Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining 2020-yil toʻqqiz oyidagi ijrosi toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan taqdim etilgan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining 2020-yil toʻqqiz oyidagi ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotni koʻrib chiqib, shuni qayd etadiki, davlat budjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining ijrosi “2020-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan budjet parametrlari doirasida hamda koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish va global inqiroz oqibatlarini bartaraf etish yuzasidan qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari va qarorlari, Hukumat qarorlari, shuningdek Inqirozga qarshi kurashish komissiyasining qarorlari ijrosini taʼminlashga yoʻnaltirilgan.
2020-yilning toʻqqiz oyligi yakuniga koʻra mamlakat yalpi ichki mahsulotining (YAIM) hajmi 408,3 trln. soʻmni tashkil etib, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 0,4 foizga oʻsgan. Koronavirus pandemiyasi sharoitida Oʻzbekistonning yirik savdo hamkorlari hisoblangan davlatlardagi karantin choralari tufayli mamlakat tashqi savdo aylanmasi 12 foizga kamaygan. Jumladan, eksport hajmining 6 foizga, import hajmining 16,5 foizga kamayishi kuzatilgan, tashqi savdo aylanmasi oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 3,8 mlrd. AQSH dollariga kamaygan.
Davlat budjetining 2020-yilning toʻqqiz oyidagi daromadlari 94 457,2 mlrd. soʻmni tashkil etdi. Bunda prognoz qilingan 91 795,9 mlrd. soʻmga nisbatan 102,9 foizga yoki 2 661 mlrd. soʻmga oshirib bajarilgan. Daromadlar 2019-yilning mos davri bilan solishtirilganda 15 297,4 mlrd. soʻmga oʻsgan.
Davlat budjetining xarajatlari (davlat maqsadli jamgʻarmalarisiz) 102 164,8 mlrd. soʻmni yoki YAIM ga nisbatan 25,0 foizni hamda aniqlangan xarajatlar rejasiga nisbatan 94,5 foizni tashkil etgan.
Hisobot davridagi budjet taqchilligi 7 707,6 mlrd. soʻmni tashkil etib, yuzaga kelgan taqchillik xalqaro moliya institutlaridan jalb qilingan (4 106,4 mlrd. soʻm) hamda davlat gʻaznachilik obligatsiyalarini joylashtirishdan kelib tushgan mablagʻlar (3 605,5 mlrd. soʻm) hisobidan qoplangan.
Iqtisodiy va ijtimoiy sohalarni rivojlantirish uchun jami moliyalashtirish manbalari hisobidan 138,1 trln. soʻmlik (dollar ekvivalentida 13,9 mlrd. AQSH doll.) yoki 2019-yilning mos davriga nisbatan 8,7 foiz kam investitsiyalar oʻzlashtirilgan.
Hisobot davrida davlat budjetining ijtimoiy yoʻnaltirilganligi saqlab qolingan holda, ijtimoiy xarajatlarni moliyalashtirish uchun 53 685,3 mlrd. soʻm yoki umumiy xarajatlarning 52,5 foizi miqdorida mablagʻ sarflangan. Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasi daromadlari hisobidan jami 10 trln. 50 mlrd.soʻm mablagʻ ajratilgan.
Amalga oshirilgan qator ijobiy ishlar bilan birga, davlat budjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining mablagʻlaridan maqsadli foydalanish borasida kamchiliklarga yoʻl qoʻyilganligi ham kuzatildi. Davlat moliyaviy nazorati tadbirlari oʻtkazilgan 2 010 ta budjet tashkilotining 1 632 tasida 81,7 mlrd. soʻm miqdoridagi moliyaviy xatoliklar, jumladan 18,2 mlrd. soʻm miqdoridagi pul mablagʻlari va moddiy boyliklar kamomadi, oʻzlashtirishlar hamda 63,5 mlrd. soʻm miqdoridagi huquqbuzarliklarning boshqa turlari aniqlangan. Masalan, Xalq taʼlimi vazirligi tizimida oʻtkazilgan 487 ta nazorat tadbirining 389 tasida 40,7 mlrd. soʻm, Sogʻliqni saqlash vazirligi tizimida oʻtkazilgan 465 ta nazorat tadbirining 345 tasida 22 mlrd. soʻm, Maktabgacha taʼlim vazirligi tizimida oʻtkazilgan 200 ta nazorat tadbirining 159 tasida 10,7 mlrd. soʻm miqdorida qonun buzilishi holatlari aniqlangan.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining 2020-yil toʻqqiz oyidagi ijrosi toʻgʻrisidagi hisobot qonunda belgilangan tartibda parlament quyi palatasidagi barcha siyosiy partiyalar fraksiyalarida va masʼul qoʻmitada dastlabki tarzda muhokama qilinganligini hamda bildirilgan takliflar va tavsiyalar inobatga olinganligini hisobga olgan holda, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan taqdim etilgan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining 2020-yil toʻqqiz oyidagi ijrosi toʻgʻrisidagi hisobot tasdiqlansin.
