Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi nomidan hal qiluv qarori
2020-yil 16-dekabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining maʼmuriy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati:
raislik qiluvchi Z. Kurbanova,
hayʼat aʼzolari Sh. Saidov va I. Alimovdan iborat tarkibda, Sh. Jabbarovning kotibligida, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi boshqarma katta prokurori Sh. Umarova, “TOGʻLAR” MChJ direktori J. Qodirov, vakili Z. Umarov (2020-yil 2-dekabrdagi 69-sonli ishonchnoma), Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi vakillari N. Kosimov, A. Amirova (2020-yil 24-noyabrdagi 04-03/20-01742-sonli ishonchnoma, J. Isomurodov (2020-yil 16-dekabrdagi 04-03/20-01905-sonli ishonchnoma), Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish boshqarmasi bosh maslahatchisi A. Berdakov ishtirokida “TOGʻLAR” MChJning Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining “Tovarning bojxona qiymatiga va (yoki) bojxona toʻlovlariga tuzatishlar kiritishni toʻldirish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomani tasdiqlash haqida” 2017-yil 8-fevraldagi 01-02/8-3-sonli qarorini (Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida 2017-yil 14-martda 2867-son bilan roʻyxatga olingan) haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi arizasi boʻyicha qoʻzgʻatilgan maʼmuriy ish hujjatlarini Oliy sud binosida ochiq sud majlisida tekshirib chiqib, quyidagilarni aniqladi:
Arizachi “TOGʻLAR” MChJ javobgarlar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi va Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga nisbatan maʼmuriy sudga ariza bilan murojaat qilib, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining “Tovarning bojxona qiymatiga va (yoki) bojxona toʻlovlariga tuzatishlar kiritishni toʻldirish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomani tasdiqlash haqida” 2017-yil 8-fevraldagi 01-02/8-3-sonli qarorini (Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida 2017-yil 14-martda 2867-son bilan roʻyxatga olingan) haqiqiy emas deb topishni soʻragan.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi vakili N. Kosimov tomonidan ariza yuzasidan bildirilgan yozma fikrda arizani qanoatlantirishni rad etish soʻralgan.
Sud majlisida “TOGʻLAR” MChJ direktori J. Qodirov, vakili Z. Umarov arizani quvvatlab, Davlat bojxona qoʻmitasining “Tovarning bojxona qiymatiga va (yoki) bojxona toʻlovlariga tuzatishlar kiritishni toʻldirish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomani tasdiqlash haqida” 2017-yil 8-fevraldagi 01-02/8-3-sonli qarori “Maʼmuriy tartib-taomillar toʻgʻrisida”gi Qonunga muvofiq emasligini bildirib, uni haqiqiy emas deb topishni soʻradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi vakillari N. Kosimov, J. Isomurodov ariza yuzasidan oʻz eʼtirozlarini bildirib, Davlat bojxona qoʻmitasining 2020-yil 2-oktabrdagi 01-02/8-50-sonli qarori bilan 2017-yil 8-fevraldagi 01-02/8-3-sonli qaror oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilib, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2020-yil 4-noyabrda 2867-1-son bilan roʻyxatga olinganligini, arizachi protsessual qonun bilan belgilangan muddatda sudga murojaat qilmasdan uzrsiz sabablarga koʻra, ariza berish muddatini oʻtkazib yuborganligini bildirib, arizani qanoatlantirishni rad etishni soʻradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish boshqarmasi bosh maslahatchisi A. Berdakov Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining “Tovarning bojxona qiymatiga va (yoki) bojxona toʻlovlariga tuzatishlar kiritishni toʻldirish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomani tasdiqlash haqida” 2017-yil 8-fevraldagi 01-02/8-3-sonli qarori “Maʼmuriy tartib-taomillar toʻgʻrisida”gi Qonundan oldin qabul qilinganligini, Qonun 2019-yil yanvardan eʼtiboran kuchga kirganligini va orqaga qaytish kuchiga ega emasligini, ushbu qarorni Qonun bilan bogʻlash kerak emasligini bayon etib, arizani qanoatlantirishni rad etishni soʻradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi boshqarma katta prokurori Sh. Umarova “TOGʻLAR” MChJning Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining “Tovarning bojxona qiymatiga va (yoki) bojxona toʻlovlariga tuzatishlar kiritishni toʻldirish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomani tasdiqlash haqida” 2017-yil 8-fevraldagi 01-02/8-3-sonli qarorini haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi arizasini asossiz boʻlganligi uchun rad qilish haqida fikr bildirdi.
