Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining Oʻzbekiston Respublikasi prokuratura organlarining 2011-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisoboti haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori R. Qodirovning Oʻzbekiston Respublikasi prokuratura organlarining 2011-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisobotini tinglab va muhokama qilib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati shuni qayd etadiki, prokuratura organlari tomonidan hisobot davrida qonun ustuvorligini taʼminlash, qonuniylikni mustahkamlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini, jamiyat va davlat manfaatlarini himoya qilish, huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktikasi yuzasidan muayyan ishlar amalga oshirilgan.
Asosiy eʼtibor prokuratura organlarining Davlat rahbari I.A. Karimov tomonidan taqdim etilgan Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi talablaridan, shuningdek mamlakat Prezidenti farmonlari va qarorlari, Hukumat qarorlari, Senat tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining Oʻzbekiston Respublikasi prokuratura organlarining 2010-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisoboti yuzasidan qabul qilingan Qaror talablaridan kelib chiqadigan vazifalarni amalga oshirishga qaratilgan.
Prokuratura organlari oldiga qoʻyilgan vazifalarni bajarish borasida qonunlarning ijro etilishi yuzasidan 26773 ta tekshirish oʻtkazilib, ularning natijalari boʻyicha deyarli 320 mingta prokuror nazorati hujjati qoʻllanilgan, 55 ming nafardan ortiq fuqaroning buzilgan huquqlari qayta tiklangan.
Protestlar keltirish vositasida 28311 ta noqonuniy huquqiy hujjat qonunga muvofiq holga keltirilgan, 37070 ta taqdimnoma bilan aniqlangan qonunni buzish hollarini bartaraf etish boʻyicha choralar koʻrilgan, qonunni buzishlarning oldini olish maqsadida 94798 nafar mansabdor shaxs ogohlantirilgan, 133224 nafar shaxsning intizomiy, maʼmuriy va moddiy javobgarlikka tortilishi taʼminlangan. Sudlarga 396 milliard soʻmlik zararni undirish haqida 74874 ta daʼvo arizasi yuborilgan. Qonunlarni qoʻpol ravishda buzish hollari boʻyicha 6114 ta jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Prokuror tekshirishlari natijasida va jinoyat ishlari boʻyicha tergov jarayonida undirilgan zarar summasi 587 milliard soʻmni tashkil qilgan.
Fuqarolarning huquq va erkinliklarini, jamiyat va davlat manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan tadbirlarning samaradorligini oshirish yoʻli bilan aholini ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirish, uning salomatligini muhofaza qilish va bandligini taʼminlash toʻgʻrisidagi qonunlar ijro etilishi ustidan doimiy prokuror nazorati amalga oshirilgan.
Inqirozga qarshi choralarning 2009 — 2012-yillarga moʻljallangan dasturini bajarish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, bu sohada qabul qilingan Davlat dasturini roʻyobga chiqarishda qonuniylikni taʼminlash, iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirishga, toʻlov va shartnoma intizomini mustahkamlashga, investitsiyalarni keng jalb etishga hamda investorlar uchun qulay sharoitlar yaratishga, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan qonun hujjatlari talablariga rioya etilishiga doir, shuningdek boshqa muhim sohalardagi qonunlarni ijro etish yuzasidan choralar koʻrilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari tomonidan tasdiqlangan 2011-yilda ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturi tarmoqlarda hamda mintaqalar boʻyicha ijro etilishi yuzasidan prokuror nazorati tadbirlari muntazam amalga oshirilgan.
Jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi va uning salbiy oqibatlari taʼsirining oldini olish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari ijro etilishini nazorat qilish vaqtida banklar va bank faoliyati, shartnoma va toʻlov intizomini mustahkamlash, yoqilgʻi-energetika resurslaridan oqilona foydalanish, investitsiyalarni keng jalb etish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarining talablari bajarilishi ustidan nazoratni kuchaytirish boʻyicha zarur chora-tadbirlar koʻrilgan.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish toʻgʻrisidagi qonunlarning, ayniqsa Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirishga qaratilgan farmonlari va qarorlarining, shuningdek bu sohadagi Davlat dasturining ijrosini taʼminlashga alohida eʼtibor berilgan. 2011-yilda ushbu masala yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining buyrugʻi qabul qilingan va ijroga qaratilgan. Prokuratura organlari tomonidan bu sohadagi qonun buzilishlarini bartaraf etish boʻyicha 5 mingdan ortiq prokuror nazorati hujjati qoʻllanilgan, tadbirkorlik subyektlari manfaatlarini koʻzlab xoʻjalik sudlariga 10,8 milliard soʻm undirish toʻgʻrisida 1007 ta ariza kiritilgan.
