Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi KENGAShINING
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2020-yildagi faoliyati toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2020-yildagi faoliyati boʻyicha axborotni koʻrib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi taʼkidlaydiki, Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi doirasida davlat hokimiyati tizimida parlamentning roli oshib bormoqda, quyi palataning qonun ijodkorligi, parlament nazoratini amalga oshirish borasidagi ishlari yangicha mazmun-mohiyat kasb etmoqda hamda faoliyatiga sifat jihatidan yangi shakl va usullar joriy qilinmoqda.
Oʻtgan davrda Qonunchilik palatasining norma ijodkorligi yoʻnalishidagi faoliyat koʻlami ham, ish hajmi ham mamlakatimizda olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlarga hamohang boʻldi. Jumladan, 2020-yilda quyi palata tomonidan 149 ta qonun loyihasi koʻrib chiqilib, shundan 62 tasi alohida qonun sifatida, 49 tasi esa 10 ta qonunga birlashtirilib, jamlanma qonunlar tariqasida qabul qilindi.
Saylovchilarni bezovta qilayotgan dolzarb muammolarni hal etish, norma ijodkorligi va parlament nazorati yoʻnalishidagi faoliyatni yanada kuchaytirish, mahalliy Kengashlar ishini takomillashtirish kabi qator masalalar yechimining huquqiy asoslarini mustahkamlashga qaratilgan 12 ta qonun loyihasi deputatlar tashabbusi bilan kiritildi.
Qonunchilik tashabbusi huquqi subyektlarining qonun ijodkorligi jarayonidagi masʼuliyati oshirildi. Endilikda, qonun loyihasi birinchi oʻqishda qabul qilinayotganida, qoida tariqasida, qonunchilik tashabbusi huquqi subyekti yoki uning vakili maʼruza bilan chiqishi belgilandi. Natijada, qonun loyihasining birinchi oʻqish jarayonidagi muhokamasi tom maʼnoda jonlandi.
Oʻtgan davrda Qonunchilik palatasiga yangi vakolatlar berildi, bu vakolatlar ijro etuvchi hokimiyat organlarining faoliyati ustidan taʼsirchan parlament nazoratini oʻrnatishda, davlat va jamiyatni rivojlantirishning strategik yoʻllarini belgilashda parlamentning ishtirokini sezilarli darajada oshirdi.
Jumladan, Qonunchilik palatasi majlislarida nafaqat Hukumat aʼzolari, balki boshqa xoʻjalik boshqaruvi organlari rahbarlarining ham oʻz faoliyatiga doir masalalar yuzasidan axborotini eshitish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi.
Barqaror rivojlanish maqsadlarini qoʻllab-quvvatlash va monitoring qilishda parlament tobora muhim rol oʻynamoqda. Shundan kelib chiqib, BMT Barqaror rivojlanish maqsadlarini bajarish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan Hukumat aʼzolari va tarmoq rahbarlarining hisobotini muntazam eshitib borish tizimi joriy etildi. Xususan, Qonunchilik palatasining 9 ta qoʻmitasida mazkur yoʻnalishda amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari 19 nafar rahbarining axboroti eshitildi.
Saylovchilar tomonidan koʻtarilayotgan hayotiy dolzarb muammolar, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bilan bogʻliq qator masalalar parlament nazorati shakllaridan samarali foydalanilgan holda hal etilmoqda. Shunga koʻra hisobot davrida Qonunchilik palatasi majlisida Hukumat va xoʻjalik boshqaruvi organlari rahbarlarining oʻz faoliyatiga doir masalalar yuzasidan axboroti 19-marta eshitildi, 9-marta “hukumat soati” oʻtkazildi hamda 14 ta parlament soʻrovi va 338 ta deputat soʻrovi yuborildi.
Deputatlarning saylov okruglarida saylovchilar bilan muloqotining shakllari va usullari oʻzgartirildi. Pandemiya sharoitida ham deputatlarning oʻz saylov okrugiga chiqib, aholi va saylovchilarni tashvishga solayotgan muammolarni tizimli ravishda oʻrganib borish amaliyoti davom ettirildi.
