Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
Qarori
Boyovut, Boʻston, Olot, Toʻraqoʻrgʻon, Qarshi tumanlarini va Kattaqoʻrgʻon shahrini 2020 — 2022-yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va kambagʻallikni qisqartirish chora-tadbirlari dasturlarining ijrosini oʻrganish natijalari toʻgʻrisida
Andijon viloyatining Boʻston tumani, Buxoro viloyatining Olot tumani, Namangan viloyatining Toʻraqoʻrgʻon tumani, Samarqand viloyatining Kattaqoʻrgʻon shahrini, Sirdaryo viloyatining Boyovut tumani va Qashqadaryo viloyatining Qarshi tumanini 2020 — 2022-yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va kambagʻallikni qisqartirish chora-tadbirlari dasturlarining ijrosi oʻrganib chiqildi.
Oʻrganishlar dasturlar ijrosi yuzasidan mazkur hududlarda muayyan ishlar amalga oshirilganligini koʻrsatdi. Xususan, sanoat, xizmat koʻrsatish va qishloq xoʻjaligi sohalarini rivojlantirish yoʻnalishida qariyb 737,3 mlrd. soʻmlik 248 ta investitsiya loyihasi ishga tushirilib, 2 700 dan ziyod yangi ish oʻrinlari yaratilgan.
Ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish boʻyicha belgilangan tadbirlar doirasida 6 ta maktabgacha taʼlim tashkiloti, 7 ta umumtaʼlim maktabi va 3 ta sogʻliqni saqlash muassasasi binolari rekonstruksiya qilingan va mukammal taʼmirdan chiqarilgan.
Mazkur hududlardagi 139,2 km gaz tarmoqlari, 28 ta gaz taqsimlash qurilmasi, 59 km elektr uzatish tarmoqlari taʼmirlangan va 50 ta transformator oʻrnatilgan.
Aholini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash maqsadida 2 ta suv inshooti qurilib, 479,7 km ichimlik va oqova suv tarmoqlari tortilgan.
Shuningdek, 462,8 km optik tolali aloqa liniyasi va kabellari tortilib, ijtimoiy soha muassasalarini internet tarmogʻiga ulash imkoniyati yaratilgan.
Shu bilan birga, oʻrganish jarayonida mazkur hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha dasturlarda belgilangan mablagʻlar oʻz vaqtida ajratilmaganligi sababli bir qator tadbirlarning bajarilishi taʼminlanmagan.
Xususan, 2020-yilda amalga oshirilishi belgilangan 120 oʻrinli 1 ta umumtaʼlim maktabi, jami 320 oʻrinli 2 ta maktabgacha taʼlim tashkiloti, 4 ta tibbiyot muassasasi, 1 ta sport kompleksi, 2 ta suv inshooti, 1 ta irrigatsiya va 2 ta boshqa turdagi obyektlarda qurilish-taʼmirlash ishlari respublika budjetidan mablagʻ ajratilmaganligi sababli boshlanmagan.
Sogʻliqni saqlash vazirligi masʼulligida Boyovut tuman tibbiyot birlashmasi 5 turdagi 7 dona tibbiy jihoz hamda Olot tumani qishloq vrachlik punktlari 65 dona fizioterapiya apparatlari bilan taʼminlanmagan.
Shuningdek, tegishli vazirlik va idoralar tasarrufidagi jamgʻarma mablagʻlari hisobidan amalga oshirilishi belgilangan tadbirlar ijrosi taʼminlanmasdan qolgan. Jumladan:
Boyovut va Qarshi tumanlarida 59 ta mahalla fuqarolar yigʻiniga namunali loyiha asosida yangi binolar hamda Kattaqoʻrgʻon shahar ichki ishlar boʻlimiga qarashli huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻlimi binosini qurish;
Boyovut tumani davlat soliq inspeksiyasi va tumangaz filiali maʼmuriy binolarini taʼmirlash;
Kattaqoʻrgʻon shahar kasb-hunarga oʻqitish markazi binosini rekonstruksiya qilish va jihozlash, Kattaqoʻrgʻon harbiy garnizonining sobiq “Harbiylar” madaniyat saroyini mukammal taʼmirlash ishlari bajarilmagan.
