki qabul qilingan normativ-huquqiy hujjat davlat sirlarini yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirni oʻz ichiga olsa, ular ishlab chiquvchining tashabbusiga yoxud topshiriq asosida jamoatchilik muhokamasiga joylashtirilmasdan TSTBdan oʻtkazilishi mumkin.
6. Quyidagilar TSTBdan oʻtkazish uchun axborot manbalari hisoblanadi:
rasmiy statistik maʼlumotlar;
davlat organlari va tashkilotlarining maʼlumotlari;
oqibatlarni prognozlashtirish masalalari boʻyicha ilmiy-tahliliy materiallar va nashrlar, ilmiy-amaliy seminarlar, konferensiyalar hamda yigʻilishlar materiallari;
vakolatli tashkilotlar va ishlab chiquvchi tomonidan oʻtkazilgan ijtimoiy soʻrovlarning natijalari;
ommaviy axborot vositalarida, shu jumladan Internet jahon axborot tarmogʻidagi rasmiy veb-saytlarda eʼlon qilingan nashrlar;
TSTBdan oʻtkazish doirasida davlat organi va tashkiloti tomonidan, shu jumladan bevosita joyiga chiqqan holda oʻtkazilgan oʻrganishlar jarayonida olingan (aniqlangan) maʼlumotlar;
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasi topshiriqlariga asosan hamda ishlab chiquvchining tashabbusi bilan loyihalar ishlab chiqilishidan oldin (rejalashtirish vaqtida) ularning konsepsiyasi TSTBdan oʻtkazilishi mumkin.
TSTBdan oʻtkazilgan loyihaning konsepsiyasi doirasida ishlab chiqilgan loyiha takroran TSTBdan oʻtkazilmaydi, loyihada uning konsepsiyasida nazarda tutilmagan tartibga solish vositalarini joriy etilishi belgilangan hollar bundan mustasno.
8. Normativ-huquqiy hujjat loyihasi yoki qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatni TSTBdan oʻtkazish ushbu Nizomga muvofiq tasdiqlanadigan uslubiyot asosida amalga oshiriladi.
9. Davlat organlari va tashkilotlarida normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari va qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarni TSTBdan oʻtkazish uchun huquqshunos, iqtisodchi, davlat organlarida faoliyat yuritayotgan ekspert-tahlil guruhlari vakillari hamda TSTBga masʼul etib belgilangan xodimlardan iborat TSTB boʻyicha ishchi guruh tashkil qilinadi.
Davlat organlari va tashkilotlarida normativ-huquqiy hujjat yoki uning loyihasini TSTBdan oʻtkazish ishlarini tashkil etish hamda TSTB boʻyicha ishchi guruh faoliyatini muvofiqlashtirish davlat organi va tashkilotlarida TSTBga masʼul etib belgilangan xodimlar tomonidan amalga oshiriladi.
2-bob. Loyihalarni TSTBdan oʻtkazish tartibi
1-§. Loyihani va TSTB boʻyicha hisobotni ishlab chiqish, jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazish hamda vazirliklar va idoralar bilan kelishish
10. Ushbu Nizomning 4-bandida nazarda tutilgan loyihalar ishlab chiqilganda, Adliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan shaklga muvofiq TSTB boʻyicha hisobot tayyorlanadi hamda ishlab chiquvchining birinchi rahbari (istisno hollarda — ularning birinchi oʻrinbosarlari) imzosi bilan rasmiylashtiriladi.
11. TSTB boʻyicha hisobotda quyidagi maʼlumotlar aks ettiriladi:
yechimi sifatida TSTBdan oʻtkazish taklif etilayotgan muammo tavsifi, tartibga solish boʻyicha chora koʻrmaslik oqibatida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan salbiy oqibatlar tahlili;
taklif etilayotgan tartibga solishning maqsadi, aniqlangan muammoni hal qilish va belgilangan maqsadlarga erishish uchun tanlangan usulni qoʻllash maqsadga muvofiqligi va afzalliklari tavsifi;
muammoni hal qilish uchun mumkin boʻlgan muqobil usullar tahlili;
taklif etilayotgan loyiha manfaatlariga taʼsir koʻrsatadigan subyektlar toʻgʻrisida maʼlumotlar;
manfaatdor tomonlar uchun loyihani qabul qilish va uni amalga oshirishdan olinadigan foyda va (yoki) yuzaga keladigan xarajatlarni miqdoriy hisoblash yoʻli bilan amalga oshirilgan tahlil va taqqoslash natijalari;
taklif etilayotgan tartibga solish usulining tegishli sohaga taʼsiri va uni qoʻllashda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan salbiy oqibatlar xavfi;
tartibga solish maqsadlariga erishish uchun zarur boʻlgan tashkiliy, texnik, metodik, axborot va boshqa tadbirlar;
loyihaning kutilayotgan kuchga kirish sanasi;
TSTBdan oʻtkazish bilan bogʻliq boshqa maʼlumotlar.