Deputatlarning hududlarda olib boradigan ishlarining salmogʻi oshdi. Uzoq yillar davomida oʻz yechimini topmay kelayotgan koʻplab masalalar barcha darajadagi deputatlarning birgalikdagi saʼy-harakatlari bilan hal etildi.
Qonunchilik palatasi va uning qoʻmitalari bilan mahalliy Kengashlar oʻrtasida yaqindan hamkorlik tizimli mustahkamlanmoqda. Respublika miqyosidagi va hududlarni rivojlantirish bilan bogʻliq muhim masalalar, muayyan hududda fuqarolar tomonidan koʻtarilayotgan muammolar birgalikda muhokama qilinmoqda.
Dolzarb masalalar yuzasidan parlament aʼzolari hududlarga chiqib, oʻrganishlar oʻtkazmoqda. Oʻtgan davrda hududlarda 14-marta shunday oʻrganishlar oʻtkazildi.
Jumladan, hududlarda birlamchi tibbiy-sanitariya yordami koʻrsatish, taʼlim-tarbiya tizimini takomillashtirish, odil sudlovni taʼminlash, korrupsiyaga qarshi kurashish, shaxsiy tomorqalardan samarali foydalanish, “Temir daftar”ga kiritilgan aholini qoʻllab-quvvatlash, “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari” asosida ishsiz yoshlar hamda xotin-qizlar bandligini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarning holati deputatlar tomonidan atroflicha oʻrganildi. Ushbu oʻrganish yakunlari deputatlar koʻmagida mahalliy Kengashlar sessiyalarida keng jamoatchilik vakillari ishtirokida muhokama qilindi.
Xalqaro aloqalar va parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish borasida ham muayyan ishlar amalga oshirildi. Jumladan, xorijiy mamlakatlar bilan munosabatlarni rivojlantirishda parlamentning rolini yanada kuchaytirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasining parlament diplomatiyasi konsepsiyasi ishlab chiqilib tasdiqlandi. Parlamentlararo hamkorlik guruhlari tomonidan ikki tomonlama amaliy muloqotlar davom ettirildi.
Shu bilan birga, Qonunchilik palatasining oʻtgan davrdagi faoliyati tahlili bu borada hali oʻz yechimini kutayotgan qator masalalar mavjudligini koʻrsatmoqda.
Xususan, oʻtgan davrda qonun loyihalarining muhokamasi boʻyicha fraksiyalararo bahs-munozaralar, tortishuvlar qizgʻin oʻtgan boʻlsa-da, parlamentdagi koʻpchilik va parlamentdagi muxolifat shakllanmadi.
Hali ham qonunlarning ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishdagi salmogʻi yetarli darajada emas. Ushbu munosabatlar asosan qonunosti hujjatlari bilan tartibga solinmoqda.
Deputatlar qonunchilik tashabbusi huquqidan yetarli darajada foydalana olmadi. Agar 2017-yilda deputatlar tomonidan 27 ta qonun loyihasi qonunchilik tashabbusi huquqi asosida quyi palata muhokamasiga kiritilgan boʻlsa, 2020-yilda bu koʻrsatkich 12 tani tashkil etdi.
Qonun loyihalarining keng jamoatchilik bilan muhokamasi samaradorligini oshirish borasidagi ishlar lozim darajada tashkil qilinmadi. Jumladan, oʻtgan davrda Qonunchilik palatasining rasmiy veb-saytiga atigi 2 ta qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtirildi.
Parlament nazoratining barcha shakllaridan hamma vaqt ham birdek samarali foydalanilmadi. Xususan, baʼzi qoʻmitalar parlament soʻrovi, tegishli davlat idoralari rahbarlari axborotlarini eshitish kabi vakolatlarga yetarli darajada eʼtibor qaratmadi.
