Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat soliq bosh boshqarmasi tarkibida valyuta tushumlarini nazorat qilish boʻyicha maxsus boʻlinmalar tashkil etish toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 28-avgustdagi 677-sonli “Davlat soliq xizmati organlari faoliyatini huquqiy tartibga solishni yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
“Oʻzbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi asoslari toʻgʻrisida”gi Qonunga muvofiq va respublika valyuta jamgʻarmasini shakllantirishning barqarorligini taʼminlash, xorijiy valyutada olinadigan soliqlar, yigʻimlar va boj toʻlovlarini hisoblash, toʻlashning toʻgʻriligini, ularning oʻz vaqtida toʻlanganligini va toʻliqligini nazorat qilishni tartibga solish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat soliq bosh boshqarmasi tarkibida Valyuta tushumlarini nazorat qilish boʻyicha maxsus boshqarma va Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar davlat soliq boshqarmalarida tegishli boʻlinmalar tashkil etilsin.
Davlat soliq organlari xodimlari soni 100 kishiga, shu jumladan, markaziy apparat xodimlari soni 20 kishiga koʻpaytirilsin. Qoʻshimcha ravishda Davlat soliq bosh boshqarmasi boshligʻining oʻrinbosari lavozimi joriy etilsin. Moliya vazirligi qoʻshimcha ravishda ajratilgan xodimlar sonini saqlash uchun zarur mablagʻlar va limitlar ajratishni nazarda tutsin.
2. Belgilansinki, Valyuta tushumlarini nazorat qilish maxsus boshqarmasi va uning hududiy boʻlinmalari oʻz faoliyatlarida Oʻzbekiston Respublikasining soliq organlari toʻgʻrisidagi amalda boʻlgan qonunlarga amal qiladilar va quyidagi asosiy vazifalarni bajaradilar:
a) Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy valyutada olinadigan va soliqlar, yigʻimlar, boj toʻlovlarini va boshqa majburiy toʻlovlarni hisoblash va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi qonunlarga rioya qilinishi ustidan nazoratni taʼminlash, shu jumladan:
mahsulotlarni, ishlarni va xizmatlarni eksport qilishdan olinadigan majburiy ajratmalarning tushishi;
valyutani chet elga oʻtkazishda xorijiy investorlarning daromadlariga solinadigan soliqlarning tushishi;
xorijiy sarmoya ishtirokida tuzilgan korxonani, tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilarini, shuningdek, tovarlarni xorijiy valyutada sotuvchi va xorijiy valyutada xizmat koʻrsatuvchi shaxslarni roʻyxatdan oʻtkazganlik uchun boj toʻlovlari va yigʻimlar toʻlanishi;
valyuta qiymatiga ega boʻlib respublika valyuta jamgʻarmasiga kiritiluvchi musodara qilingan tovar-moddiy boyliklar va kontrabanda puli tushishi;
oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi hududida amalga oshiruvchi jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga binoan joriy etilgan boshqa soliqlar va majburiy toʻlovlar toʻlanishi ustidan nazoratni taʼminlash;
b) respublika valyuta jamgʻarmasini shakllantirish sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirishda qatnashish;
v) xorijiy valyutada soliq toʻlovchilarni, soliq solinadigan obyektlarni, daromadlarni toʻliq va oʻz vaqtida hisobga olishni taʼminlash;
g) chet el valyutasiga sotiladigan yoki valyuta qiymatiga ega boʻlib musodara qilingan, egasiz mol-mulkni, vorislik huquqi boʻyicha davlat ixtiyoriga oʻtgan mol-mulkni va xazinalarni hisobga olishni hamda sotishni nazorat qilish;
d) xorijiy davlatlar bank muassasalarida ochilgan Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlarining valyuta schyotlari va sarmoyalarining harakatini nazorat qilish, ikki marta soliq solishlarni bartaraf etish va investitsiyalarni himoya qilish toʻgʻrisidagi hukumatlararo shartnomalarni amalga oshirish;
e) Oʻzbekiston Respublikasining soliqlar, yigʻimlar, boj toʻlovlarini va boshqa majburiy toʻlovlarni hisoblash va toʻlash sohasidagi qonunlarini buzganlik uchun chet el valyutasida moliyaviy sanksiyalarni belgilangan tartibda qoʻllash;
j) xorijiy valyutadagi soliqlar, yigʻimlar, boj toʻlovlarini va boshqa majburiy toʻlovlarni hisoblash va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi amaldagi qonunlarni tushuntirish va amalga oshirish yuzasidan xizmatlar koʻrsatish;
z) xorijiy valyutadagi soliqlar, yigʻimlar, boj toʻlovlarini va boshqa majburiy toʻlovlarni hisoblash va toʻlash masalalari boʻyicha shikoyatlarni belgilangan tartibda koʻrib chiqish.