12. TSTB boʻyicha hisobotda loyiha taʼsiridan kelib chiqadigan oqibatning (ijobiy, salbiy yoki betaraf) aniq tavsifi aks ettiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
13. Muhim iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy ahamiyatga ega loyiha va TSTB boʻyicha hisobot ishlab chiquvchi tomonidan Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga (regulation.gov.uz)ga (keyingi oʻrinlarda — portal) joylashtirilishi orqali oʻzi belgilagan, lekin 15 kundan kam boʻlmagan muddatda, qoida tariqasida, jamoatchilik muhokamasidan oʻtkaziladi.
(13-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 17-martdagi PF-89-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.03.2022-y., 06/22/89/0227-son)
14. Loyiha boʻyicha asoslangan takliflar jamoatchilik muhokamasi ishtirokchilari tomonidan portalning texnik imkoniyatlaridan foydalangan holda ixtiyoriy shaklda taqdim etiladi.
15. Jamoatchilik muhokamasi ishtirokchilari hamda boshqa tashkilotlar va fuqarolar tomonidan loyihaning tartibga solish taʼsirini muqobil baholash amalga oshirilishi mumkin. Jamoatchilik muhokamasi ishtirokchilari tomonidan oʻtkazilgan loyihaning tartibga solish taʼsirini muqobil baholash natijalari boʻyicha tayyorlangan xulosalar tegishli davlat organlari tomonidan majburiy tartibda koʻrib chiqiladi.
16. Ishlab chiquvchi jamoatchilik muhokamasi davomida muayyan sohada tartibga soluvchi vositalar joriy etilishi maqsadga muvofiqligi va zarurligini baholash maqsadida loyihani, TSTB boʻyicha hisobotni va boshqa zarur maʼlumotlarni manfaatdor tomonlar, shu jumladan ilmiy doiralar vakillari hamda xorijiy ekspertlar bilan muhokama qilishi mumkin.
17. Ishlab chiquvchi jamoatchilik muhokamasi ishtirokchilari hamda manfaatdor tomonlar tomonidan taqdim etilgan takliflarni umumlashtiradi va ularni qabul qilish yoki rad etish toʻgʻrisida Adliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan shaklga muvofiq asoslangan maʼlumotni hamda mazkur takliflar asosida qayta ishlangan loyiha va TSTB boʻyicha hisobotni loyiha muhokamasi muddati yakunlangandan soʻng 5 kundan koʻp boʻlmagan muddatda portalga joylashtiradi.
Jamoatchilik muhokamasi ishtirokchilarining takliflarini koʻrib chiqish yakunlari boʻyicha maʼlumotnoma TSTB oʻtkazishning barcha jarayonlarida TSTB boʻyicha hisobotga ilova qilinadi.
18. Jamoatchilik muhokamasi asosida loyihani qayta ishlashda loyiha matni jamoatchilik muhokamasiga kiritilganidan tubdan farq qilsa, xususan, uning konseptual qoidalari oʻzgartirilgan taqdirda, loyiha jamoatchilik muhokamasiga takroran kiritiladi.
19. Ishlab chiquvchi oʻz tashabbusi bilan yoki Adliya vazirligi talabiga muvofiq jamoatchilik muhokamasi davomida ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab boʻlgan yoki aholining asosli eʼtirozlarini keltirib chiqargan loyiha boʻyicha ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalistlar, fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari uchun ushbu loyihaning maqsadi, mazmun-mohiyati va ahamiyatini tushuntirish boʻyicha matbuot anjumanlari va brifinglarni oʻtkazadi.
