Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati kengashining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining oʻn ikkinchi yalpi majlisini chaqirish toʻgʻrisida
“Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonunining 16-moddasiga, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 6-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi qaror qiladi:
I. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining oʻn ikkinchi yalpi majlisi 2021-yil 5-fevral kuni chaqirilsin.
Belgilansinki, pandemiya davrida mamlakatimizda karantin chora-tadbirlari amal qilayotganligini inobatga olib, yalpi majlis videokonferensaloqa rejimi orqali oʻtkaziladi.
II. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining oʻn ikkinchi yalpi majlisi muhokamasiga quyidagi masalalar kiritilsin:
1. “Saylov qonunchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni haqida.
Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasi
2. “Auditorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni haqida.
Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasi
3. “Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat hamda Jinoyat-protsessual kodekslariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni haqida.
Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasi
4. “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni haqida.
Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasi
5. “Xalqlar doʻstligi kunini belgilash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni haqida.
Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi
6. 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 2020-yildagi ijrosi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hisoboti haqida.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi
7. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2020-yildagi faoliyati va 2021-yilga moʻljallangan ustuvor vazifalari toʻgʻrisida.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi
8. Boyovut, Boʻston, Olot, Toʻraqoʻrgʻon, Qarshi tumanlarini va Kattaqoʻrgʻon shahrini 2020 — 2022-yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va kambagʻallikni qisqartirish chora-tadbirlari dasturlarining ijrosini oʻrganish natijalari toʻgʻrisida.
Mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga koʻmaklashuvchi komissiyasi
9. Ilmiy faoliyatni rivojlantirish uchun koʻrilayotgan choralar holati yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament soʻrovi natijalari haqida.
Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasi
10. Mamlakatimizda toshqinlar, sel oqimlari, koʻchki xavfi mavjud togʻ va togʻoldi hududlarida joylashgan aholi punktlari hamda iqtisodiy obyektlar xavfsizligini taʼminlashga oid qonun hujjatlarining ijro etilishi holati yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament soʻrovi natijalari toʻgʻrisida.
Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi
11. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakilini (ombudsmanni) saylash toʻgʻrisida.
Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasi
12. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi raisini saylash toʻgʻrisida.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi
13. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi tarkibiga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida.
Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasi
14. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining qarorlarini tasdiqlash toʻgʻrisida.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi
III. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining oʻn ikkinchi yalpi majlisiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish ishlarini muvofiqlashtirib borish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining oʻrinbosari Z. Nizamxodjayev zimmasiga yuklansin.
IV. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati yalpi majlisiga taklif etilganlarni ovqatlantirish (tushlik) xarajatlarini istisno tariqasida Prezident Administratsiyasi binosi oshxonasida faoliyat yuritib kelayotgan “TRUFFO GROUP” MChJ bilan toʻgʻridan toʻgʻri shartnoma asosida amalga oshirishga ruxsat berilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2021-yil 1-fevral,
KQ-180-IV-son