Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining
Qoʻshma qarori
“Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi”ni nashr etish ishlarini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida
“Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi” “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi Qonunning 29-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasining qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari va boshqa muhim normativ-huquqiy hujjatlar eʼlon qilinadigan rasmiy manbalardan biri sifatida belgilangan. Shu sababli davlat organlarining oʻz vakolatlarini va zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishida ushbu manba muhim ahamiyat kasb etadi.
Biroq bugungi kunda Internet tarmogʻi rivojlanganligi, koʻplab axborot tarqatuvchi norasmiy manbalar koʻpayganligi mamlakatimizdagi boshqa davriy nashrlar kabi “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi”ga boʻlgan eʼtiborni susaytirdi.
Bundan tashqari, qogʻoz narxi oshganligi, bosmaxona xarajatlari oʻsganligi oqibatida uni nashr etish bilan bogʻliq moliyaviy qiyinchiliklar va nashrni oʻz vaqtida chop etish hamda obunachilarga yetkazib berishda muammolar yuzaga keldi.
Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda hamda mamlakatimizning norma ijodkorligi sohasida amalga oshirilayotgan ijobiy oʻzgarishlar tufayli qonun hujjatlariga nisbatan barcha davlat idoralarining eʼtibori va xalqimizning qiziqishi kuchayib borayotganligi “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi”ni chop etish bilan bogʻliq muammolarni bartaraf etish zaruriyatini yuzaga keltirayotganligini inobatga olib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi qaror qiladilar:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining va Senatining devonlari (M. Miralimov, A. Ziyayev) “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi”ni oʻz vaqtida chop etish va obunachilarga yetkazish hamda 2021-yil uchun obunani samarali tashkil etish boʻyicha qoʻshimcha choralar koʻrsin.
2. “Huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni taʼminlash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 22-moddasida davlat organlarida oʻz faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarning tizimlashtirilgan hisobi majburiy tartibda yuritilishi belgilanganligiga eʼtibor qaratgan holda, davlat organlariga, shu jumladan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga Oʻzbekiston Respublikasining qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga boʻlgan ehtiyojni, shuningdek mazkur hujjatlarning nazorat holatida yuritilishini taʼminlash maqsadida rasmiy manba — “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi”ga kelgusi yil uchun obuna masalasini koʻrib chiqish tavsiya etilsin.
3. Ushbu Qoʻshma qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2020-yil 23-noyabr,
585-IV/KQ-159-IV-son