20. Ishlab chiquvchi jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazish muddati davomida loyiha va TSTB boʻyicha hisobotni manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan kelishish uchun Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va kelishishning yagona elektron tizimiga joylashtiradi.
21. Loyihalarni manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan kelishish qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartib va muddatlarda amalga oshiriladi.
2-§. Loyiha va TSTB boʻyicha hisobotni xulosa beruvchi organlar bilan kelishish
22. Jamoatchilik muhokamasi va idoralararo kelishuv yakunlari boʻyicha qayta ishlangan loyiha va TSTB boʻyicha hisobot, shuningdek, TSTB yuzasidan xulosa berish uchun zarur boʻlgan boshqa maʼlumotlar tegishli sohaga taʼsirini baholashni oʻrganish uchun xulosa beruvchi organlarga taqdim etiladi.
23. Normativ-huquqiy hujjat loyihasi va TSTB boʻyicha hisobot:
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi tomonidan tadbirkorlik faoliyatiga taʼsiri;
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi tomonidan raqobatga taʼsiri;
(23-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 6-iyuldagi PF-108-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.07.2023-y., 06/23/108/0460-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi tomonidan atrof-muhitga taʼsiri jihatidan oʻrganiladi.
Normativ-huquqiy hujjat loyihasining fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga taʼsirini oʻrganish tegishli sohada davlat siyosatini yuritishga masʼul boʻlgan davlat organlari va tashkilotlari tomonidan kelishish jarayonida amalga oshiriladi.
Mazkur bandda nazarda tutilgan davlat organlarining hududiy tuzilmalari mahalliy davlat hokimiyati organlari qarorlari loyihalari boʻyicha xulosa beradi.
Xulosa beruvchi organlar zaruratga koʻra, loyiha va TSTB boʻyicha hisobotni oʻzaro muhokama qilish orqali birgalikda kelishilgan xulosa tayyorlashlari mumkin.
24. Xulosa beruvchi organlar TSTB boʻyicha hisobotni oʻrganish jarayonida ishlab chiquvchidan qoʻshimcha maʼlumotlarni soʻrab olish huquqiga ega.
25. TSTB natijalari boʻyicha xulosa beruvchi organlar tomonidan 10 kun muddat mobaynida loyihaning maqsadga muvofiqligi, qayta koʻrib chiqish lozimligi yoki maqsadga muvofiq emasligi toʻgʻrisida xulosa rasmiylashtiriladi va xulosa beruvchi organlarning birinchi rahbari (istisno hollarda — ularning birinchi oʻrinbosarlari) tomonidan imzolangan holda ishlab chiquvchiga taqdim etiladi.
3-§. Loyiha va TSTB boʻyicha hisobotni Adliya vazirligiga kiritish
26. Jamoatchilik muhokamasi va idoralararo kelishuvdan oʻtkazilgandan hamda TSTB natijalari boʻyicha xulosalar olingandan soʻng qayta ishlangan loyiha va TSTB boʻyicha hisobot, shuningdek, TSTB natijalari boʻyicha xulosa va boshqa zarur materiallar, ularni belgilangan tartibda huquqiy ekspertizadan oʻtkazish hamda amalga oshirilgan TSTB sifatini oʻrganish uchun ishlab chiquvchi tomonidan Adliya vazirligiga kiritiladi.
27. Loyiha va TSTB boʻyicha hisobot xulosa beruvchi organlarning TSTB natijalari boʻyicha xulosalari mavjud boʻlgandagina Adliya vazirligiga kiritiladi.
28. Adliya vazirligi ishlab chiquvchi tomonidan TSTB oʻtkazish jarayonlarida ushbu Nizom talablariga rioya etilganligini, loyihada manfaatdor tomonlar asossiz xarajat qilishi, ortiqcha majburiyat yuklashi, taqiq va cheklovlar mavjudligi, muammo taklif etilayotgan tartibga solish usuli bilan hal etilishining asosliligini oʻrganadi.
