Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“OʻZINVESTLOYIHA” RESPUBLIKA INJINIRING KOMPANIYASINI TASHKIL ETISH TOʻGʻRISIDA
Investitsiya loyihalarini xalqaro standartlar talablari darajasida tayyorlash va ekspertiza qilishni taʼminlash hamda respublikada injiniring xizmatlari koʻrsatish bozorini rivojlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Oʻzogʻirsanoat”, “Oʻzmevasabzavotuzumsanoatloyiha”, “Oʻzengsanloyiha” loyihalash institutlari va Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining “Oʻzinvestloyiha” Respublika injiniring kompaniyasini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
“Oʻzinvestloyiha” Respublika injiniring kompaniyasining tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Belgilab qoʻyilsinki, “Oʻzinvestloyiha” kompaniyasi:
yuridik shaxs hisoblanadi va ochiq turdagi aksionerlik jamiyati shaklida tashkil etiladi. Bunda kompaniya tarkibiga kiruvchi loyihalash institutlari yuridik shaxs huquqini saqlab qoladilar;
ishlab chiqarish-xoʻjalik va moliya faoliyati masalalarini mustaqil ravishda hal qiladi, markazlashtirilgan zaxira, sugʻurta va boshqa fondlarni tashkil etadi. Kompaniya mablagʻlari ixtiyoriy pay va boshqa badallar hisobidan, shuningdek, ustavda nazarda tutilgan ishlab chiqarish va boshqa faoliyatlardan olingan daromadlardan shakllanadi;
oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga hisob beradi.
3. Belgilab qoʻyilsinki, “Oʻzinvestloyiha” Respublika injiniring kompaniyasining asosiy vazifalari va faoliyatining yoʻnalishlari quyidagilar hisoblanadi:
investitsiyadan oldingi tadqiqotlar (biznes-rejalar, texnik-iqtisodiy asoslashlar, mablagʻ bilan taʼminlash rejalari va boshqa ishlar)ni bajarish va investitsiya loyihalariga ekspert-maslahatlarni ilova qilish;
investitsiya loyihalarining loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish;
investitsiya loyihalarini xalqaro standartlarga muvofiq tayyorlash uchun metodik tavsiyanomalar, shakllar va koʻrsatkichlar ishlab chiqish.
4. Kompaniya tarkibiga kiruvchi institutlarni quyidagi yoʻnalishlarda ixtisoslashtirish maqsadga muvofiq deb hisoblansin:
“Oʻzogʻirsanoat” aksionerlik jamiyati — respublika iqtisodiyoti bazaviy tarmoqlarida investitsiya loyihalarini ishlab chiqishga;
“Oʻzmevasabzavotuzumsanoatloyiha” loyihalash instituti — qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqat sanoati sohasida hamda bosh institut va respublika viloyatlaridagi filiallar bazasida oʻrta va kichik biznesni rivojlantirish sohasida investitsiya loyihalarini ishlab chiqishga;
“Oʻzengsanloyiha” jamoa korxonasi — yengil sanoat va paxtani qayta ishlash sanoati sohasida investitsiya loyihalarini ishlab chiqishga.
5. Kompaniya taʼsischilarining Kompaniya ustav fondini 20 mln soʻm miqdorida, ulushlarni quyidagicha taqsimlagan holda, shakllantirish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin:
“Oʻzogʻirsanoat” aksionerlik jamiyati — 19,6 foiz;
“Oʻzmevasabzavotuzumsanoatloyiha” loyihalash instituti — 17,8 foiz;
“Oʻzengsanloyiha” jamoa korxonasi — 10,1 foiz;
Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki — 52,5 foiz.
6. Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankiga Kompaniyaga:
Kompaniyani texnik jihozlash va uni hamda uning loyihalash tashkilotlarini xalqaro axborot tizimlariga kiritishni taʼminlashda;
zarur zamonaviy dasturiy mahsulotlar sotib olishda;
marketing tadqiqotlarini tashkil etish va oʻtkazishda;
loyihalash tashkilotlarining moddiy-texnika bazalarini rivojlantirishda;
xorijiy mutaxassislarni jalb qilish va Kompaniya mutaxassislarini xorijda oʻqitishni tashkil etishda foydalanish uchun belgilangan tartibda muayyan maqsadli uzoq muddatli kredit liniyasi ajratish tavsiya etilsin.
