Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
Qarori
“Tashqi reklama sohasidagi faoliyatni tartibga soluvchi qonunchilik hujjatlarining takomillashtirilish va ijro etilish holati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining parlament soʻroviga Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi raisi N. Sharipovning javobi haqida
“Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 14-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. “Tashqi reklama sohasidagi faoliyatni tartibga soluvchi qonunchilik hujjatlarining takomillashtirilish va ijro etilish holati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining parlament soʻroviga Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi raisi N. Sharipov tomonidan yuborilgan yozma javob maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Parlament soʻrovida qoʻyilgan ayrim masalalar yuzasidan taqdim etilgan maʼlumotlar yetarli darajada asoslantirilmaganligi, shuningdek bu boradagi muammolarni keltirib chiqaruvchi omillarni chuqurroq oʻrganish zaruratini inobatga olgan holda, OʻzLiDeP fraksiyasi hamda Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qoʻmitasining Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi bilan bir qatorda boshqa vazirlik va idoralar rahbarlarining ham “Tashqi reklama sohasidagi faoliyatni tartibga soluvchi qonunchilik hujjatlarining takomillashtirilish va ijro etilish holati toʻgʻrisida”gi axborotini “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 10-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining majlisida eshitish haqidagi taklifi qabul qilinsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qoʻmitasi parlament eshituvga tayyorgarlik koʻrilishini va uning oʻtkazilishini tashkil etsin.
4. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2020-yil 19-noyabr,
582-IV-son