Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining 2018-yil toʻqqiz oyidagi ijrosi toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining 2018-yil toʻqqiz oyidagi ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotni koʻrib chiqib taʼkidlaydiki, 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni roʻyobga chiqarish, jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy sohasini tubdan takomillashtirish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyev tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida, 2018-yilgi “Faol tadbirkorlik, innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni qoʻllab-quvvatlash yili” davlat dasturini bajara borib, iqtisodiyotning barqaror, yuqori surʼatlar bilan rivojlanishi va oʻsishi taʼminlandi. Asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlarning ijobiy oʻsish surʼatlari saqlanib qoldi, mamlakat iqtisodiyoti sohalari va tarmoqlarining yanada mutanosib rivojlanishi uchun mustahkam zamin yaratildi.
Joriy yilning toʻqqiz oyida yalpi ichki mahsulotning oʻsishi 5,2 foizni tashkil etdi, xususan, sanoat mahsuloti ishlab chiqarish hajmi — 6,3 foiz, qishloq, oʻrmon va baliqchilik xoʻjaliklari mahsuloti ishlab chiqarish — 1,3 foiz, qurilish ishlari hajmi — 7,4 foiz, tashish va saqlash, axborot va aloqa — 6,9 foiz, boshqa xizmatlar hajmi — 6,4 foiz oʻsdi.
Pul-kredit siyosatini yanada takomillashtirish, valyutani tartibga solishning zamonaviy bozor mexanizmlarini bosqichma-bosqich joriy etish, milliy valyutaning barqarorligini taʼminlash boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar mamlakat iqtisodiyotiga xorijiy investitsiyalarni jadal jalb qilishga, eksportni qoʻllab-quvvatlashga, import oʻrnini bosuvchi tovarlar va mahsulotlar ishlab chiqarishni yanada rivojlantirishga, shuningdek tadbirkorlik subyektlari tomonidan tashqi savdo faoliyatini amalga oshirish chogʻida ular uchun teng sharoitlar yaratilishiga imkon berdi.
Hisobot davrida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti xarajatlarining ijtimoiy yoʻnaltirilganligi saqlanib qoldi, ijtimoiy sohani moliyalashtirishga xarajatlar umumiy hajmining 53,4 foizi miqdorida mablagʻ ajratildi. Ijtimoiy sohaga va aholini ijtimoiy himoya qilishga ajratilgan mablagʻlarning 65,8 foizi ish haqi, pensiyalar va ularga tenglashtirilgan toʻlovlar toʻlanishini moliyalashtirish uchun yoʻnaltirildi.
2018-yilning toʻqqiz oyida taʼlim tizimidagi islohotlarni yanada chuqurlashtirishga, taʼlim jarayoni darajasi hamda sifatini oshirishga qaratilgan taʼlim standartlari va dasturlarini takomillashtirishga, umumtaʼlim maktablari, akademik litseylar, kasb-hunar kollejlari va oliy oʻquv yurtlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlashni davom ettirishga birinchi darajali eʼtibor qaratildi. Xususan, xalq taʼlimi muassasalarini saqlash va rivojlantirish xarajatlarini moliyalashtirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan 13,6 trln. soʻmdan ortiq yoki ijtimoiy sohaga ajratilgan umumiy mablagʻlarning 47,2 foizi miqdorida mablagʻ ajratildi.
2018-yilning toʻqqiz oyida ilm-fanni rivojlantirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan ajratilgan 213,3 mlrd. soʻm miqdoridagi mablagʻlarning 23,2 mlrd. soʻmi yoki 60 foizi Davlat ilmiy-texnika dasturi doirasidagi ilmiy-texnika loyihalarini moliyalashtirishga yoʻnaltirildi.
Oliy taʼlim muassasalari rahbar xodimlarining va professor-oʻqituvchilar tarkibining, fundamental, amaliy tadqiqotlar va innovatsion ishlarga oid ilmiy-texnika dasturlarini amalga oshirishda ishtirok etayotgan ilmiy-tadqiqot muassasalari ilmiy xodimlarining ish haqi oʻrtacha 25 foizga oshdi. Ushbu maqsadlar uchun joriy yilda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan qoʻshimcha ravishda 41,5 mlrd. soʻm miqdorida mablagʻlar yoʻnaltirildi.
Aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash va uning farovonligini oshirishga Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan 2,1 trln. soʻm ajratildi, shundan bolalikdan nogiron boʻlganlarga nafaqalar toʻlash uchun 787,6 mlrd. soʻm sarflandi.
Aholi bandligini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari fondidan hisobot davrida haq toʻlanadigan jamoat ishlariga jalb etilgan ishsiz shaxslarga va band boʻlmagan aholiga ish haqi boʻyicha toʻlovlarni amalga oshirish uchun 194,2 mlrd. soʻm yoʻnaltirildi.
Sogʻliqni saqlash sohasidagi davlat dasturlarini bajarish boʻyicha tadbirlarni amalga oshirish doirasida Davlat budjetidan 6,5 trln. soʻm yoki ijtimoiy soha umumiy xarajatlarining 22,7 foizi ajratildi. Ushbu mablagʻlardan 2,1 trln. soʻmi ambulatoriya (profilaktika) xizmatlari uchun hamda 2,9 trln. soʻmi kasalxonalar va ixtisoslashtirilgan klinikalar xizmatlari uchun ajratildi.
Keksalar va nogironlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida sanatoriylar va internat uylari, nogiron bolalar internat uylari, uy sharoitida ijtimoiy yordam koʻrsatish boʻlinmalari, nogironlarni reabilitatsiya qilish markazlari uchun, shuningdek sogʻliqni saqlash sohasidagi boshqa xizmatlar uchun Davlat budjetidan 1 767,2 mlrd. soʻm ajratildi.
Mahalliy davlat hokimiyati organlarining mustaqilligini oshirish, markazdan budjetlashtirishga boʻlgan bogʻliqlikni kamaytirish jarayonini chuqurlashtirish, Mintaqalarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini kafolatlangan moliyalashtirish manbalari bilan taʼminlash, budjetni shakllantirish va budjet mablagʻlaridan samarali foydalanishda hokimlarning shaxsiy javobgarligini oshirish borasida hukumat tomonidan koʻrilgan chora-tadbirlar natijasida 2018-yilning toʻqqiz oyida mahalliy budjetlarda 2 857,3 mlrd. soʻm miqdorida yoki 2017-yilning xuddi shu davriga nisbatan 5,8 baravar koʻp qoʻshimcha manbalari shakllantirildi.
Shu bilan birga hisobot davrida taʼlim muassasalari tizimini saqlash va rivojlantirishga ajratilgan 92,0 mlrd. soʻm miqdoridagi mablagʻlar oʻzlashtirilmay qoldi.
Mahalliy budjetlarning daromad qismi bazasini koʻpaytirish uchun mavjud boʻlgan potensial resurslar va imkoniyatlar toʻliq ishga solinmadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining 2018-yil toʻqqiz oyidagi ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotni atroflicha muhokama qilib hamda siyosiy partiyalar fraksiyalarining, Oʻzbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhining, shuningdek parlament quyi palatasi qoʻmitalarining taklif va fikr-mulohazalari asosida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining 2018-yil toʻqqiz oyidagi ijrosi toʻgʻrisidagi hisobot tasdiqlansin.
Hisobot davrida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti yalpi ichki mahsulotga nisbatan 0,1 foiz miqdorida profitsit bilan ijro etilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi saʼy-harakatlarni asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlarni, Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yilgi Davlat budjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining asosiy parametrlarini soʻzsiz ijro etishga, iqtisodiyotning yanada barqaror va mutanosib rivojlanishini taʼminlashga yoʻnaltirsin.
3. Siyosiy partiyalar fraksiyalariga, Oʻzbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhiga Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining hisobot davridagi ijrosi bilan bogʻliq masalalarni koʻrib chiqish chogʻida budjet mablagʻlaridan tegishli tarmoqlar va sohalarda maqsadli hamda samarali foydalanilishiga doir aniq takliflar kiritish, vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar faoliyati ustidan taʼsirchan parlament nazoratini amalga oshirish tavsiya etilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining qoʻmitalari oʻzining nazorat-tahlil faoliyatida, xususan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining ijro etilishi bilan bogʻliq masalalarni koʻrib chiqish chogʻida qonun hujjatlarini takomillashtirish boʻyicha takliflar hamda budjet mablagʻlaridan samarali foydalanishga doir tavsiyalar kiritsin.
5. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2018-yil 17-noyabr,
2120-III-son