29. Adliya vazirligi ishlab chiquvchi tomonidan TSTB jarayonlari ushbu Nizom talablariga rioya etilmagan holda oʻtkazilganligini aniqlagan taqdirda, TSTBdan oʻtkazish jarayonlarida yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni bartaraf etish, shuningdek, qoʻshimcha oʻrganishlarni amalga oshirish uchun aniq muddatni belgilagan holda loyiha, TSTB boʻyicha hisobot va TSTB natijalari boʻyicha xulosalarni ishlab chiquvchiga qaytaradi.
30. Ishlab chiquvchi tomonidan TSTB oʻtkazish jarayonlari ushbu Nizom talablariga toʻliq rioya etilgan holda oʻtkazilgan taqdirda, Adliya vazirligi loyihada manfaatdor tomonlar asossiz xarajat qilishi, ortiqcha majburiyat yuklashi, taqiq va cheklovlar mavjud yoki mavjud emasligi, muammo taklif etilayotgan tartibga solish usuli bilan hal etilishining asosli yoki asosli emasligini nazarda tutuvchi loyihani qabul qilishning maqsadga muvofiqligi yoki muvofiq emasligi toʻgʻrisida xulosa beriladi.
31. Ishlab chiquvchi tomonidan loyihani Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga va Vazirlar Mahkamasiga kiritishda unga TSTB boʻyicha hisobot, xulosa beruvchi organlar va Adliya vazirligining xulosalari ilova qilinadi.
3-bob. Normativ-huquqiy hujjatlarni TSTBdan oʻtkazish tartibi
1-§. Normativ-huquqiy hujjatlarni TSTBdan oʻtkazish rejasini ishlab chiqish va tasdiqlash
32. Quyidagi normativ-huquqiy hujjatlar TSTBdan oʻtkaziladi:
loyihasi ishlab chiqilishida TSTBdan oʻtkazilgan normativ-huquqiy hujjatlar;
ushbu Nizomning 4-bandida koʻrsatilgan holatlarni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlar.
Normativ-huquqiy hujjat TSTBdan oʻtkazilgandan soʻng kamida bir yildan keyin takroran TSTBdan oʻtkazilishi mumkin.
33. Normativ-huquqiy hujjatlar boʻyicha TSTB ishlab chiquvchi yoki davlat organlari va tashkilotlari tomonidan oʻz vakolatlari doirasida tartibga solish predmeti boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlar boʻyicha Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan normativ-huquqiy hujjatlarni TSTBdan oʻtkazish rejasiga (keyingi oʻrinlarda — TSTBdan oʻtkazish rejasi) muvofiq amalga oshiriladi.
34. TSTBdan oʻtkazish rejasida quyidagilar aks ettiriladi:
TSTB oʻtkazilishi lozim boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlar nomi va rekvizitlari;
normativ-huquqiy hujjatni TSTBdan oʻtkazish uchun asoslar;
TSTBni oʻtkazish uchun masʼul davlat organi;
TSTBni oʻtkazish muddati.
35. Davlat organlari va tashkilotlari har yili 1-fevralga qadar Adliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan shaklga muvofiq TSTBdan oʻtkazish rejasi loyihasiga takliflarni shakllantiradi va birinchi rahbari (istisno hollarda — ularning birinchi oʻrinbosarlari) imzosi bilan Adliya vazirligiga taqdim etadi.
36. Adliya vazirligi har yili 10-fevralga qadar davlat organlari va tashkilotlari takliflari asosida TSTBdan oʻtkazish rejasi loyihasini ishlab chiqadi hamda jamoatchilik muhokamasini oʻtkazish uchun 10 kun muddatga portalga joylashtiradi.
37. Adliya vazirligi jamoatchilik muhokamasi ishtirokchilari tomonidan taqdim etilgan takliflarni umumlashtiradi va ularni qabul qilish yoki rad etish toʻgʻrisida asoslangan maʼlumotni hamda mazkur takliflar asosida qayta ishlangan TSTBdan oʻtkazish rejasini har yili 1-martga qadar tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.
38. TSTBdan oʻtkazish rejasi har yili 20-martga qadar Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Adliya vazirligi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan TSTBdan oʻtkazish rejasini portalga joylashtirish va ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilish orqali keng jamoatchilikka yetkazilishini taʼminlaydi.