Yoʻl infratuzilmasini yaxshilash orqali jamoat transporti harakati va aholi uchun qulayligini taʼminlash yuzasidan Boyovut tumani hududidan oʻtuvchi 9 km mahalliy ahamiyatga ega avtomobil yoʻllari, Kattaqoʻrgʻon shahridagi 69,6 km va Toʻraqoʻrgʻon tumanidagi 70 km ichki yoʻllar joriy taʼmirdan chiqarilmagan.
Qarshi tumanida 9 ta transformator oʻrnatish va 27,5 km elektr uzatish tarmoqlarini qurish hamda rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshirilmagan, energetika sohasi boʻyicha belgilangan 40 ta topshiriqdan 33 tasining ijrosi taʼminlanmagan.
Aholining uy-joy sharoitlarini yaxshilash, koʻp xonadonli uy-joy fondiga tutash hududlarda bolalar va sport maydonchalari tashkil etgan holda, obodonlashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar ijrosini taʼminlashda ham kamchiliklar mavjud.
Xususan, Kattaqoʻrgʻon shahridagi 37 ta koʻp kvartirali uy-joylarni taʼmirlash ishlari uchun dasturda belgilangan manbalardan mablagʻlar yoʻnaltirilmaganligi natijasida amaliy ishlar boshlanmagan.
Qarshi tumanida koʻp kvartirali 50 dan ortiq uy-joylarning tom, fasad va kirish yoʻlaklarini taʼmirlash boʻyicha aholi mablagʻlari va tijorat banklarining kredit mablagʻlarini jalb etish yuzasidan mahalliy hokimlik tomonidan zarur chora-tadbirlar koʻrilmagan.
Aholining sogʻlom turmush tarzi boʻyicha hayotiy koʻnikmalarini shakllantirish maqsadida jismoniy tarbiya va sogʻlomlashtirish uchun shart-sharoitlar yaratish, shu jumladan yoshlarni sportga keng jalb qilish boʻyicha belgilangan topshiriqlar ijrosi yuzasidan yetarli ravishda ishlar olib borilmagan.
Jumladan, Qarshi tumanida 16 ta mahallada futbol, voleybol, badminton, koʻcha gimnastikasi kabi sport turlarining maydonchalarini, 15 ta umumtaʼlim maktabining boʻsh maydonlarida davlat-xususiy sheriklik asosida futbol va fitnes klublari tashkil etish yuzasidan tashabbuskor tadbirkorlik subyektlari roʻyxati shakllantirilmagan.
Shuningdek, Boyovut tumani bolalar va oʻsmirlar sport maktabi hududida bittadan basketbol va voleybol maydoni qurish, Toʻraqoʻrgʻon tumanida sportning kurash turi toʻgarak binosini rekonstruksiya qilish tadbirlari mahalliy budjetdan mablagʻ ajratilmaganligi sababli ijrosiz qoldirilgan.
Investitsiya loyihalarini amalga oshirish orqali yangi ish oʻrinlarini yaratish topshiriqlari ijrosi boʻyicha oʻz vaqtida koʻrilmagan chora-tadbirlar natijasida sanoat, xizmat koʻrsatish va qishloq xoʻjaligi sohalarida 35 ta loyiha ishga tushirilmagan, oqibatda bir mingga yaqin ish oʻrinlari yaratilmasdan qolgan.
Tashkil etilayotgan kichik sanoat zonasida tadbirkorlik faoliyati uchun qulay shart-sharoitlar yaratish va ishlab chiqarish obyektlarini tabiiy gaz bilan barqaror taʼminlash maqsadida Olot bojxona kompleksiga tutash hududda 2020-yil yakuniga qadar yangi bosimli gaz tarqatish punktini qurish topshirigʻi bajarilmasdan qolgan.