3. Belgilab qoʻyilsinki:
Valyuta tushumlarini nazorat qilish boʻyicha maxsus boshqarma boshligʻi Davlat soliq bosh boshqarmasi boshligʻining oʻrinbosari hisoblanadi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tayinlanadi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar davlat soliq boshqarmalari valyuta tushumlarini nazorat qiluvchi boʻlimlarining boshliqlari tegishli davlat soliq boshqarmalari boshliqlarining oʻrinbosarlari hisoblanadilar va Davlat soliq bosh boshqarmasining boshligʻi tomonidan tayinlanadilar;
Oʻzbekiston Respublikasi soliq qonunlarini buzganlik, oʻz xizmat burchlarini bajarmaganlik yoki koʻngildagidek bajarmaganlik uchun Valyuta tushumlarini nazorat qilish boʻyicha maxsus boshqarmaning va uning hududiy boʻlinmalarining mansabdor shaxslari amaldagi qonunga muvofiq intizomiy, maʼmuriy yoki jinoiy javobgarlikka tortiladilar.
4. Moliya vazirligi Markaziy bank va Davlat soliq bosh boshqarmasi bilan birgalikda bir oy muddatda amaldagi qonunlarga muvofiq xorijiy valyutada daromad oluvchi yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan budjetga chet el valyutasida toʻlanadigan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni hisoblash va toʻlash tartibini, shuningdek, statistika hisobotining shakllarini ishlab chiqsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki bilan birgalikda maxsus schyotlar ochish va chet el valyutasida hisob-kitob yuritish tartibini belgilovchi normativ hujjatlarga tegishli oʻzgartirishlar kiritsin, bunda yuridik shaxslarning budjet oldidagi qarzlarini birinchi navbatda va bahslashmaydigan tartibda uzishni nazarda tutsin. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi zarur boʻlgan hollarda budjet daromadlari va xarajatlari klassifikatsiyasiga tegishli oʻzgartirishlar kiritsin.
6. Respublika soliq organlari funksiyalarining kengayishi munosabati bilan, shuningdek, ularning moddiy-texnika negizlarini rivojlantirish va mustahkamlash, hisobga olish, nazorat qilish, aloqani avtomatlashtirishning zamonaviy vositalarini qoʻllash uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida:
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Davlat soliq bosh boshqarmasi taqdim etgan hisob-kitoblar boʻyicha kompyuter, tashkiliy texnika, jihozlar va aloqa vositalari sotib olish va oʻrnatish uchun zarur boʻlgan mablagʻlarni ajratsin;
tekshirishlar va taftishlar davomida qoʻshimcha hisobga olingan mablagʻlarning, shuningdek, xorijiy valyutada solinadigan soliqlar, yigʻimlar, boj toʻlovlarini va boshqa majburiy toʻlovlarni hisoblash va toʻlash sohasidagi qonunlarni buzganlik uchun undirilgan moliyaviy sanksiyalardan tushgan mablagʻlarning 10 foizini soliq organlarini rivojlantirish jamgʻarmasiga yoʻnaltirishga ruxsat etilsin;
Toshkent shahar hokimligi Davlat soliq bosh boshqarmasi apparatining barcha boʻlimlarini joylashtirish uchun Toshkent shahar, Abay koʻchasi, 4-uydagi binolarni boʻshatish bilan bogʻliq masalalarni hal qilsin;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari mintaqaviy soliq organlari ishlab chiqarish maydonlarini kengaytirish masalasini hal qilsinlar,
Oʻzbekiston Respublikasi Aloqa vazirligi Davlat soliq bosh boshqarmasi bilan birgalikda soliq organlarining yagona kompyuter tarmogʻini va zarur maʼlumotlar negizini tashkil etishni hisobga olib, aloqa kanallarini ishga tushirishni taʼminlasin;
“Oʻzshartnomasavdo”, Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi kompyuter va tashkiliy texnikalar sotib olishda Davlat soliq bosh boshqarmasiga yordam koʻrsatsinlar.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari B. S. Hamidov va Oʻ. T. Sultonov oʻrtoqlar zimmasiga yuklatilsin. Qarorning qanday bajarilayotganligi Vazirlar Mahkamasining 1993-yil iyul oyidagi yigʻilishida koʻrib chiqilsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1993-yil 26-aprel,
191-son