39. Davlat boshqaruvi organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Huquqiy monitoringning zamonaviy mexanizmlari asosida qonun hujjatlari ijrosining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 2019-yil 2-noyabrdagi PQ-4505-son qarori ijrosi doirasida normativ-huquqiy hujjatlar ijrosining monitoringi (huquqiy monitoring) normativ-huquqiy hujjatlarni TSTBdan oʻtkazish bilan birga amalga oshiriladi va uning natijalari TSTBdan oʻtkazishda inobatga olinadi.
2-§. Normativ-huquqiy hujjatlarni TSTBdan va jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazish
40. Ishlab chiquvchi TSTBdan oʻtkazish rejasiga muvofiq normativ-huquqiy hujjatlarni TSTBdan oʻtkazadi va natijasi boʻyicha Adliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan shaklga muvofiq TSTB boʻyicha hisobotlarni tayyorlaydi hamda ishlab chiquvchining birinchi rahbari (istisno hollarda — ularning birinchi oʻrinbosarlari) imzosi bilan rasmiylashtiradi.
41. TSTB boʻyicha hisobotda quyidagi maʼlumotlar aks ettirilishi shart:
normativ-huquqiy hujjatning turi, nomi va rekvizitlari;
normativ-huquqiy hujjatning loyihasi ishlab chiqilganda tayyorlangan TSTB boʻyicha hisobot va TSTB natijalari boʻyicha xulosalar (mavjud boʻlsa);
tartibga solishning maqsadlariga erishilganligi va samaradorligi toʻgʻrisida maʼlumotlar;
normativ-huquqiy hujjatdagi tartibga solish usulini qoʻllashda yuzaga kelgan ijobiy va salbiy oqibatlar tahlili;
normativ-huquqiy hujjat manfaatlariga taʼsir koʻrsatgan subyektlar toʻgʻrisida maʼlumotlar;
manfaatdor tomonlar uchun normativ-huquqiy hujjatning amal qilishi munosabati bilan keltirilgan foyda va (yoki) yuzaga kelgan xarajatlarning miqdoriy hisoblash yoʻli bilan amalga oshirilgan tahlili va taqqoslash natijalari;
normativ-huquqiy hujjatdagi tartibga solish usullarining amal qilishi maqsadga muvofiqligi yoki ularni bekor qilish zarurligi toʻgʻrisida xulosa;
boshqa maʼlumotlar.
42. TSTB boʻyicha hisobotda normativ-huquqiy hujjatning amal qilishi munosabati bilan kelib chiqqan oqibatning ijobiy, salbiy yoki betaraf taʼsirining aniq tavsifi aks ettiriladi.
43. TSTB boʻyicha hisobot ishlab chiquvchi tomonidan portalga joylashtirilishi orqali 10 kun muddatda majburiy tartibda jamoatchilik muhokamasidan oʻtkaziladi.
44. Jamoatchilik muhokamasi ishtirokchilari tomonidan normativ-huquqiy hujjatning tartibga solish taʼsirini muqobil baholash amalga oshirilishi mumkin. Jamoatchilik muhokamasi ishtirokchilari tomonidan oʻtkazilgan normativ-huquqiy hujjatning tartibga solish taʼsirini muqobil baholash natijalari boʻyicha tayyorlangan xulosalar tegishli davlat organlari tomonidan majburiy tartibda koʻrib chiqiladi.
45. Ishlab chiquvchi jamoatchilik muhokamasi davomida muayyan sohada tartibga soluvchi vositalar joriy etilganligining maqsadga muvofiqligi va zarurligini baholash maqsadida TSTB boʻyicha hisobotni manfaatdor tomonlar bilan muhokama qilishi mumkin.
46. Ishlab chiquvchi jamoatchilik muhokamasi ishtirokchilari va manfaatdor tomonlar tomonidan taqdim etilgan takliflarni umumlashtiradi va ularni qabul qilish yoki rad etish toʻgʻrisida Adliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan shaklga muvofiq asoslangan maʼlumotni hamda mazkur takliflar asosida qayta ishlangan TSTB boʻyicha hisobotni jamoatchilik muhokamasi muddati yakunlangandan soʻng 5 kundan koʻp boʻlmagan muddatda portalga joylashtiradi.
