O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
TOShKENT DAVLAT AVIATSIYA INSTITUTINI TAShKIL ETISh VA UNING FAOLIYATI MASALALARI TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 11avgustdagi 182-son “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirishlar kiritish, shuningdek ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Toshkent Davlat texnika universitetida kadrlar tayyorlash tarkibini takomillashtirish to‘g‘risida” 2008-yil 18-iyundagi 134-son qarori)” to‘g‘risidagi qarori bilan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Toshkent davlat aviatsiya institutini tashkil qilish to‘g‘risida” 1995-yil 31-maydagi Farmonini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Toshkent davlat aviatsiya instituti 1995-yilning 1-iyulidan boshlab tashkil etilsin.
Institut tarkibida Toshkent aviatsiya texnikumi va “O‘zbekiston havo yo‘llari” aviakompaniyasining o‘quv markazi negizida Toshkent aviatsiya kolleji va uchish-texnika o‘quv markazi barpo etilsin, bunda ularni mablag‘ bilan ta’minlash va faoliyat ko‘rsatishning mavjud tartibi saqlab qolinsin.
2. “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi, Chkalov nomidagi Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasi, “O‘zbekkoinot” agentligi Toshkent davlat aviatsiya institutining bazaviy korxonalari etib belgilansin, o‘qitiladigan talabalarning 50 foizi ularning buyurtmanomalari bo‘yicha test sinovlari yo‘li bilan reyting asosida, talabalarni o‘qitish xarajatlari to‘liq to‘langan holda qabul qilinadi.
Bazaviy korxonalar institutga o‘zining o‘quv-laboratoriya bazasini zamonaviy asbob-uskunalar va o‘qitishning texnika vositalari, kompyuter, audio va videotexnika, tashkiliy texnika va grafika chizadigan asbob-uskunalar bilan jihozlashda muntazam yordam ko‘rsatib tursinlar.
3. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi:
manfaatdor vazirliklar, idoralar va korxonalar bilan birgalikda bir oy muddatda institut ustavini, kollej va o‘qish-texnika o‘quv markazi to‘g‘risida nizom ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
“O‘zbekiston havo yo‘llari” aviakompaniyasi, Chkalov nomidagi Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasi, “O‘zbekkoinot” agentligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar hamda idoralar bilan kelishgan holda Toshkent davlat aviatsiya institutida va uning tarkibiy bo‘linmalarida kadrlar tayyorlanadigan mutaxassisliklar ro‘yxatini tasdiqlasin.
4. “O‘zbekiston havo yo‘llari” aviakompaniyasining aviakompaniya xodimlari uchun belgilangan imtiyozlarni Toshkent davlat aviatsiya institutining barcha o‘qituvchilari va xodimlariga joriy qilish to‘g‘risidagi, shuningdek, o‘qituvchi-professorlar tarkibining ish haqiga aviakompaniya mablag‘lari hisobiga ustamalar berish haqidagi. taklifi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
5. Moliya vazirligi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga ajratiladigan mablag‘lar doirasida Toshkent davlat aviatsiya institutini ta’minlash uchun zarur mablag‘lar ajratilishini nazarda tutsin.
6. Toshkent shahar hokimligi Toshkent davlat aviatsiya institutini va uning bo‘linmalarini Usmon Yusupov ko‘chasi, 107; Oxunboboyev ko‘chasi, 12; Gogol ko‘chasi, 77-uydagi binolarga va Toshkent, 167, Aeroport, uchish-texnika o‘quv markaziga joylashtirsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Vazirlar Mahkamasining Ta’lim va fan bo‘limiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1995-yil 12-iyul,
269-son