Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
JAMOA ChORVAChILIGI FERMERLARI, DEHQON (FERMER) XOʻJALIKLARI VA QIShLOQ XOʻJALIGIDAGI DAVLAT TASARRUFIDA BOʻLMAGAN BOShQA TUZILMALARGA TEXNIK HAMDA ZOOVETERINARIYA XIZMATI KOʻRSATISh MASALALARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Yangidan tashkil etilayotgan xususiy jamoa chorvachiligi fermalari, dehqon (fermer) xoʻjaliklariga va davlat tasarrufida boʻlmagan mulkchilik shaklidagi boshqa boʻlinmalarga koʻrsatiladigan xizmatlarni kengaytirish, normal ishlab chiqarish faoliyatlari uchun ularga shart-sharoitlar yaratib berish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Dehqonchilik sanoati kompleksini moddiy-texnikaviy taʼminlash va texnikani tuzatish davlat-kooperativ qoʻmitasi (“Oʻzqishloqxoʻjaliktaʼminottuzatish”) huzurida Oʻzbekiston Respublikasining viloyat va tumanlarida tegishli boʻlinmalarga ega boʻlgan jamoa aʼzolariga xususiy mulk sifatida berilgan chorvachilik fermalari, shuningdek, dehqon (fermer) xoʻjaliklari va davlat tasarrufida boʻlmagan mulkchilik shaklidagi boshqa tuzilmalarga xizmat koʻrsatish boʻyicha xoʻjalik hisobidagi Respublika birlashmasi tashkil etilsin.
2. Respublika birlashmasining asosiy vazifalari qilib quyidagilar belgilansin:
jamoa chorvachiligi fermalari, dehqon (fermer) xoʻjaliklari va boshqa mahsulot ishlab chiqaruvchilar uchun texnika, asbob-uskunalar va boshqa jihozlar ishlab chiqarishni tashkil etish;
ular uchun mashina va mexanizmlar, ehtiyot qismlar hamda tuzatish materiallari keltirish va sotish;
dehqonchilik va chorvachilikdagi ushbu toifa xoʻjaliklarning texnika vositalarini tuzatish va ularga xizmat koʻrsatish ishlarini bajarish, jamoa chorvachiligi fermalari, dehqon (fermer) xoʻjaliklari va mulkchilikning boshqa shaklidagi boʻlinmalarning buyurtmalariga koʻra qishloq xoʻjaligi va boshqa ishlarni amalga oshirish;
jamoa mulkida boʻlgan dehqon (fermer) xoʻjaliklari va fermalarga xizmat koʻrsatuvchi zooveterinariya punktlarini jihozlar hamda maxsus texnikalar bilan butlash.
3. Respublika birlashmasi va uning joylardagi boʻlinmalari oʻz faoliyatlarini xoʻjaliklar bilan tuzilgan shartnomalar asosida xoʻjalik hisobi prinsiplarida amalga oshiradilar.
4. Xoʻjalik hisobidagi Respublika birlashmasi apparatining xodimlari soni, xizmat koʻrsatuvchi xodimlardan tashqari, 20 kishidan iborat qilib belgilansin va u Toshkent shahrida joylashtirilsin.
5. “Oʻzqishloqxoʻjaliktaʼminottuzatish” davlat qoʻmitasi oʻn kun muddat ichida jamoa chorvachiligi fermalari, dehqon (fermer) xoʻjaliklari va qishloq xoʻjaligidagi davlat tasarrufida boʻlmagan boshqa tuzilmalarga xizmat koʻrsatish boʻyicha xoʻjalik hisobidagi Respublika birlashmasi toʻgʻrisidagi nizomni, shuningdek, uning viloyat hamda tuman boʻlinmalarining namunaviy tuzilmasini tayyorlasin va tasdiqlasin.
Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, Respublika birlashmasining tuman boʻlinmalari tuman qishloq xoʻjaliktaʼmimottuzatish birlashmalari huzurida faoliyat koʻrsatayotgan servis ijara punktlari, maxsus magazinlar va chorvachilik fermalari uskunalariga texnik xizmat koʻrsatuvchi stansiyalarning negizlarida tashkil etiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi jamoa fermalari mulkidagi, dehqon (fermer) xoʻjaliklari va qishloq aholisining chorva mollariga zooveterinariya xizmati koʻrsatishni tashkil etsin. Shu maqsadlarda tumanlar veterinariya boʻlinmalari huzurida davlat veterinariya organlarining uslubiy rahbarligi ostida ishlovchi malakali mutaxassislardan iborat ixtisoslashtirilgan idoraviy va xususiy zooveterinariya xizmatlari tashkil etilsin.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 20-yanvardagi 21-son qarori tahririda)
7. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat soliq bosh boshqarmasi oʻn kun muddat ichida Respublika birlashmasining boʻlinmalariga imtiyozli soliq solish toʻgʻrisidagi taklifni Vazirlar Mahkamasiga taqdim etsin.
8. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi viloyatlar hokimliklari yangidan tashkil etilayotgan Respublika birlashmasining viloyat va tuman boʻgʻinlarini tuzish va ularning ishini tashkil etishda amaliy yordam koʻrsatsinlar.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1993-yil 7-aprel,
174-son