Jamoatchilik muhokamasi ishtirokchilarining takliflarini koʻrib chiqish yakunlari boʻyicha maʼlumotnoma TSTB oʻtkazish barcha jarayonlarida TSTB boʻyicha hisobotga ilova qilinadi.
3-§. TSTB boʻyicha hisobotni xulosa beruvchi organlar bilan kelishish
47. Jamoatchilik muhokamasi yakunlari boʻyicha qayta ishlangan TSTB boʻyicha hisobot tegishli sohaga taʼsirini baholashni oʻrganish uchun xulosa beruvchi organlarga taqdim etiladi.
48. TSTB boʻyicha hisobot:
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi tomonidan tadbirkorlik faoliyatiga taʼsiri;
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi tomonidan raqobat muhitiga taʼsiri;
(48-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 6-iyuldagi PF-108-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.07.2023-y., 06/23/108/0460-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi tomonidan atrof-muhitga taʼsiri;
tegishli sohada davlat siyosatini yuritishga masʼul boʻlgan davlat organlari va tashkilotlari tomonidan fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga taʼsiri jihatidan oʻrganiladi.
Mazkur bandda nazarda tutilgan davlat organlarining hududiy tuzilmalari mahalliy davlat hokimiyati organlarining qabul qilingan qarorlari boʻyicha xulosa beradi.
Xulosa beruvchi organlar zaruratga koʻra, TSTB boʻyicha hisobotni oʻzaro muhokama qilish orqali birgalikda kelishilgan xulosa tayyorlashlari mumkin.
49. Xulosa beruvchi organlar TSTB boʻyicha hisobotni oʻrganish jarayonida ishlab chiquvchidan qoʻshimcha maʼlumotlarni soʻrab olish huquqiga ega.
50. TSTB natijalari boʻyicha xulosa beruvchi organlar tomonidan 10 kun muddatda TSTB natijalari toʻgʻrisida xulosalar rasmiylashtiriladi va xulosa beruvchi organlarning birinchi rahbari (istisno hollarda — ularning birinchi oʻrinbosarlari) tomonidan imzolangan holda ishlab chiquvchiga taqdim etiladi.
4-§. TSTB boʻyicha hisobotni Adliya vazirligiga kiritish
51. Jamoatchilik muhokamasi oʻtkazilgandan va TSTB natijalari boʻyicha xulosalar olingandan soʻng qayta ishlangan TSTB boʻyicha hisobot TSTB sifatini oʻrganish uchun Adliya vazirligiga kiritiladi.
52. Adliya vazirligi ishlab chiquvchi tomonidan ushbu Nizom talablariga rioya etilganligini, tartibga solish maqsadlariga erishilganligini, normativ-huquqiy hujjatdagi tartibga solish usulini qoʻllashda yuzaga kelgan ijobiy va salbiy oqibatlarni, manfaatdor tomonlar asossiz xarajat qilishi, ortiqcha majburiyat yuklashi, taqiq va cheklovlar yuzaga kelganligi (kelmaganligi)ni oʻrganadi.
53. Adliya vazirligi ishlab chiquvchi tomonidan TSTB jarayonlari ushbu Nizom talablariga rioya etilmagan holda oʻtkazilganligini aniqlagan taqdirda, TSTBdan oʻtkazish jarayonlarida yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni bartaraf etish, shuningdek, qoʻshimcha oʻrganishlarni amalga oshirish uchun aniq muddatni belgilagan holda TSTB boʻyicha hisobot va xulosalarni ishlab chiquvchiga qaytaradi.
54. Ishlab chiquvchi tomonidan TSTB boʻyicha hisobot ushbu Nizom talablariga toʻliq rioya etilgan holda tayyorlangan taqdirda, Adliya vazirligi 10 kun muddatda tartibga solish maqsadlariga erishilganligi, normativ-huquqiy hujjatdagi tartibga solish usulini qoʻllashda yuzaga kelgan ijobiy va salbiy oqibatlar, manfaatdor tomonlar asossiz xarajat qilishi, ortiqcha majburiyat yuklashi, taqiq va cheklovlar yuzaga kelganligi (kelmaganligi) toʻgʻrisida xulosa tayyorlaydi va ishlab chiquvchiga taqdim etadi.