Oʻrganish davomida aniqlangan muammo va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan Oliy Majlis Senati ishchi guruhi tomonidan olib borilgan amaliy ishlar natijasida 1 mlrd. 572 mln. soʻmlik 17 ta tadbir ijrosi taʼminlanishiga erishildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga koʻmaklashuvchi komissiyasi raisi T. Madumarovning mazkur hududlarni 2020 — 2022-yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va kambagʻallikni qisqartirish chora-tadbirlari dasturlarining ijrosini oʻrganish natijalari toʻgʻrisidagi axborotini eshitib va muhokama qilib, bu borada olib borilayotgan ishlar samaradorligini yanada oshirish maqsadida “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy qonunning 9-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi:
1. Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash, Sogʻliqni saqlash vazirliklari va Qarshi tumani hokimligi tomonidan dasturlarda belgilangan tadbirlar ijrosini oʻz vaqtida taʼminlashga masʼuliyatsizlik bilan yondashilganligi koʻrsatib oʻtilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
dasturlardagi oʻz vaqtida bajarilmagan tadbirlarni chuqur tahlil etib, tegishli mutasaddilar masʼuliyatini oshirish choralarini koʻrsin va natijasi yuzasidan bir hafta muddatda Senatga axborot kiritsin;
2020-yilda amalga oshirilmasdan qolgan 35 ta, shu jumladan tegishli tijorat banklarining kredit mablagʻlari jalb etilmasligi sababli Olot tumanida 4 ta, Boyovut tumanida 3 ta, Qarshi tumanida 1 ta ishga tushirilmagan investitsiya loyihalarining tarmoq jadvallarini qayta koʻrib chiqqan holda, joriy yilda ishga tushirish boʻyicha zarur chora-tadbirlarni amalga oshirsin;
respublika budjetidan mablagʻ ajratilmaganligi sababli ijtimoiy infratuzilma obyektlarida qurilish-taʼmirlash va jihozlash ishlari olib borilmagan 9 ta va 2021-yilgi Investitsiya dasturiga kiritilmagan 15 ta tadbirni moliyalashtirish manbalariga aniqlik kiritib, joriy yilda ijrosini taʼminlash choralarini koʻrsin;
mazkur Qarorda belgilangan vazifalarni ijro etish va maʼlumotnomada koʻrsatilgan muammolarni bartaraf etish yuzasidan masʼul vazirlik, idora va tashkilotlar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarni muvofiqlashtirib borsin va ularning nazoratini taʼminlasin;
har chorak yakuni boʻyicha mazkur Qaror ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga tahliliy axborot taqdim etib borsin.
3. Sogʻliqni saqlash vazirligi (A. Xadjibayev), Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi (I. Norqulov), Moliya vazirligi (T. Ishmetov) Namangan viloyati hokimligi (Sh. Abdurazaqov) bilan birgalikda dastur doirasida nazarda tutilgan Toʻraqoʻrgʻon tumanidagi 2 ta mahalla fuqarolar yigʻinida qishloq oilaviy poliklinikasini rekonstruksiya qilish hamda yoʻl infratuzilmalarini qurish va taʼmirlash ishlarini investitsiya dasturlariga kiritish choralarini koʻrsin.
4. Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi (Sh. Hidoyatov), Moliya vazirligi (T. Ishmetov) Qashqadaryo viloyati hokimligi (Z. Mirzayev) bilan birga dastur doirasida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki mablagʻlari hisobidan joriy yilda amalga oshirilishi belgilangan Qarshi tumani Beshkent shahri (“Mevazor”, “Mustaqillik”, “Batosh”, “Yakkayogʻoch” va “Mirmiron” MFYlarida) oqova suv tarmogʻini qurish loyihasini oʻz vaqtida va belgilangan tartibda moliyalashtirib borilishini taʼminlasin.
5. Qashqadaryo viloyati hokimligi (Z. Mirzayev):
Moliya vazirligi (T. Ishmetov) bilan birgalikda Qarshi tumanida zamonaviy issiqxonalar tashkil etish loyihalarini moliyalashtirish manbasiga aniqlik kiritsin;
Madaniyat vazirligi (O. Nazarbekov) bilan birgalikda bir oy muddatda Madaniyat vazirligi tasarrufidagi Qarshi tumanida joylashgan “Abul Muʼyin an-Nasafiy” tarixiy majmuasini boshqarish va obodonlashtirish direksiyasini tashkil etish boʻyicha takliflar ishlab chiqsin.
