Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 25 yilligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining oʻtgan davrdagi faoliyati yakunlariga hamda kelgusi yillardagi ustuvor vazifalarga bagʻishlangan maʼruza toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 25 yilligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining oʻtgan davrdagi faoliyati yakunlariga hamda kelgusi yillardagi ustuvor vazifalarga bagʻishlangan maʼruzani tinglab, Oliy Majlis Senati qayd etadiki, istiqlolning dastlabki yillarida davlat rahbari tomonidan ishlab chiqilgan va dunyo miqyosida “oʻzbek modeli” sifatida eʼtirof etilgan Oʻzbekiston taraqqiyot yoʻlining hech qanday muqobili yoʻqligini mustaqillikning oʻtgan chorak asrlik davri ochiq-oydin koʻrsatib berdi.
Shu davrda mamlakatda 1992-yil 8-dekabrda qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida belgilangan ustuvor qoidalarni hayotga toʻliq tatbiq etish maqadida davlat hokimiyati va boshqaruvini yanada demokratlashtirish va erkinlashtirish, sud-huquq tizimini isloh etish, fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish, demokratik bozor islohotlarini va iqtisodiyotni liberallashtirishni yanada chuqurlashtirish borasida keng koʻlamli islohotlar amalga oshirildi va tom maʼnodagi tarixiy yutuqlar qoʻlga kiritildi.
Mustaqillik yillarida iqtisodiyotimiz qariyb 6 barobar, aholi jon boshiga toʻgʻri keladigan real daromadlar 12 barobardan ziyod oʻsdi. Keyingi 11 yilda yalpi ichki mahsulotning oʻsish surʼatlari barqaror ravishda 8 foizdan yuqori boʻlib qolmoqda. Davlatning tashqi qarzi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 18,5 foizdan oshmayapti.
Aholi turmush darajasining oʻsishi, hayoti sifatining yaxshilanishi, sogʻliqni saqlash tizimining tubdan isloh etilishi natijasida odamlarning oʻrtacha umr koʻrish darajasi 67 yoshdan 73 yoshga, ayollar oʻrtasida esa 75 yoshga yetdi, onalar va bolalar oʻlimi keskin kamaydi.
Mustaqillikning ilk kunlaridan boshlab demokratik huquqiy davlat va erkin fuqarolik jamiyati tamoyillariga mos boʻlgan parlamentni shakllantirishga ham alohida eʼtibor qaratildi.
2005-yildan boshlab ikki palatali parlamentning faoliyat yuritishi davlat hokimiyatlari oʻrtasida oʻzaro bir-birini tiyib turish va manfaatlar muvozanatini saqlashning samarali tizimini yaratish, umumdavlat va mintaqalar manfaatlari mutanosibligini taʼminlash, davlat va jamiyat qurilishida fuqarolik jamiyati institutlari ishtirokining koʻlamini kengaytirish imkonini berdi.
2010-yilning noyabr oyida qabul qilingan Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi nafaqat parlament faoliyati rivojida, balki jamiyat taraqqiyotida ham yangi bosqichni boshlab berdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Senatning 2015-yil 22-yanvardagi majlisidagi nutqi, parlament palatalarining 23-yanvardagi qoʻshma majlisidagi, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 23 yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi maʼruzalarida belgilab berilgan ustuvor vazifalar yangi tarkibdagi Senat faoliyatida dasturilamal boʻlib xizmat qilmoqda.
Mazkur vazifalardan kelib chiqib, Senatning qonun ijodkorligi, huquqni qoʻllash amaliyoti samaradorligini oshirish, shuningdek qonunlarning ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy, sud-huquq islohotlarini chuqurlashtirishga taʼsirini kuchaytirish borasidagi faoliyatini tubdan yaxshilash choralari koʻrildi.
Qabul qilinayotgan qonunlar va qarorlar mazmun-mohiyatini keng aholi eʼtiboriga, ayniqsa, ijrochilarga yetkazish masalasiga eʼtibor kuchaytirildi.
Parlament nazorati samaradorligini oshirish Senat faoliyatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida belgilab olindi. Qonunlarning toʻliq ishlashini taʼminlaydigan tegishli qonunosti hujjatlari ishlab chiqilishi ustidan monitoring olib borishga eʼtibor kuchaydi.