Qonunni qoʻpol ravishda buzish hollari boʻyicha 144 ta jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Prokuror nazorati hujjatlarini qoʻllash yoʻli bilan 1639 ta tadbirkorlik subyektining buzilgan huquqlari va qonuniy manfaatlari qayta tiklangan, 3070 nafar tadbirkorning muammosi qonun doirasida hal qilingan.
Qishloq joylarda namunaviy loyihalar asosida uy-joylar qurish va tegishli infratuzilmani rivojlantirish, ushbu maqsadlar uchun ajratilgan mablagʻlardan maqsadli foydalanilishini hamda ular talon-toroj qilinishining oldi olinishini taʼminlash ustidan doimiy prokuror nazorati amalga oshirilgan.
Qishloq xoʻjaligida islohotlarni chuqurlashtirishga, ayniqsa fermer xoʻjaliklarini rivojlantirish, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va ularga amaliy yordam koʻrsatishga doir qonunlar ijro etilishi ustidan prokuror nazoratini amalga oshirish prokuratura organlarining eʼtibor markazida turgan.
Voyaga yetmaganlar toʻgʻrisidagi qonunlarning ijro etilishini nazorat qilish va bu sohada qonuniylikni mustahkamlash ishlari voyaga yetmaganlar ishlari boʻyicha komissiyalar bilan oʻzaro hamkorlikda olib borilgan. Oʻtkazilgan tekshirishlarning natijalari boʻyicha 36 mingga yaqin prokuror nazorati hujjati qoʻllanilgan, xizmat vazifalarini tegishli tarzda ijro etmagan 31 ming nafar mansabdor shaxs intizomiy, maʼmuriy va moddiy javobgarlikka tortilgan, 494 million soʻmdan ziyod zarar ixtiyoriy qoplangan. Qonunni qoʻpol ravishda buzish hollari boʻyicha 788 ta jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Vakolatli organlar, ayniqsa voyaga yetmaganlar ishlari boʻyicha komissiyalar, ichki ishlar va taʼlim organlari tizimi tomonidan voyaga yetmaganlar oʻrtasida nazoratsizlikni va huquqbuzarliklarni profilaktika qilish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari ijro etilishi ustidan ham nazorat tadbirlari oʻtkazilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti va uning boʻlinmalari ishini yaxshilash, ular tomonidan tezkor imkoniyatlardan foydalanish, “yashirin” iqtisodiyotga qarshi kurashish boʻyicha faoliyatni kuchaytirish chora-tadbirlari koʻrilgan. Ushbu yoʻnalishda oʻtkazilgan tadbirlar natijasida 4367 ta jinoyat ishi hamda 651 ta maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatilgan. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetiga qoʻshimcha ravishda 299 milliard soʻm miqdorida soliq va jarimalar hisoblangan, 107 milliard soʻmning oʻrni qoplangan.
Tezkor qidiruv faoliyatini, surishtiruv va dastlabki tergovni amalga oshiruvchi organlarning jinoyatchilikka qarshi kurash hamda uning oldini olish borasidagi faoliyatini muvofiqlashtirishga, ular oʻrtasida oʻzaro hamkorlikni taʼminlash boʻyicha ishni takomillashtirishga, bu yoʻnalishda jamoatchilik imkoniyatlaridan foydalanish samaradorligini oshirishga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar koʻrilgan.
