Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasining 2012-yilgi Davlat budjeti toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2011-yil 31-oktabrda taqdim etilgan Oʻzbekiston Respublikasining 2012-yilgi Davlat budjetini koʻrib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasining 2012-yilgi makroiqtisodiy koʻrsatkichlari, soliq va budjet siyosatining asosiy yoʻnalishlari hamda Davlat budjeti parametrlari qabul qilinsin, shuningdek Davlat budjeti taqchilligining eng yuqori darajasi yalpi ichki mahsulot hajmiga nisbatan 1,0 foiz miqdorida belgilansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati:
makroiqtisodiy va moliyaviy barqarorlikni taʼminlashga, aholining daromadlari darajasini va turmush farovonligini oshirishga hamda inflyatsiya darajasini maqsadli prognoz koʻrsatkichlar doirasida saqlashga qaratilgan demokratik bozor islohotlarini va iqtisodiyotni liberallashtirishni yanada chuqurlashtirishni davom ettirsin;
iqtisodiyot hamda aholi daromadlariga tushayotgan soliq yukini yanada kamaytirish, soliqqa tortish tizimini soddalashtirish, soliq maʼmuriyatchiligini takomillashtirish, yangi korxonalar barpo etish va ishlab chiqarish hajmini oshirish hisobiga soliq bazasini koʻpaytirish boʻyicha chora-tadbirlarni koʻrsin. Ushbu chora-tadbirlarning amalga oshirilishi investitsiya muhitini yaxshilashga, iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirish va ish oʻrinlari tashkil etilishini ragʻbatlantirishga yordam beradi;
aholi turmush farovonligini oshirishga ijobiy taʼsir koʻrsatadigan davlat xarajatlarining, shu jumladan taʼlimni rivojlantirishga, tibbiy xizmatlar sifatini yaxshilashga, ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish xarajatlarining ustuvorligini taʼminlasin;
jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi salbiy oqibatlarining oldini olish va bartaraf etish boʻyicha mamlakatda qabul qilingan, iqtisodiy oʻsishning uzoq muddatli barqaror surʼatlariga hamda iqtisodiyotning muvozanatli rivojlanishiga erishishni nazarda tutadigan Inqirozga qarshi choralarning 2009 — 2012-yillarga moʻljallangan dasturi bundan buyon ham amalga oshirilishini taʼminlasin;
mamlakatda ishlab chiqarilayotgan tovarlar va koʻrsatilayotgan xizmatlarning ichki hamda tashqi bozorlarda raqobatbardoshligini taʼminlash maqsadida investitsiya va innovatsiya jarayonlarini ragʻbatlantirish orqali iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlarida ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik jihatdan yangilashni jadallashtirishga yoʻnaltirilgan tarkibiy oʻzgartirishlar hamda iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish dasturlarini amalga oshirishni davom ettirsin;
ishlab chiqarish va bozor infratuzilmasini yanada rivojlantirish, shuningdek mamlakatni modernizatsiya qilish, bandlikni taʼminlash va aholi turmush sifatini oshirishning eng muhim omili sifatida xizmat koʻrsatish sohasini, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni jadal rivojlantirish yuzasidan chora-tadbirlarni amalga oshirishni davom ettirsin;
2008 — 2012-yillar davrida sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash davlat dasturini amalga oshirishni davom ettirsin;
mahalliy budjetlarning daromad bazasini yanada mustahkamlash va budjetlararo munosabatlarni takomillashtirish boʻyicha chora-tadbirlar koʻrsin;
budjet va budjetdan tashqari mablagʻlardan maqsadli, manzilli va samarali foydalanilishi ustidan qatʼiy nazoratni taʼminlash, davlat xaridlari jarayonini tartibga soladigan, davlat xaridlarini joylashtirishda oshkoralikni, ochiq-oydinlikni taʼminlashga hamda raqobat muhitini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish, shuningdek budjetdan ajratilgan mablagʻlardan foydalanish samaradorligini oshirish imkonini beruvchi moliyalashtirishning normativ usullarini joriy etishni kengaytirish hisobiga xarajatlarni maqbullashtirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining gʻazna ijrosi tizimini takomillashtirish boʻyicha ishni davom ettirsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti taqchilligini 2012-yil 1-yanvar holatiga koʻra respublika budjetining zaruriy aylanma kassa naqd mablagʻlari hajmidan ortiqcha erkin qoldiqlari va boshqa noinflyatsiyaviy manbalar hisobidan moliyalashtirsin;
soliq-budjet qonunchiligidagi oʻzgarishlar toʻgʻrisida muntazam ravishda tushuntirish ishlarini olib borsin, bu oʻzgarishlarni barcha soliq toʻlovchilar va budjetdan mablagʻ oluvchilar eʼtiboriga yetkazsin.
3. Mahalliy davlat hokimiyati organlari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti daromadlari va xarajatlarining tasdiqlangan parametrlari bajarilishini taʼminlasin, mintaqalarning soliq bazasini kengaytirish va iqtisodiy salohiyatini oshirish yuzasidan zarur chora-tadbirlarni koʻrsin, budjet mablagʻlaridan maqsadli hamda samarali foydalanilishi ustidan qattiq va taʼsirchan nazorat oʻrnatsin.
4. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi I. SOBIROV
Toshkent sh.,
2011-yil 5-dekabr,
255-II-son