Yuridik va jismoniy shaxslarning murojaatlarida koʻtarilgan masalalarni hal etishga vakolat doirasida koʻmaklashish Senat qoʻmitalari va senatorlarning kundalik ishiga aylandi. Bunda parlament soʻrovi va senator soʻrovi imkoniyatlaridan foydalanishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Senatning mahalliy Kengashlar bilan oʻzaro hamkorligining tashkiliy-huquqiy mexanizmlari takomillashtirildi. Natijada Senatning mahalliy Kengashlar bilan hamkorligi kuchaydi. Senat qoʻmitalari va komissiyalarining deyarli barcha yoʻnalishlardagi faoliyatiga mahalliy Kengashlar deputatlarining faol jalb etilayotgani dolzarb hududiy masalalarni aniqlash va ularning yechimi yuzasidan asosli qarorlar qabul qilishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Umuman olganda, mustaqillik yillarida parlamentimiz tomonidan 16 ta kodeks va 800 dan ortiq qonun qabul qilingani, shu jumladan 2005-yil va 2016-yilning oʻtgan davri mobaynida Senatning yalpi majlislarida 900 dan ortiq masala, xususan 410 dan ortiq qonunning koʻrib chiqilgani parlament ishi koʻlamdorligini aks ettiruvchi muhim jihatlardan biridir.
Shu bilan birga, tahlillar Senat faoliyatida oʻz yechimini kutayotgan masalalar va toʻliq foydalanilmagan imkoniyatlar mavjudligini koʻrsatmoqda.
Senatning Harakat dasturida belgilangan chora-tadbirlar oʻz vaqtida va sifatli ijro etilishini taʼminlash kelgusida ham ustuvor vazifalardan biri boʻlib qoladi.
“Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Qonunda belgilangan parlament nazorati shakllaridan samarali foydalanishga eʼtiborni kuchaytirish, bunda har bir senatorning faolligini taʼminlash muhim ahamiyatga ega.
Xalq deputatlari mahalliy Kengashlari bilan hamkorlikni yanada kuchaytirib, ular faoliyatiga uslubiy va amaliy yordam koʻrsatib borishga alohida eʼtibor qaratish taqozo etilmoqda.
Hududlardagi dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni qamrab olish maqsadida qoʻmitalarning joylardagi aʼzolari — senatorlarning Senat ish rejalarini shakllantirishda faol ishtirok etishini taʼminlash ham muhimdir.
Senat qoʻmitalari, har bir senatorning ommaviy axborot vositalari, ayniqsa, mahalliy nashrlar va teleradiokanallar bilan hamkorligini yanada kuchaytirish bugungi kunning talabidir.
Senatning xalqaro va parlamentlararo aloqalar borasidagi faoliyatida samaradorlikni yanada oshirish ustuvor vazifalar ijrosini muvaffaqiyatli taʼminlashda muhim ahamiyatga ega.
Palatalar qoʻmitalarining qonun ijodkorligi, nazorat-tahlil faoliyatini amalga oshirishda samarali hamkorligini taʼminlash maqsadida Muvofiqlashtiruvchi kengash imkoniyatlaridan kengroq foydalanish maqsadga muvofiqdir.
Senat ishi samaradorligini yanada oshirish maqsadida Senat devoni faoliyatini takomillashtirish boʻyicha ishlarni davom ettirish alohida ahamiyatga ega.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining kelgusi yillardagi ustuvor vazifalari ijrosini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 25 yilligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining oʻtgan davrdagi faoliyati yakunlariga hamda kelgusi yillardagi ustuvor vazifalarga bagʻishlangan maʼruza maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qoʻmitalari:
yangi qabul qilingan qonunlarning ijrosini taʼminlash uchun qabul qilinishi zarur boʻlgan qonunosti hujjatlarining aniq roʻyxatini shakllantirish asosida ularning oʻz vaqtida qabul qilinishi yuzasidan monitoring olib borishga doir faoliyatini kuchaytirsin;
qonun ijodkorligi va nazorat-tahlil faoliyatida ekspert guruhlari aʼzolarining doimiy va faol ishtirokini taʼminlash choralarini koʻrsin;
qonun hujjatlari ijrosining holatini va huquqni qoʻllash amaliyotini oʻrganish yakunlari boʻyicha qonun yoki qonunosti hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi tavsiyalar ishlab chiqilishiga eʼtibor qaratsin. Bunda 2000-yilgacha qabul qilingan qonunlar ijrosining holatini oʻrganish masalasiga alohida ahamiyat bersin;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining mansabdor shaxslariga qonunlarning, turli sohalardagi davlat dasturlarining ijrosi masalalari hamda ularning vakolatlariga kiradigan boshqa muhim masalalar boʻyicha parlament soʻrovi yuborish yuzasidan asosli takliflar ishlab chiqishga doir faoliyatini kuchaytirsin;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari rahbarlarining ular tomonidan Senat, uning Kengashi va qoʻmitalar qarorlarining bajarilishi toʻgʻrisidagi axborotini eshitishga eʼtibor qaratsin;
ish rejalari shakllantirilayotganda hududlardagi dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy masalalar qamrab olinishiga erishgan holda, ushbu jarayonda joylardagi senatorlar imkoniyatlaridan samarali foydalansin;
ish rejalarida belgilangan tadbirlarni oʻtkazish bilangina cheklanib qolmay, mintaqada va jahonda sodir boʻlayotgan muhim voqea va hodisalardan hamda jamiyat hayotida yuz berayotgan oʻzgarishlardan kelib chiqib, yangi taklif va tashabbuslar ilgari surilishiga erishsin;
qonun ijodkorligi faoliyatini va oʻtkazilayotgan nazorat-tahlil hamda boshqa tadbirlarni ommaviy axborot vositalarida yoritishda qiyosiy tahlil, tanqid va takliflarga alohida eʼtibor qaratsin.