6. Sogʻliqni saqlash vazirligi (A. Xadjibayev) Qashqadaryo viloyati hokimligi (Z. Mirzayev) bilan birgalikda “Raqamli Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi doirasida 2020-yilda Qarshi tumanini raqamli transformatsiya qilish boʻyicha loyihalarni amalga oshirish “Yoʻl xaritasi”dagi “MedData Stastionar” avtomatik boshqaruv tizimi hamda “Elektron poliklinika” axborot tizimi boʻyicha belgilangan loyihalarining bajarilmaslik sabablarini oʻrganib chiqib, tegishli mutasaddilar masʼuliyatini oshirgan holda qisqa muddatda ijrosini taʼminlash yuzasidan tegishli choralarni amalga oshirsin.
7. Energetika vazirligi (A. Sultanov) Andijon viloyati hokimligi (Sh. Abduraxmanov) bilan birgalikda Boʻston tumani aholisi va yuridik isteʼmolchilarning elektr taʼminotini yaxshilash maqsadida tumanga yaqin hududdan oʻtuvchi “Toʻraqoʻrgʻon” issiqlik elektr stansiyasi bilan “Yulduz” nimstansiyasini birlashtiruvchi 2 tarmoqli 220 kVt kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlarini qulay kesimiga yangi 220/110/10 kVt kuchlanishli nimstansiya qurish masalasini ikki hafta muddatda oʻrganib chiqib, tegishli chora-tadbirlarni belgilasin.
8. Moliya vazirligi (T. Ishmetov) Andijon viloyati hokimligi (Sh. Abduraxmanov) bilan birgalikda Boʻston tumani markazida “Yoshlar markazi” binosini qurish boʻyicha dasturda koʻzda tutilgan mablagʻlarni respublika budjetidan ajratish choralarini koʻrsin.
9. Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi (N. Bakirov)ga dastur doirasida Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi tizimidagi Kattaqoʻrgʻon davlat oʻrmon xoʻjaligi hududida joylashgan bolalar oromgohi binolari egallab turgan 2,5 gektar yer uchastkasini oʻrnatilgan tartibda Kattaqoʻrgʻon shahar hokimligi tasarrufiga oʻtkazish topshirigʻi asossiz ravishda kechiktirilayotganligi koʻrsatib oʻtilsin va topshirish hamda qabul qilish ishlarini ikki hafta muddatda yakuniga yetkazilishini taʼminlash vazifasi yuklatilsin.
10. Buxoro viloyati hokimligi (B. Zaripov) Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi (Q. Rafikov) bilan birgalikda bir oy muddatda Olot tumanida 120 oʻrinli bolalar oromgohini tashkil etish boʻyicha asoslangan takliflarni va chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqib Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
11. Andijon (Sh. Abduraxmanov), Buxoro (B. Zaripov), Namangan (Sh. Abdurazakov), Samarqand (E. Turdimov), Sirdaryo (Gʻ. Mirzayev), Qashqadaryo (Z. Mirzayev) viloyatlari hokimliklari dasturlar doirasida hokimliklar masʼulligida ijrosi taʼminlanmagan va joriy yilda belgilangan chora-tadbirlarni tanqidiy koʻrib chiqib, dastur ijrosi bilan bogʻliq viloyat va tuman darajasidagi masalalarni tizimli ravishda hal etish choralarini koʻrib borsin.
12. Xalq deputatlari Andijon, Buxoro, Namangan, Samarqand, Sirdaryo, Qashqadaryo viloyatlari Kengashlariga har chorakda dasturlar ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida tuman va shahar hokimlari, shuningdek mutasaddi viloyat tashkilotlari rahbarlarining hisobotlarini eshitib borish tavsiya etilsin.
13. Mazkur Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari S. Safoyev zimmasiga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2021-yil 5-fevral,
SQ-227-IV-son