Ushbu tadbirlar qasddan odam oʻldirishlar, bezoriliklar, firibgarliklar sodir etish, oʻqotar quroldan foydalangan holda, bir guruh shaxslar, muqaddam sudlangan va mast holatdagi shaxslar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar soni qisqarishiga, shuningdek ogʻir va oʻta ogʻir jinoyatlar sodir etish hamda tovlamachiliklar sonining kamayishini taʼminlashga yordam bergan.
Mansabdor shaxslar tomonidan sodir etilayotgan turli jinoyatlarni va korrupsiya hollarini fosh etishga alohida eʼtibor berilgan. 2011-yilda 9090 nafar masʼul mansabdor shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan.
Jinoyat, fuqarolik va xoʻjalik sudlarida 400 mingdan ortiq ishni koʻrish vaqtida prokuror ishtirokining samaradorligini va sifatini yanada oshirish choralari koʻrilgan.
Fuqarolarning murojaatlari oʻz vaqtida koʻrib chiqilishini va hal etilishini taʼminlash boʻyicha muayyan ish qilingan. Prokuratura organlariga kelib tushgan murojaatlarning 52340 tasi bevosita prokuratura xodimlari tomonidan tekshirilgan va hal qilingan. Bundan tashqari prokuratura organlari tomonidan 100534 nafar fuqaro qabul qilingan va ularning buzilgan huquqlarini tiklash choralari koʻrilgan.
Aholi oʻrtasida huquqiy targʻibotni amalga oshirishga alohida eʼtibor berilgan. Qonunlarni tushuntirish, jinoyatlar va huquqbuzarliklarning oldini olish hamda ularni profilaktika qilish maqsadida huquqiy targʻibot boʻyicha 123880 ta tadbir oʻtkazilgan. Ommaviy axborot vositalarida 22433 ta chiqish amalga oshirilgan.
Qonunchilik tashabbusi huquqiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga uchta qonun loyihasi kiritilgan.
Prokuratura organlarida kadrlarni tanlash, tayinlash, tarbiyalash, shuningdek kasbiy mahorati hamda malakasini oshirish boʻyicha ishlar xodimlar masʼuliyatini yanada oshirish yuzasidan qoʻyilgan talablar asosida olib borilgan.
Shu bilan birga, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori hisobotining tahlili prokuratura organlari faoliyatida ayrim kamchiliklar mavjudligidan dalolat beradi.
Mamlakatda qonuniylikning holati uni mustahkamlashga, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilishga, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish hamda ularni profilaktika qilishga qaratilgan yanada samarali choralarni koʻrishni talab qiladi.
Aholini ijtimoiy himoya qilish va bandligini taʼminlash, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisidagi qonunlar ijro etilishi ustidan nazoratni yanada kuchaytirish, shuningdek bu sohada vakolatli organlar tomonidan yoʻl qoʻyilayotgan qonunni buzish hollarini bartaraf etish boʻyicha choralar koʻrish zarur.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari tomonidan qabul qilingan 2012-yilda ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturi masʼul organlar tomonidan hamda mintaqalar boʻyicha ijro etilishi ustidan aniq maqsadli nazoratni amalga oshirish, shuningdek unda nazarda tutilgan koʻrsatkichlarni bajarish vaqtida beparvolikka yoʻl qoʻygan mansabdor shaxslarga nisbatan qonun bilan belgilab qoʻyilgan choralarni qoʻllash kerak.
Bundan tashqari, 2012-yil “Mustahkam oila yili” deb eʼlon qilinganligi munosabati bilan oilalarni, ayniqsa yosh oilalarni moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlashga, ularning jamiyatdagi rolini yanada oshirishga qaratilgan tadbirlar amalga oshirilishi ustidan nazoratni kuchaytirish zarur.
Qishloq joylarda uy-joylar, muhandislik, transport-kommunikatsiya tarmoqlari va infratuzilma obyektlarini qurish, shuningdek mazkur tarmoqni rivojlantirish sohasidagi qonun hujjatlarining ijro etilishi ustidan doimiy nazorat amalga oshirilishi kerak.