3. Senatning mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga koʻmaklashuvchi komissiyasi (T. Madumarov):
xalq deputatlari mahalliy Kengashlari, ularning doimiy komissiyalari faoliyatini tizimli ravishda monitoring qilib borish hamda ular faoliyatiga amaliy va uslubiy jihatdan koʻmak koʻrsatishga doir ishini kuchaytirsin;
Senat Kengashining 2010-yil 30-dekabrda qabul qilingan Qarori bilan tasdiqlangan Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashining namunaviy reglamentining yangi tahrirda ishlab chiqilishi va qabul qilinishi choralarini koʻrsin. Bunda reglamentga yangi ijtimoiy-siyosiy sharoitlarda mahalliy Kengashlar faoliyatining samaradorligini oshirishga doir chora-tadbirlarni, xususan deputatlik nazorati shakllarini, mahalliy Kengashlar tomonidan nazorat faoliyati amalga oshirilishining tartib-taomillari batafsil bayon etilishini nazarda tutuvchi oʻzgarish va qoʻshimchalar kiritishga eʼtibor qaratsin;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari huzuridagi Senat komissiyasiga yordam beruvchi ishchi guruhlar faoliyatini kuchaytirish choralarini koʻrsin;
Senat aʼzolarining masʼuliyatini oshirish maqsadida ularning xalq deputatlari mahalliy Kengashlari oldida hisob berishining aniq mexanizmlarini ishlab chiqsin;
xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatlarining huquqiy madaniyatini oshirish yuzasidan muntazam turkum tadbirlar (konferensiyalar, davra suhbatlari, seminar-treninglar va boshqa tadbirlar) oʻtkazib borishga alohida eʼtibor qaratsin.
4. Senatning Tashqi siyosat masalalari qoʻmitasi (S. Safoyev):
Senatning xalqaro va parlamentlararo aloqalar borasidagi faoliyatida samaradorlikni yanada oshirishga doir ishlarni yaxshilash choralarini koʻrsin;
rivojlangan xorijiy davlatlar parlamentlari, nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni kuchaytirish uchun ular bilan tegishli memorandumlar, bitimlar imzolash yuzasidan takliflar ishlab chiqsin.
5. Oliy Majlis palatalarining oʻzaro hamkorligini tashkil etish boʻyicha muvofiqlashtiruvchi kengashga:
Oliy Majlis palatalari qoʻmitalarining nazorat-tahlil va boshqa tadbirlarni oʻtkazishga doir faoliyatida takrorlanishlarning oldini olish va ular ish rejalaridagi tadbirlarni maqbullashtirishga doir ish samaradorligini oshirish choralarini koʻrish;
Oliy Majlis palatalari oʻrtasida qonun ijodkorligi va nazorat-tahlil faoliyati masalalariga doir axborot-tahliliy va boshqa materiallarni oʻzaro almashishni tashkil etishga oid ishni yaxshilash tavsiya etilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining aʼzolari:
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining mansabdor shaxslariga tegishli hududlarning manfaatlari bilan bogʻliq masalalar yuzasidan soʻrov yuborishga doir huquqdan samarali foydalansin;
ommaviy axborot vositalari, ayniqsa, mahalliy nashrlar va teleradiokanallar bilan hamkorlikni kuchaytirsin;
hududlardagi dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy masalalar tahlilidan kelib chiqib, Senat qoʻmitalari ish rejalariga kiritiladigan tadbirlar yuzasidan takliflarni muntazam taqdim etib borsin.
7. Senat devoni (A. Tamiqayev):
qisqa muddatlarda Senat devoni boʻlimlarining ish amaliyotini tanqidiy oʻrganib chiqsin, boʻlimlar ishi samaradorligini oshirish maqsadida Senat devoni nizomining yangi tahririni ishlab chiqsin;
Senat faoliyatini internet orqali yoritib borish ishlarini tubdan yaxshilash uchun Senat veb-saytini takomillashtirish choralarini koʻrsin.
8. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining oʻrinbosari S.B. Artikova zimmasiga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi N. YOʻLDOShEV
Toshkent sh.,
2016-yil 24-avgust,
SQ-94-III-son