Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
IXTISOSLAShTIRILGAN AKSIONERLIK-TIJORAT “PAXTA-BANK”NI TAShKIL ETISh TOʻGʻRISIDA
Keyingi tahrirga qarang.
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 20-maydagi 142-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish, shuningdek baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Qishloqda iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish, paxtachilikka va u bilan bogʻliq tarmoqlarga bank xizmati koʻrsatishni yaxshilash, ushbu sohada hisob-kitoblarni takomillashtirish va uning yangi shakllarini rivojlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Oʻzdehqonchiliksanoatbank” respublika aksionerlik-tijorat banki muassislarining ushbu bank negizida ixtisoslashtirilgan aksionerlik-tijorat “Paxta-bank”ni tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
Keyingi tahrirga qarang.
Belgilab qoʻyilsinki, “Paxta-bank” moliyaviy, mulkiy va boshqa majburiyatlar va talablar boʻyicha “Oʻzdehqonchiliksanoatbank”ning huquqiy vorisi hisoblanadi.
2. Quyidagilar “Paxta-bank”ning asosiy vazifalari etib belgilansin:
paxta yetishtiruvchi xoʻjaliklarni va paxta yetishtirish hamda uni qayta ishlash bilan bogʻliq tashkilotlarni rivojlantirish uchun moliyaviy mablagʻlarni jamlash;
paxta yetishtiruvchi xoʻjaliklarga, paxta zavodlariga, paxtachilikka xizmat koʻrsatuvchi oʻzaro bogʻliq tarmoqlarning boshqa korxonalari va tashkilotlariga kompleks bank va valyuta-investitsiya xizmati koʻrsatish;
paxta yetishtirish, uni qayta ishlash, saqlash va sotish bilan bogʻliq xoʻjaliklar va tashkilotlarga ular bilan fyuchers bitimlar tuzish orqali boʻlgʻusi hosil hisobidan avans berish;
ajratilgan mablagʻlardan maqsadli foydalanish, shuningdek, xoʻjaliklar bilan oʻz vaqtida hisob-kitob qilinishi va berilgan kreditlarning qaytarilishi ustidan amaliy nazoratni taʼminlash;
veksellar, davlat qisqa muddatli obligatsiyalari, aksiyalar va boshqa qiymatli qogʻozlar bilan operatsiyalarni amalga oshirish;
xoʻjaliklarda belgilangan tartibda “Paxta-bank”ning boʻlinmalarini tashkil etish yoʻli bilan bank xizmati koʻrsatishni mijozlarga yaqinlashtirish;
kredit kartochkalari joriy etish va elektron bank xizmatlari koʻrsatish.
3. “Paxta-bank” aksionerlariga oʻn kun muddatda belgilangan tartibda taʼsis yigʻilishi oʻtkazish va bank Ustavini tasdiqlash taklif etilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki “Paxta-bank”ni davlat roʻyxatidan oʻtkazsin va unga belgilangan tartibda tegishli litsenziya bersin.
Markaziy bankka “Oʻzdehqonchiliksanoatbank” tomonidan ijaraga olingan xizmat binolarini qoldiq qiymat boʻyicha haq toʻlash asosida “Paxta-bankka berish tavsiya etilsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari B.S. Hamidov va Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining raisi F.M. Mullajonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1995-yil 27-iyul,
294-son