Iqtisodiy islohotlarni jadallashtirish, ishlab chiqarishni toʻxtovsiz rivojlantirish, investitsiyalar keng jalb etilishini qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish, investitsiya loyihalarini amalga oshirish, soliq va shartnoma intizomiga rioya etish toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari ijro etilishi ustidan yanada taʼsirchan nazorat oʻrnatish zarur.
Voyaga yetmaganlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ular oʻrtasida nazoratsizlik va qarovsizlikning oldini olish, umumtaʼlim maktablarining toʻqqizinchi sinflarini bitiruvchilarni taʼlimning navbatdagi bosqichiga toʻliq jalb etish, shuningdek kollejlar va litseylarni bitiruvchilarni ishga joylashtirish sohasidagi qonunlar ijro etilishiga alohida eʼtibor berish kerak.
Huquqni muhofaza qiluvchi va boshqa vakolatli organlar bilan birgalikda jinoyatchilikning oldini olish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish, jamoatchilikni keng jalb etish, bunda Respublika “Mahalla” xayriya jamgʻarmasi, Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va Oʻzbekiston Respublikasi “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining imkoniyatlaridan samarali foydalanish talab qilinadi.
Yuqorida bayon etilganlarga asoslanib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori R. Qodirovning Oʻzbekiston Respublikasi prokuratura organlarining 2011-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisoboti tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori (R. Qodirov):
fuqarolarning huquq va erkinliklarini, jamiyat va davlat manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan tadbirlarni faollashtirsin, bunda fuqarolarni ijtimoiy himoya qilish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisidagi qonunlar ijro etilishi ustidan prokuror nazoratini taʼminlashga asosiy eʼtiborni qaratsin;
aholi bandligini taʼminlash va yangi ish oʻrinlari tashkil etish muammosini hal qilish ijtimoiy sohaning asosiy vazifalaridan biri deb hisoblab, ushbu masala boʻyicha qonunlar ijro etilishi ustidan prokuror nazoratini kuchaytirsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari tomonidan qabul qilingan 2012-yilda ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturi masʼul organlar tomonidan va mintaqalar boʻyicha ijro etilishi ustidan prokuror nazoratini kuchaytirsin;
umumtaʼlim maktablarining toʻqqizinchi sinflarini bitiruvchilar taʼlimning navbatdagi bosqichiga toʻliq jalb etilishi, shuningdek kollejlar va litseylarning bitiruvchilari ishga joylashtirilishi ustidan prokuror nazoratini kuchaytirsin;
voyaga yetmaganlar nazoratsizligi va qarovsizligining oldini olish boʻyicha, shuningdek voyaga yetmaganlar oʻrtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshiruvchi organlar faoliyati ustidan prokuror nazoratining taʼsirchanligini kuchaytirsin;
2012-yil “Mustahkam oila yili” deb eʼlon qilinganligi munosabati bilan oilalarni, ayniqsa yosh oilalarni moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash, ularning jamiyatdagi rolini yanada oshirish boʻyicha chora-tadbirlar roʻyobga chiqarilishi ustidan taʼsirchan prokuror nazorati amalga oshirilishiga alohida eʼtibor bersin;
qishloq joylarda uy-joylar qurish va ushbu tarmoqni rivojlantirish sohasidagi qonunlar, shuningdek ajratilgan pul mablagʻlari maqsadli sarflanishi ustidan prokuror nazoratini yaxshilash boʻyicha qatʼiy choralar koʻrsin;
huquqni muhofaza qiluvchi va boshqa vakolatli organlar bilan birgalikda jinoyatchilikning oldini olish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar oʻtkazilishini taʼminlasin, jamoatchilikni keng jalb etsin, bunda Respublika “Mahalla” xayriya jamgʻarmasi, Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va Oʻzbekiston Respublikasi “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining imkoniyatlaridan samarali foydalansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori (R. Qodirov) ushbu Qarorni ijro etishning borishi toʻgʻrisida 2013-yilning 10-fevraliga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga axborot taqdim etsin.
4. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Qonunchilik va sud-huquq masalalari qoʻmitasi (S. Artikova) zimmasiga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi I. SOBIROV
Toshkent sh.,
2012-yil 24-mart,
SQ-303-II-son