Joriy yilning oʻtgan toʻqqiz oyida Davlat budjeti daromadlari 94,5 trln. soʻmni, xarajatlari esa 102,2 trln. soʻmni tashkil etib, 7,7 trln. soʻm taqchillik bilan bajarilganligi qayd etilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga:
yil yakuniga qadar iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarining barqaror ishlashi, budjetga daromadlarning tushishini taʼminlash uchun soliq tushumlarini toʻliq jalb etish borasida taʼsirchan choralar koʻrish, makroiqtisodiy oʻsish va narxlar barqarorligini taʼminlash orqali aholini ijtimoiy himoya qilishga qaratilgan tizimli choralarni davom ettirish;
davlat dasturlarida koʻzda tutilgan, iqtisodiyot tarmoqlarini va ijtimoiy sohani rivojlantirishga yoʻnaltirilgan loyihalarning budjet mablagʻlari va boshqa manbalar hisobidan oʻz vaqtida moliyalashtirilishi hamda ushbu mablagʻlardan samarali foydalanilishi ustidan taʼsirchan nazoratni kuchaytirish;
davlat budjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalaridan yoʻnaltirilayotgan mablagʻlarning toʻgʻri sarflanishi va ulardan maqsadli hamda oqilona foydalanilishini, shuningdek ushbu mablagʻlarning natijadorligini taʼminlashga qaratilgan doimiy monitoring tizimini joriy etish;
davlat budjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari mablagʻlaridan samarasiz va maqsadsiz foydalanilishiga yoʻl qoʻygan vazirliklar va idoralarning ushbu holatlarning kelib chiqish sabablari va ularni bartaraf etish yuzasidan koʻrilgan choralar toʻgʻrisidagi axborotini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Rayosati majlisida koʻrib chiqish tavsiya qilinsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
tegishli vazirliklar, idoralar va mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan birgalikda joylarda oʻtkazilgan moliyaviy nazorat tadbirlarida aniqlangan budjet intizomini buzish, pul va tovar-moddiy boyliklar kamomadi va asossiz xarajatlarni amalga oshirish holatlarining kelib chiqish sabablarini chuqur tahlil qilsin, qonun buzilishlarining oldini olishga qaratilgan taʼsirchan choralar koʻrsin;
qonun hujjatlarida nazarda tutilgan soliq taʼtili va imtiyozlarini toʻliq inventarizatsiyadan oʻtkazgan holda ularning samarasizlarini bekor qilish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi hamda tegishli vazirliklar va idoralar bilan birgalikda aniq takliflar ishlab chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamisiga kiritsin;
davlat budjetida koʻzda tutilgan xarajatlarni oʻz vaqtida amalga oshirish boʻyicha yil yakunigacha boʻlgan davr uchun moliyalashtirishga va ularni maqsadli oʻzlashtirishga oid rejani hisobot davrida moliyalashtirish darajasiga koʻra ortda qolayotgan birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchilar bilan birgalikda ishlab chiqsin hamda amalga oshirsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi:
mamlakatda kambagʻallikni qisqartirish borasida budjet mablagʻlari hisobidan amalga oshirilayotgan loyihalar hamda ularning natijalari boʻyicha Hukumat soati doirasida hisobot berib borsin;
investitsiya dasturi doirasida davlat budjeti hisobidan ijtimoiy soha obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash va jihozlash ishlari yil yakunigacha toʻliq amalga oshirilishini taʼminlasin va bu boradagi ishlar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga muntazam ravishda axborot bersin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalariga:
2020-yil uchun qabul qilingan davlat dasturida belgilangan vazifalarning amalga oshirilishi, iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarida iqtisodiy oʻsishning taʼminlanishi, kambagʻallikni qisqartirish va aholini ijtimoiy himoya qilishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha aniq va amaliy takliflar kiritish;
fraksiya majlislarida tadbirkorlik subyektlarini, shuningdek aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash maqsadida davlat budjeti va maqsadli jamgʻarmalaridan ajratilayotgan mablagʻlardan pandemiya sharoitida samarali foydalanilishiga eʼtibor qaratish tavsiya etilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi qoʻmitalari oʻz nazorat-tahlil faoliyatida iqtisodiyot tarmoqlari va sektorlarida yil yakunigacha amalga oshirilishi moʻljallangan loyihalarning ijrosini nazoratga olish, ushbu maqsadlarga yoʻnaltirilgan, davlat budjeti, davlat maqsadli jamgʻarmalari va boshqa manbalar hisobidan oʻzlashtirilayotgan mablagʻlardan foydalanish natijadorligi va samaradorligini taʼminlash boʻyicha tavsiyalar kiritib borsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlariga oʻz saylov okruglarida:
davlati budjeti daromadlarining bazasini kengaytirish, budjet mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanish, xarajatlarning natijadorligini taʼminlash boʻyicha nazorat ishlarini tashkil etish;
kambagʻallikni qisqartirish, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini moddiy va maʼnaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlashga, shuningdek qoʻshimcha ish oʻrinlarini yaratishga doir loyihalarni amalga oshirish borasida mavjud muammolarni oʻrganish hamda ularni hal etish boʻyicha amaliy yordam koʻrsatish tavsiya etilsin.
8. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2020-yil 18-noyabr,
571-IV-son