Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2010-yilda davlat boshqaruvi organlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va nazorat tuzilmalari tomonidan qonunlarning ijro etilishi holati toʻgʻrisidagi axboroti haqida
Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri R.A. Muhitdinovning 2010-yilda davlat boshqaruvi organlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va nazorat tuzilmalari tomonidan qonunlarning ijro etilishi holati toʻgʻrisidagi axborotini tinglab va muhokama qilib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati shuni qayd etadiki, oʻtgan yilda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan qonun ijodkorligi va huquqni qoʻllash amaliyoti sohasida yagona davlat siyosati yuritilishini taʼminlash borasida muayyan ishlar qilingan. Oʻtkazilgan monitoringlarning natijalari boʻyicha aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish borasida davlat tuzilmalari tomonidan kompleks va aniq maqsadga qaratilgan chora-tadbirlar koʻrilgan.
Huquq ijodkorligi jarayonining qonunchilik asoslarini va uslubiy taʼminlanishini takomillashtirishga, yuridik xizmatlar xodimlarining kasbiy tayyorgarlik darajasini oshirishga hamda ularning davlat organlari faoliyatini huquqiy taʼminlashning sifati uchun javobgarligini kuchaytirishga qaratilgan kompleks tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlar roʻyobga chiqarilgan.
Vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlarining qonun ijodkorligi faoliyatini yanada takomillashtirish, jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni oshirish, shuningdek qonuniylikni mustahkamlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, 2010-yilda davlat organlari yuridik xizmatlarining ikki ming nafarga yaqin xodimi qayta tayyorgarlikdan oʻtgan va malakasini oshirgan. Huquqiy targʻibot borasida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining va boshqa qonun hujjatlarining mazmuni hamda mohiyatini, inson huquqlari va erkinliklarini, tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlarning ahamiyatini, shuningdek boshqa dolzarb huquqiy masalalarni tushuntirishga qaratilgan 48 mingdan ziyod tadbir tashkil etilgan. Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vositalaridan foydalangan holda huquqiy axborotni aholiga yetkazish uchun qoʻshimcha sharoitlar yaratish boʻyicha chora-tadbirlar koʻrilgan, 2010-yil 1-yanvardan boshlab Internet tarmogʻi vositasida Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasiga bepul kirish taʼminlangan.
Vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar normativ-huquqiy hujjatlarining qonuniyligini taʼminlash borasidagi ishlar davom ettirilgan. Natijada oʻtgan yil davomida Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan qonun hujjatlarining talablarini buzgan holda qabul qilingan idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni qayta koʻrib chiqish, bekor qilish va ijrodan chaqirib olish haqida 45 ta taqdimnoma kiritilgan. Masalan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2010-yil 27-yanvardagi PQ-1271-sonli Qarori bilan tasdiqlangan “Barkamol avlod yili” Davlat dasturini amalga oshirish doirasida idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning yoshlarni barkamol rivojlantirish uchun zarur huquqiy shart-sharoitlarni taʼminlashga doir qismini qayta koʻrib chiqish haqida 10 ta taqdimnoma kiritilgan.
Davlat roʻyxatidan oʻtmagan idoraviy hujjatlarni bekor qilish va ijrodan chaqirib olish haqida Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan kiritilgan taqdimnomalar toʻla-toʻkis bajarilishini taʼminlash yuzasidan qoʻshimcha choralar koʻrilgan. Buning natijasida 2008 — 2010-yillar mobaynida turli vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar tomonidan qabul qilingan 70 dan ortiq ana shunday idoraviy hujjatning bekor qilinishi taʼminlangan.
Hukumatning qonun loyihalariga doir ish rejalari ijro etilishi ustidan tizimli monitoring amalga oshirilmoqda, uning natijalari boʻyicha mamlakatni isloh etish va modernizatsiya qilish, jamiyatni demokratlashtirish hamda yangilashning ustuvor vazifalarini hisobga olib Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qonun ijodkorligi jarayonidagi faoliyatining samaradorligini yanada oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar koʻrilgan.
Shu bilan birga, ayrim davlat boshqaruvi organlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va nazorat tuzilmalarining qonun ijodkorligi va huquqni qoʻllash amaliyotida baʼzi muammolar va kamchiliklar mavjud boʻlib, ular mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarning samaradorligiga, umuman qonuniylikning holatiga jiddiy salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.
Ayrim vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar tomonidan huquqiy ekspertizaga taqdim etilayotgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarida ularning sifati yuqori darajada emasligi hali ham kuzatilmoqda, ular amaldagi qonunchilikka va qonunchilik texnikasi qoidalariga zid kelmoqda. Chunonchi, oʻtgan yil mobaynida huquqiy ekspertizaga taqdim etilgan 1419 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasining 278 tasi (19,6 foiz) ularni taqdim etish tartibi buzilganligi, qonunchilikka mos kelmaydigan normalar mavjudligi, qonunchilik texnikasiga nomuvofiqligi tufayli Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan qaytarilgan. Huquqiy ekspertizaga va davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun taqdim etilgan 467 ta idoraviy normativ-huquqiy hujjatning 125 tasini (26,8 foiz) davlat roʻyxatidan oʻtkazish rad etilgan.