Qonunchilik palatasi qoʻmitalari tomonidan qonun loyihalarini ishlab chiqish va nazorat tadbirlarini oʻtkazish chogʻida, aksariyat hollarda, mazkur tadbirlarga ekspertlar guruhlari yetarli darajada jalb qilinmadi, bu jarayonlarda ekspertlar guruhlarining oʻrni sezilmadi.
Fuqarolar murojaatlarida koʻtarilgan masalalarni hal etish oʻz vakolatiga kiradigan boshqa davlat organlariga Qonunchilik palatasi tomonidan tegishliligiga koʻra yuborilgan murojaatlarning koʻrib chiqilishi ustidan nazoratni amalga oshirish ishlari yetarli darajada tashkil etilmadi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2020-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi axborot maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2020-yildagi faoliyati Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyevning Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2020-yil 20-yanvardagi birinchi yigʻilishida, parlament palatalarining 21-yanvardagi qoʻshma majlisida qilgan nutqlarida, shuningdek 24-yanvarda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga yoʻllagan Murojaatnomasida belgilangan ustuvor vazifalar va yoʻnalishlardan kelib chiqib, amalga oshirilganligi qayd etib oʻtilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalari tomonidan quyi palata muhokamasiga kiritilayotgan har bir masala chuqur tahlil qilinganligi va ular elektorat manfaatlaridan kelib chiqib, oʻz munosabatlari qatʼiy bildirilganligi eʼtiborga olinsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalariga:
qonun loyihalarini muhokama qilishda ekspertlarni jalb etib, muhokamalarni oʻtkazib borish;
mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga daxldor va partiya elektorati tomonidan koʻtarilayotgan dolzarb muammolarni chuqur tahlil qilgan holda yanada tashabbuskor boʻlish hamda muayyan yoʻnalishni tubdan takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihalarini qonunchilik tashabbusi huquqidan foydalanib, quyi palata muhokamasiga kiritish;
fraksiyaning 2021-yildagi faoliyat yoʻnalishlari boʻyicha ish rejasini ishlab chiqish tavsiya etilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining qoʻmitalari tomonidan qonun loyihalari keng jamoatchilik fikrlari asosida takomillashtirilganligi, qonun hujjatlarining ijro etilish holati hududlarga chiqqan holda oʻrganilganligi, mahalliy Kengashlar bilan birgalikda qoʻshma majlislar oʻtkazilganligi qayd etib oʻtilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining qoʻmitalari:
qonun loyihalarini ishlab chiqishning barcha bosqichida, shuningdek jamiyat hayotidagi dolzarb masalalarni hal etishga qaratilgan har bir nazorat tadbirini oʻtkazish chogʻida mazkur tadbirlarga ekspert guruhlarini faol jalb etsin va ularning imkoniyatlaridan keng foydalansin;
qonun loyihalari muhokamasida jamoatchilik, saylovchilarning keng ishtirokini taʼminlasin;
qonun tashabbuskorligi, parlament nazorati faoliyatini yanada jadallashtirish choralarini koʻrsin;
Qonunchilik palatasi va qoʻmitalar qarorlarining taʼsirchanligi hamda samaradorligini taʼminlash maqsadida ularning ijrosini monitoring qilishga doir tadbirlarni kuchaytirsin, shu jumladan har bir qarorning ijrosini monitoring qilib borishda tegishli qoʻmita aʼzolari orasida masʼullar belgilanishini hamda ular tomonidan zarur choralar koʻrib borilishini yoʻlga qoʻysin;
nazorat-tahlil tadbirlari yakunlariga bagʻishlangan qoʻmita majlislarini hududlarning oʻzida oʻtkazish choralarini koʻrsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari saylovchilarni bezovta qilayotgan dolzarb masalalar boʻyicha jamoatchilik bilan olib borilayotgan faol muloqotning tashabbuskori boʻlganligi, axborot maydonida deputatlar faoliyati sezilarli darajada faollashganligi, aholini mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati va ahamiyati toʻgʻrisida xabardor etishda ularning roli oshganligi taʼkidlansin.
8. Ushbu Qaror tasdiqlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining majlisiga kiritilsin.
9. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2021-yil 7-yanvar,
683-IV-son