Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Sogʻliqni saqlash sohasida raqamlashtirish ishlarini samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Sogʻliqni saqlash sohasini raqamlashtirish va axborot tizimlari yagona kompleksini joriy etish, boshqaruv jarayonidagi ortiqcha tartib-tamoyillarni qisqartirish, aholiga xizmatlar koʻrsatish sifatini oshirish, tibbiyot xodimlarining ish samaradorligini taʼminlash, shuningdek, ushbu yoʻnalishda qabul qilingan raqamli transformatsiya qilish dasturlarini samarali amalga oshirish maqsadida:
1. Sogʻliqni saqlash vazirligining “Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi” davlat unitar korxonasi negizida Sogʻliqni saqlash vazirligi muassisligida “IT-Med” masʼuliyati cheklangan jamiyatini (keyingi oʻrinlarda — “IT-Med” MCHJ) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
Belgilansinki, “IT-Med” MCHJ “Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi” DUKning huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari, shu jumladan xalqaro shartnomalari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi.
2. “IT-Med” MCHJ zimmasiga quyidagi qoʻshimcha vazifalar yuklatilsin:
sogʻliqni saqlash tizimi va tashkilotlaridagi jarayonlarni optimallashtirish, ratsionallashtirish, standartlashtirish va avtomatlashtirish;
sogʻliqni saqlash sohasida axborot tizimlarini rivojlantirish uchun amalga oshiriladigan hamda xalqaro moliya tashkilotlari hisobiga moliyalashtiriladigan loyihalarning texnik-iqtisodiy parametrlari, konsepsiyalari hamda boshqa loyiha va loyihaoldi hujjatlarini ishlab chiqish;
tibbiyot va farmatsevtika sohasida axborot texnologiyasi va kommunikatsiyalari siyosati va standartlarini joriy etish;
“Elektron sogʻliqni saqlash” axborot tizimlari yagona kompleksini joriy etish va kuzatib borish, shuningdek, ularning boshqa davlat organlari axborot tizimlari bilan integratsiyasini taʼminlash;
sogʻliqni saqlash tizimida biznes jarayon va IT-reinjiniringini rivojlantirish va ushbu yoʻnalishda xalqaro tajribani amaliyotga tatbiq etish;
qoʻyilgan vazifalarni roʻyobga chiqarish maqsadida investorlar, biznes hamkorlar va autsorsing xizmatlarini jalb qilish;
tibbiyot sohasini raqamlashtirish koʻlamini kengaytirish maqsadida joriy etilayotgan axborot tizimlari va dasturiy mahsulotlarni oʻzida qamrab oluvchi sogʻliqni saqlashning axborot tizimi yagona platformasi (keyingi oʻrinlarda — Yagona platforma)ni joriy etish.
Bunda, “IT-Med” MCHJ mustaqil ravishda xoʻjalik va moliyaviy masalalarni hal qilishi inobatga olinsin.
3. Quyidagilar “IT-Med” MCHJning faoliyatini asosiy moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
yangi axborot tizimlarini joriy qilish, shuningdek, korxona, muassasa va tashkilotlarga xizmat koʻrsatishdan tushadigan mablagʻlar;
“IT-Med” MCHJning ustav jamgʻarmasiga belgilangan tartibda kiritiladigan investorlar mablagʻlari;
xalqaro moliya institutlari va tashkilotlari grantlari;
tashqi begʻaraz koʻmak mablagʻlari (grantlar, texnik koʻmaklar va boshqalar);
yuridik va jismoniy shaxslar, shu jumladan norezidentlarning xayriya mablagʻlari;
qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
Keyingi tahrirga qarang.