Koʻrilayotgan chora-tadbirlarga qaramay, idoraviy hujjatlarni qonunchilik talablarini buzgan holda, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida huquqiy ekspertizadan va davlat roʻyxatidan oʻtkazmasdan qabul qilish amaliyoti saqlanib qolinmoqda. Vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralarning normativ-huquqiy hujjatlari qonuniyligini taʼminlash maqsadida oʻtgan yil mobaynida bunday hujjatlarni qonunchilikka muvofiq qayta koʻrib chiqish haqida 33 ta taqdimnoma va davlat roʻyxatidan oʻtmagan hujjatlarni bekor qilish hamda ijrodan chaqirib olish haqida 12 ta taqdimnoma kiritilgan.
2010-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmatining, Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligining, Toshkent shahar va Toshkent viloyati hokimliklari yoʻlovchi transportining barcha turlari harakatini litsenziyalash va muvofiqlashtirish departamentlarining, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi axloq tuzatish ishlari tariqasidagi jinoiy jazo ijro etilishini taʼminlash tarkibiy tuzilmalarining faoliyati oʻrganib chiqildi. Monitoring yakunlari yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash, yoʻlovchilar va yuklar tashishni tashkil etish, shuningdek axloq tuzatish ishlari tariqasidagi jinoiy jazoni ijro etish sohasidagi yutuqlar bilan bir qatorda mazkur davlat organlarining faoliyatida ayrim kamchiliklar, nuqsonlar hamda foydalanilmagan imkoniyatlar borligini koʻrsatdi.
Chunonchi, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi hamda Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligining faoliyatini tartibga soluvchi normativ baza yanada modernizatsiya qilinishi kerak. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmati organlarining yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash borasidagi faoliyati takomillashtirishga muhtoj. Fuqarolardan asossiz ravishda toʻlovlar undirish, avtotransport vositalarini boshqarayotgan shaxslarga qoʻllaniladigan maʼmuriy jazolarni notoʻgʻri rasmiylashtirish, shuningdek yoʻl harakati qoidalari buzilganligini eʼtiborga olmaslik hollari mavjud.
Avtotransport vositalarini jarima maydonlarida ushlab turishda jiddiy tashkiliy-huquqiy muammolar mavjud. Yoʻl harakati sharoitlarini oʻrganish va transport harakatini tashkil etishni takomillashtirish, foydalanilayotgan transport vositalarining texnik holatini nazorat qilish hamda ularni texnik koʻrikdan oʻtkazish, avtomobil yoʻllarini oʻz vaqtida toifalarga ajratish va pasportlashtirish, yoʻl belgilari bilan sifatli jihozlash hamda yoʻl belgilarini chizish borasidagi ishlar ham ayrim kamchiliklardan xoli emas. Transport vositalarining holatini maxsus joylarda tekshiruvdan oʻtkazmasdan texnik xulosalar berish hollari ham mavjud.
Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi, shuningdek Toshkent shahar va Toshkent viloyati hokimliklari yoʻlovchi transportining barcha turlari harakatini litsenziyalash va muvofiqlashtirish departamentlarining faoliyati takomillashtirishga muhtoj. Shahar yoʻlovchi transportining yangi harakat yoʻnalishlarini ochish sohasidagi ishlar yetarli darajada tashkil etilmagan. Faoliyati yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlashga jiddiy salbiy taʼsir koʻrsatibgina qolmasdan, shu bilan birga koʻp miqdorda pul mablagʻlari budjetga tushmasligiga olib kelayotgan “tartibsiz avtobekatlar” paydo boʻlishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida avtovokzallar va avtobekatlar faoliyati ustidan tegishli nazorat oʻrnatish talab qilinadi. Bundan tashqari, shahar yoʻlovchi transportining harakat yoʻnalishlarini joylashtirish boʻyicha tenderlar tashkil etish, shuningdek yoʻlovchilar tashishni litsenziyalash sohasidagi faoliyat qonun hujjatlariga muvofiqlashtirilishi kerak.
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining axloq tuzatish ishlari tariqasidagi jinoiy jazoni ijro etish borasidagi faoliyatini yanada takomillashtirish zarur. Xususan, ichki ishlar organlari jazolarni ijro etish boʻyicha inspeksiyalarining mahkumlarni hisobga olish va ularni ishga joylashtirish borasidagi ishi yetarli darajada yoʻlga qoʻyilmagan. Mahkumlarning jazoni oʻtashi va mahkumlar tomonidan ham, jazoni oʻtash muassasalarining maʼmuriyatlari tomonidan ham sud hukmida belgilangan shartlarga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish chogʻida qonunni buzish hollari mavjud. Mahkumlarni ishga joylashtirish choralarini koʻrmaslik, oʻz tashabbusi bilan axloq tuzatish ishlarini ozodlikdan mahrum qilishga asossiz ravishda almashtirish, axloq tuzatish ishlari boʻyicha oʻtalgan muddatni notoʻgʻri hisoblash, shuningdek jazoni oʻtash muddatini qonunga xilof ravishda qisqartirish hollariga barham berish talab etiladi.
Mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan koʻpincha jazoni oʻtayotgan shaxslar uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyishga rasmiyatchilik bilan yondashish namoyon boʻlmoqdaki, bu hol axloq tuzatish ishlari tariqasida tayinlanadigan jinoiy jazoning ijro etilishiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.
Yuqorida bayon etilganlardan kelib chiqib va davlat boshqaruvi organlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va nazorat tuzilmalarining qonun ijodkorligi hamda huquqni qoʻllash faoliyatini takomillashtirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vaziri R.A. Muhitdinovning 2010-yilda davlat boshqaruvi organlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va nazorat tuzilmalari tomonidan qonunlarning ijro etilishi holati toʻgʻrisidagi axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga:
davlat boshqaruvi organlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va nazorat tuzilmalari faoliyatida aniqlangan kamchiliklar va nuqsonlarni bartaraf etish yuzasidan kompleks tadbirlarni ishlab chiqish va roʻyobga chiqarilishini taʼminlash;
vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar tomonidan noqonuniy idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinishi holatlariga barham berish boʻyicha taʼsirchan chora-tadbirlar koʻrish tavsiya etilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi (B.A. Matlyubov):
ichki ishlar organlarining yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash va axloq tuzatish ishlari tariqasidagi jinoiy jazoni ijro etish sohasidagi faoliyatini tanqidiy oʻrganib chiqsin hamda qayd etilgan kamchiliklarni bartaraf etish va bundan buyon ularga yoʻl qoʻymaslik yuzasidan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirsin;
ichki ishlar organlari faoliyatining, shu jumladan yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash sohasidagi faoliyatining normativ-huquqiy bazasini takomillashtirishga qaratilgan tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlarni ishlab chiqsin va amalga oshirsin;
ichki ishlar organlarining xodimlari tomonidan qonun hujjatlarining normalari bir xilda va toʻgʻri qoʻllanilishini taʼminlash maqsadida ularning malakasini oshirish boʻyicha chora-tadbirlar koʻrsin.
4. Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi (A.A. Abduvaliyev):
avtomobil transportining harakatini, shuningdek yoʻlovchilar va yuklar tashishni tashkil etish chogʻida qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan taʼsirchan nazorat oʻrnatsin, aniqlangan muammolar va kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha chora-tadbirlar koʻrsin;
avtomobil transportida yoʻlovchilar va yuklar tashish borasidagi faoliyatni litsenziyalash hamda yoʻlovchi transportining barcha turlari harakatini muvofiqlashtirish ustidan nazoratni kuchaytirsin;
manfaatdor vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar bilan birgalikda avtomobil yoʻllari hamda yoʻl harakati xavfsizligi sohasidagi qonun hujjatlarini amalga oshirishga qaratilgan tegishli normativ-huquqiy hujjatlarning loyihalarini ishlab chiqsin va ularni belgilangan tartibda tegishli davlat organlariga kiritsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi (R.A. Muhitdinov):
qonun ijodkorligi masalalarida davlat boshqaruvi organlarining faoliyatini muvofiqlashtirish va ularga uslubiy rahbarlikni amalga oshirish borasidagi ishni kuchaytirsin, qonun hujjatlarini yanada takomillashtirish boʻyicha tegishli takliflar ishlab chiqilishiga qaratilgan turkum konferensiyalar, davra suhbatlar va seminarlarni oʻtkazsin;
davlat boshqaruvi organlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va nazorat tuzilmalarining qonun ijodkorligi faoliyatini muntazam ravishda tahlil qilib borsin, tahlil natijalarini tezkor qarorlar qabul qilish uchun mazkur davlat organlari yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi muhokamasiga kiritsin;
davlat organlariga ularning huquq ijodkorligi faoliyati sifatini oshirishda, bu yoʻnalishda tugʻilayotgan muammolarni bartaraf etishda amaliy yordam koʻrsatsin;
vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar tomonidan idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish, davlat roʻyxatidan oʻtkazishning belgilangan tartibiga rioya etilishi ustidan qattiq nazoratni taʼminlasin;
davlat boshqaruvi organlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va nazorat tuzilmalari tomonidan qonunlarning ijro etilishi ustidan tizimli monitoringni davom ettirsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(6 va 7-bandlar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2024-yil 28-martdagi KQ-704-IV-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan)
8. Ushbu Qarorning ijro etilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Qonunchilik va sud-huquq masalalari qoʻmitasi (S.B. Artikova) zimmasiga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi I. SOBIROV
Toshkent sh.,
2011-yil 26-mart,
182-II-son