7. “Oʻzinvestloyiha” Respublika injiniring kompaniyasi ijro etuvchi apparatining tuzilmasiga 2 va 2a-ilovalarga muvofiq va uning xodimlarining cheklangan soni 35 kishidan iborat boʻlishiga rozilik berilsin.
“Oʻzinvestloyiha” kompaniyasiga raisning ikki nafar oʻrinbosariga, shu jumladan, bir nafar birinchi oʻrinbosariga ega boʻlish tavsiya etilsin.
Kompaniya raisi va uning oʻrinbosarlari Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
8. Tarmoq loyihalash institutlari faoliyatini tahlil qilish uchun 3-ilovaga* muvofiq idoralararo komissiya tuzilsin.
*3-ilova berilmaydi.
Idoralararo komissiya ikki oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga tahlil natijalari boʻyicha investitsiya loyihalarini tayyorlash tizimini takomillashtirish yuzasidan takliflar hamda zarur boʻlgan hollarda loyihalash institutlarini qayta tashkil etish va qayta ixtisoslashtirishga doir tavsiyalar kiritsin.
9. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bir oy muddatda loyihalarni mablagʻ bilan taʼminlash, investitsiya loyihalarini ishlab chiqish va ekspertiza qilish, texnologiyalar va tovarlarning ichki va xorijiy bozorlarida marketing tadqiqotlarini tashkil etish va oʻtkazish sohasidagi kadrlarni muayyan maqsad bilan tayyorlash yuzasidan takliflar kiritsin.
10. Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining Bankning loyihalarni mablagʻ bilan taʼminlash boshqarmasini bankning tarkibiy boʻlinmasi sifatida Loyihalarni mablagʻ bilan taʼminlash markaziga aylantirish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
Belgilab qoʻyilsinki, Markazning asosiy vazifalari quyidagilar hisoblanadi:
ishlab chiqilgan biznes-rejalar va texnik-iqtisodiy asoslashlar boʻyicha investitsiya loyihalarini uzil-kesil moliyaviy ekspertiza qilish;
xorijiy moliya muassasalarini jalb qilgan holda investitsiya loyihalarini mablagʻ bilan taʼminlashning eng maqbul sxemalarini aniqlash;
loyihani mablagʻ bilan taʼminlash va loyihalash hamda boshqa tashkilotlarga konsalting xizmatlari koʻrsatish metodologiyasini ishlab chiqish.
11. “Oʻzinvestloyiha” Respublika injiniring kompaniyasi bir oy muddatda oʻz Ustavini ishlab chiqsin va kelishib olish uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki ikki hafta muddatda Loyihalarni mablagʻ bilan taʼminlash markazi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlasin.
12. “Oʻzinvestloyiha” Respublika injiniring kompaniyasi Toshkent shahar, Pushkin koʻchasi, 88-uydagi “Oʻzogʻirsanoat” instituti binosiga joylashtirilsin.
13. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosarlari R.R. Yunusov, Oʻ.T. Sultonov, B.S. Hamidovlar zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1995-yil 11-iyul,
265-son
“Oʻzinvestloyiha” Respublika injiniring kompaniyasining
TUZILMASI
“Oʻzogʻirsanoat” aksionerlik jamiyati
“Oʻzmevasabzavotuzumsanoatloyiha” loyihalash instituti
“Oʻzengsanloyiha” jamoa korxonasi
“Oʻzinvestloyiha” Respublika injiniring kompaniyasi ijro etuvchi apparatining
TUZILMASI
Rahbariyat
Investitsiya loyihalarini ishlab chiqish metodologiyasi boʻlimi
Marketing tadqiqotlari boʻlimi
Monitoring va loyihalarni ekspert-maslahat kuzatuvi boʻlimi
Axborot texnologiyalari boʻlimi
Kadrlar tayyorlash boʻlimi
Moliya-iqtisodiyot boʻlimi
Yuridik boʻlim
Ishlar boshqarmasi
“Oʻzinvestloyiha” Respublika injiniring kompaniyasi ijro etuvchi apparatining
TUZILMASI