5-§. TSTB natijalari boʻyicha yakuniy maʼlumotni Vazirlar Mahkamasiga kiritish
55. Adliya vazirligi TSTBdan oʻtkazish rejasiga muvofiq, qoida tariqasida, har chorakda normativ-huquqiy hujjatlarning TSTBdan oʻtkazilishi holatini tahlil qiladi va uning natijalari boʻyicha TSTBdan oʻtkazish rejasining bajarilishi holati, TSTB boʻyicha hisobotlarning umumlashmasi hamda qonunchilikni takomillashtirishga qaratilgan takliflarni (mavjud boʻlsa) nazarda tutuvchi axborot-tahliliy maʼlumotni Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.
56. Vazirlar Mahkamasi axborot-tahliliy maʼlumotni koʻrib chiqish yakunlari boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlarni TSTBdan oʻtkazish natijalarini amalga oshirishga qaratilgan “yoʻl xaritasi”ni tasdiqlaydi yoki normativ-huquqiy hujjatlarning toʻliq yoki alohida normalarini oʻzgartirish toʻgʻrisida takliflarni Qonun loyihalarini ishlab chiqish va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish dasturiga yoki qonunosti normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash rejalariga kiritish choralarini koʻradi.
4-bob. TSTB oʻtkazilishini nazorat qilish
57. TSTB oʻtkazish jarayonlari ushbu Nizom talablariga rioya etilgan holda oʻtkazilishini nazorat qilish Adliya vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
58. Adliya vazirligi tartibga solish taʼsirini baholash sohasidagi faoliyatni muvofiqlashtirish boʻyicha maxsus vakolatli organ sifatida quyidagi vazifalarni amalga oshiradi:
davlat boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa tashkilotlarning tartibga solish taʼsirini baholash sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtiradi va ularga uslubiy yordam koʻrsatadi;
davlat organlari va tashkilotlarining tartibga solish taʼsirini baholash hamda normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazish boʻyicha faoliyati monitoringini olib boradi;
jamoatchilik muhokamasi jarayonida normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari va qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar boʻyicha kelib tushgan, asosli deb topilgan takliflarga javob qaytarilmagan (koʻrmasdan qoldirilgan) taqdirda mazkur kamchiliklarni bartaraf etish toʻgʻrisida davlat organlari va tashkilotlariga bajarilishi majburiy boʻlgan taqdimnomalar kiritadi;
davlat organlari va tashkilotlarining tartibga solish taʼsirini baholash uchun masʼul xodimlari roʻyxatini shakllantiradi, ularning malaka va koʻnikmalarini oshirib borish, shu jumladan ular uchun oʻquv tadbirlarini xorijda tashkil etish yuzasidan takliflar kiritib boradi;
Oʻzbekiston Respublikasining tegishli xalqaro reytinglardagi koʻrsatkichlarini tizimli tahlil qilib boradi hamda ularni yanada yaxshilash yuzasidan takliflar ishlab chiqadi.
59. Adliya vazirligi har yili mamlakatda TSTB tizimining holati toʻgʻrisida axborot tayyorlab, uni ommaviy axborot vositalarida eʼlon qiladi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
60. TSTBdan oʻtkazish jarayonlariga ilmiy-taʼlim muassasalari mutaxassislari, nodavlat notijorat tashkilotlar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillari, chet ellik mutaxassislar, shuningdek, amaliyotchi-mutaxassislar jalb etilishi mumkin.
Ushbu bandda nazarda tutilgan chora-tadbirlarni moliyalashtirish qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan mablagʻlar hisobidan amalga oshiriladi.
61. TSTBdan oʻtkazayotgan davlat organlari va tashkilotlarining rahbarlari va TSTBga masʼul xodimlari amalga oshirilgan hisob-kitoblar hamda taqdim etilgan maʼlumot, hisobot va xulosalarning asoslanganligi va sifati uchun javobgar hisoblanadi.
62. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Keyingi tahrirga qarang.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 16.03.2021-y., 07/21/5025/0208-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.01.2022-y., 06/22/61/0084-son; 18.03.2022-y., 06/22/89/0227-son; 07.07.2023-y., 06/23/108/0460-son; 16.08.2024-y., 06/24/111/0623-son; 01.03.2025-y., 06/25/35/0204-son; 09.09.2025-y., 06/25/160/0812-son)