Oʻzbekicton Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2020-yil 25-avgustdagi “Koronavirus pandemiyasi davrida vujudga kelgan muammolardan kelib chiqib, ijtimoiy-iqtisodiy sohaga oid qonun hujjatlarini takomillashtirish masalalari toʻgʻrisida”gi KQ-119-IV-sonli qarorining ijro etilishi toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2020-yil 25-avgustdagi KQ-119-IV-sonli qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy-iqtisodiy sohaga oid qonun hujjatlarini takomillashtirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi (bundan buyon matnda chora-tadbirlar rejasi deb yuritiladi) ijrosini taʼminlash borasida muayyan ishlar amalga oshirilgan.
Xususan, mahalliy budjetlarni shakllantirish mexanizmlarini, xususiy bandlik agentliklari faoliyatini, aholiga ijtimoiy yordam berish sohasidagi davlat siyosatini, pensiya taʼminotiga oid qonun hujjatlarini takomillashtirish, oliy oʻquv yurtlari faoliyatiga dual taʼlim institutini joriy qilishga qaratilgan 5 ta qonun hujjati qabul qilingan.
Shuningdek, favqulodda vaziyatlarda tadbirkorlik uchun ajratilgan kreditlarni subsidiyalash va restrukturizatsiya qilish tartibini, tijorat banklari tomonidan “tayyor biznes” loyihalarini sotish amaliyotini, pandemiya sharoitida tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish, mamlakatimizda xizmat koʻrsatish sohasida innovatsion faoliyatni rivojlantirish, migratsiyaga oid normativ-huquqiy bazani takomillashtirishga qaratilgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 5 ta hujjati (4 ta farmon va 1 ta qaror) qabul qilingan.
Bundan tashqari, masʼuliyati cheklangan hamda qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyatlar faoliyatini takomillashtirish, yetim bolalar va ota-onasining yoki boshqa qonuniy vakillarining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, taʼlim sohasiga masofaviy va boshqa zamonaviy oʻqitish shakllarini joriy qilish, pandemiya sharoitida maktabgacha taʼlim tizimini rivojlantirish, aholiga koʻrsatilayotgan tibbiy-sanitariya xizmati sifatini yaxshilash, uni zamon talablariga mos tarzda rivojlantirishga qaratilgan 6 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqilgan.
Amalga oshirilgan ishlar bilan birga chora-tadbirlar rejasi ijrosini taʼminlashda ayrim kamchiliklar mavjud.
Xususan, chora-tadbirlar rejasida vazirlik va idoralarga ijtimoiy-iqtisodiy sohaga oid belgilangan 23 ta vazifadan 17 tasining ijrosi taʼminlangan. Biroq 6 ta vazifa ijrosi yuzasidan masʼul vazirlik hamda idoralar tomonidan tegishli normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinmagan.
Jumladan, moliya, bank va tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan qonun hujjatlarini takomillashtirish boʻyicha belgilangan 3 ta vazifa (2, 3 va 7-bandlar), xususan, moliya va bank xizmatlarini koʻrsatishda masofaviy xizmat turlarini rivojlantirish va ularning qonunchilik asoslarini yaratish, tovarlar sotish va xizmatlar koʻrsatishdagi fuqarolik-huquqiy munosabatlarni elektron tarzda rasmiylashtirish, elektron shartnomalar tuzish, banklar faoliyatida autsorsing tizimini joriy qilish kabi vazifalar ijrosi taʼminlanmagan.
Shuningdek, bandlik, mehnat munosabatlari va ijtimoiy taʼminotni tartibga soluvchi qonun hujjatlarini takomillashtirish bilan bogʻliq 2 ta vazifa (11 va 12-bandlar) — pandemiya sharoitida Mehnat kodeksini takomillashtirish, ayollarning mehnat huquqlari kafolatlarini taʼminlash maqsadida budjetdan tashqari korporativ ijtimoiy sugʻurta tizimini joriy etish vazifalari toʻliq amalga oshirilmagan.
Bundan tashqari, fan, taʼlim, sogʻliqni saqlash sohalarini tartibga soluvchi qonun hujjatlarini takomillashtirish bilan bogʻliq 1 ta vazifa (18-band) — Fanlar akademiyasi faoliyatining qonunchilik asoslarini kuchaytirish vazifasi yakuniga yetkazilmagan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy qonunning 16-moddasiga va “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti toʻgʻrisida”gi Qonunning 6-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2020-yil 25-avgustdagi “Koronavirus pandemiyasi davrida vujudga kelgan muammolardan kelib chiqib, ijtimoiy-iqtisodiy sohaga oid qonun hujjatlarini takomillashtirish masalalari toʻgʻrisida”gi KQ-119-IV-sonli qarori ijrosi yuzasidan Senatning Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasi raisi E. Gadoyevning axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi chora-tadbirlar rejasining ijrosini taʼminlash boʻyicha zarur choralar koʻrsin va natijasi yuzasidan oʻn kunlik muddatda Oliy Majlis Senatiga axborot taqdim etsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti chora-tadbirlar rejasi ijrosining borishi toʻgʻrisida har oyda, yakuniy maʼlumotni 2021-yil 15-iyungacha Oliy Majlis Senatiga kiritsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasi (E. Gadoyev), Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasi (Sh. Choʻlliyev), Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasi (O. Iminov) chora-tadbirlar rejasi bajarilishini qatʼiy nazorat qilsin va 2021-yil 1-iyulga qadar Senat Kengashiga axborot kiritsin.
5. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2021-yil 26-fevral,
KQ-189-IV-son