Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining
qarori
“Oʻzbekiston Respublikasining Yer kodeksiga oʻzgartish kiritish toʻgʻrisida”gi QL-431-sonli Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasi haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2018-yil 5-noyabrda kiritilgan “Oʻzbekiston Respublikasining Yer kodeksiga oʻzgartish kiritish toʻgʻrisida”gi QL-431-sonli Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasini dastlabki tarzda koʻrib chiqish uchun Agrar va suv xoʻjaligi masalalari qoʻmitasi masʼul etib belgilansin.
2. Qonun loyihalarini va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini koʻrib chiqishni tashkil etish boʻyicha muvofiqlashtiruvchi guruh ushbu qonun loyihasini Agrar va suv xoʻjaligi masalalari qoʻmitasiga, siyosiy partiyalar fraksiyalariga hamda Oʻzbekiston ekologik harakati deputatlar guruhiga topshirsin.
3. Agrar va suv xoʻjaligi masalalari qoʻmitasi siyosiy partiyalar fraksiyalari hamda Oʻzbekiston ekologik harakati deputatlar guruhining fikrlari va takliflarini hisobga olgan holda Qonunchilik palatasi Kengashiga mazkur qonun loyihasini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi koʻrib chiqishi uchun qabul qilish mumkinligi toʻgʻrisida xulosa taqdim etsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2018-yil 5-noyabr,
2093-III-son