Sudlov hayʼati ishda ishtirok etuvchi shaxslar vakillarining tushuntirishini, prokurorning fikrini tinglab, ariza va yozma fikrda keltirilgan vajlarni muhokama qilib, ishdagi hujjatlarni oʻrganib chiqib, quyidagi asoslarga koʻra, arizani qanoatlantirishni rad etishni lozim topadi.
Ishdagi hujjatlarga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi tomonidan 2017-yil 8-fevralda qabul qilingan “Tovarning bojxona qiymatiga va (yoki) bojxona toʻlovlariga tuzatishlar kiritishni toʻldirish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomani tasdiqlash haqida”gi 01-02/8-3-sonli qarori Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2017-yil 14-martda 2867-son bilan roʻyxatga olingan.
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2020-yil 4-noyabrda 2867-1-son bilan roʻyxatga olingan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining 2020-yil 2-oktabrdagi 01-02/8-50-sonli qarori bilan 2017-yil 8-fevraldagi 01-02/8-3-sonli qaror oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilgan.
Oʻzbekiston Respublikasining qabul qilingan 2018-yil 8-yanvardagi “Maʼmuriy tartib-taomillar toʻgʻrisida”gi OʻRQ-457-sonli Qonuni rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran oʻn ikki oy oʻtgach, yaʼni 2019-yil 9-yanvardan boshlab kuchga kirgan.
Ushbu Qonun nizolashilayotgan qarordan keyin qabul qilingan boʻlib, “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 31-moddasining birinchi qismiga muvofiq, orqaga qaytish kuchiga ega emas va amalga kiritilganidan keyin yuzaga kelgan ijtimoiy munosabatlarga nisbatan tatbiq etiladi.
Bayon etilganlarga koʻra, sudlov hayʼati arizani qanoatlantirishni rad etishni, ariza uchun toʻlangan 2 230 000 soʻm davlat boji, 17 840 soʻm pochta xarajatlarini “TOGʻLAR” MChJ zimmasida qoldirishni, ortiqcha toʻlangan 5 575 soʻm davlat bojini Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjetidan, 60 soʻm pochta xarajatlarini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudidan “TOGʻLAR” MChJga qaytarishni lozim topadi.
Binobarin, Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksining 154, 158, 182-moddalarini qoʻllab, sudlov hayʼati qaror qiladi:
“TOGʻLAR” MChJning Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining “Tovarning bojxona qiymatiga va (yoki) bojxona toʻlovlariga tuzatishlar kiritishni toʻldirish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomani tasdiqlash haqida” 2017-yil 8-fevraldagi 01-02/8-3-sonli qarorini (Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida 2017-yil 14-martda 2867-son bilan roʻyxatga olingan) haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi arizasini qanoatlantirish rad etilsin.
“TOGʻLAR” MChJga:
Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjetidan 5 575 soʻm davlat boji;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudidan 60 soʻm pochta xarajatlari qaytarilsin.
Maʼlumotnomalar berilsin.
Hal qiluv qarori qabul qilingan paytdan eʼtiboran qonuniy kuchga kiradi.
Hal qiluv qarori ustidan kassatsiya shikoyati (protesti) bir oy ichida berilishi mumkin.
Raislik qiluvchi Z. KURBANOVA
hayʼat aʼzolari Sh. SAIDOV
I. ALIMOV
Toshkent sh.,
2020-yil 18-dekabr,
3-24-2007/2-son