4. “IT-Med” MCHJga:
sogʻliqni saqlash sohasida axborot tizimlari va maʼlumotlar bazalarini yaratish, rivojlantirish, joriy qilish, kuzatish va xizmat koʻrsatish vazifalarini tegishli tashkilotlar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar asosida amalga oshirishga;
malakali mutaxassislarni jalb etgan holda sogʻliqni saqlash sohasidagi loyihalarni amalga oshirish boʻyicha shartnoma asosida moliyalashtiriladigan vaqtinchalik mehnat jamoasini shakllantirishga;
yuklangan vazifalarni amalga oshirish doirasida malakali mutaxassislarni, shu jumladan chet ellik mutaxassislarni maslahatchi sifatida toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar asosida jalb qilishga ruxsat berilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Belgilansinki:
2024-yil 1-yanvardan boshlab respublikadagi barcha tibbiyot va farmatsevtika tashkilotlari, shu jumladan dorixonalar majburiy tartibda bosqichma-bosqich Yagona platformaga ulanadi;
sogʻliqni saqlash sohasidagi axborot tizimlari, resurslari va boshqa dasturiy mahsulotlarni yaratish va joriy etish majburiy tarzda “IT-Med” MCHJ bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.
6. Sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosari A.A. Azizov:
sogʻliqni saqlash tizimiga Yagona platformani oʻz vaqtida, toʻlaqonli va sifatli joriy qilish, masʼul vazirlik, idora va tashkilotlar bilan joriy etilayotgan loyihalarni muvofiqlashtirish, amalga oshirilgan ishlar holatini baholash hamda muntazam ravishda sogʻliqni saqlash va boshqa tizimlardagi rahbar va ular oʻrinbosarlarining hisobotlarini eshitishni tashkil etsin;
Sogʻliqni saqlash vazirligi tizimining raqamlashtirilishiga investorlarni jalb qilsin;
2023-yil 1-yanvarga qadar aholi va tizim foydalanuvchilari tomonidan interaktiv tibbiy xizmatlarni olish imkonini beruvchi maxsus dastur va mobil ilovalarni ishlab chiqsin va ishga tushirsin.
Ushbu bandda nazarda tutilgan vazifalarni toʻlaqonli va samarali amalga oshirish sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosari A.A. Azizov ish faoliyati natijadorligining asosiy mezonlaridan (KPI) biri etib belgilansin.
7. IT-Med” MCHJ Toshkent shahar, Shayxontohur tumani, Navoiy koʻchasi, 4-uy manzilida tekin foydalanish huquqi asosida joylashtirilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
9. Sogʻliqni saqlash vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
10. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A. Abduvaxitov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari B.A. Musayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 23-fevral,
PQ-5000-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 23-fevraldagi PQ-5000-son qaroriga
ILOVAOʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 7-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4055-son qarorida:
a) 3-band “b” kichik bandidagi “davlat unitar korxonasi shaklida Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazini (keyingi oʻrinlarda — Markaz)” soʻzlari “IT-Med” masʼuliyati cheklangan jamiyatini” soʻzlari bilan almashtirilsin;
b) 6-band “b” kichik bandi birinchi xatboshidagi “Markazning” soʻzi “IT-Med” masʼuliyati cheklangan jamiyatining” soʻzlari bilan almashtirilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 2-oktabrdagi “Sogʻliqni saqlash sohasida davlat boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4847-son qarorida:
a) 6-band “b” kichik bandi beshinchi xatboshisidan “va raqamlashtirish” soʻzlari chiqarib tashlansin;
b) 1-ilovada:
“Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi” DUK” bloki “IT-Med” masʼuliyati cheklangan jamiyati” bloki bilan almashtirilsin;
“Sogʻliqni saqlash sohasida islohotlarni loyihalashtirish va raqamlashtirish markazi” blokidan “va raqamlashtirish” soʻzlari chiqarib tashlansin;
v) 2-ilovadagi “Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi” DUK” bloki “IT-Med” masʼuliyati cheklangan jamiyati” bloki bilan almashtirilsin.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 23.02.2021-y., 07/21/5000/0139-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2023-y., 07/23/415/0988-son)