Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
Qarori
2020 — 2023-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlar ijro etilishining borishi toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 11-noyabrdagi “2020 — 2023-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4889-sonli qarorining 17-bandida belgilangan tavsiyalarni inobatga olib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2020-yil 17-noyabrdagi KQ-156-IV-sonli qaroriga muvofiq 2020 — 2023-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlar ijro etilishining borishi toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati bu borada muayyan ishlar amalga oshirilganini qayd etadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarori asosida 2788 ta loyiha va obyektlarda 21 trln. 209 mlrd. soʻmlik keng koʻlamli ishlar bajarilishi rejalashtirilgan.
Jumladan, 2020 — 2023-yillar davomida amalga oshirilishi belgilangan jami 12 trln. 293 mlrd. soʻmlik 1 ming 359 ta loyihadan 3 trln. 164 mlrd. soʻmlik 1 ming 108 ta investitsiya loyihasi, shu jumladan qishloq xoʻjaligi sohasida 592 mlrd. soʻmlik 358 ta loyiha, sanoat sohasida 1 trln. 981 mlrd. soʻmlik 311 ta loyiha, xizmat koʻrsatish sohasida 590,8 mlrd. soʻmlik 439 ta loyiha moliyalashtirilgan (tashabbuskorning oʻz mablagʻi hisobidan 1 trln. soʻm, bank krediti hisobidan 660,4 mlrd. soʻm, xorijiy kredit liniyalari hisobidan 131,1 mln. AQSh dollari hamda xorijiy investorlar hisobidan 14,5 mln. AQSh dollari).
Mazkur moliyalashtirilgan loyihalarning 605 tasi (899,6 mlrd. soʻm), shu jumladan qishloq xoʻjaligi sohasida 213 tasi (327 mlrd. soʻm), sanoat sohasida 161 tasi (268,1 mlrd. soʻm) hamda xizmat koʻrsatish sohasida 231 ta (304,5 mlrd. soʻm) ishga tushirilib, jami 3 ming 166 ta yangi ish oʻrni yaratilgan.
Parlament nazorati doirasida senatorlar tomonidan hududlarda mavjud muammolarni joyida hal etish choralari koʻrib borilmoqda.
Xususan, Taxtakoʻpir tumanida olib borilgan oʻrganishlar jarayonida “Oʻzbekiston” MFY hududida “Qora oy parranda” MChJga tegishli parrandachilik fermasini qurish ishlari ekologik ekspertizadan oʻtkazilmasdan va atrofdagi xonadonlar aholisi bilan kelishilmasdan boshlab yuborilganligi maʼlum boʻldi. Senatning Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish masalalari qoʻmitasi tomonidan mahalliy Kengash deputatlari va jamoatchilik bilan birgalikda ushbu masala yuzasidan aholi oʻrtasida tushuntirish ishlari oʻtkazilib, ularning roziligi olindi hamda loyihaning ekologik ekspertizadan oʻtkazilishiga amaliy yordam koʻrsatildi.
Shuningdek, mazkur tumanning “Qora ogʻoch” ovuli “Otakoʻl” OFY hududida suv taʼminoti hamda uning sifati muammo ekanligi inobatga olinib, soatiga 5 kub metr suvni tozalaydigan va chuchuklashtiradigan inshootni oʻrnatib berish ishlari boshlab yuborildi.
Oʻrganishlar jarayonida erishilgan ijobiy natijalar bilan bir qatorda, ayrim kamchiliklarga ham yoʻl qoʻyilganligi aniqlandi.
Jumladan, 2020-yilning 5-dekabriga qadar ishga tushishi lozim boʻlgan jami 974,5 mlrd. soʻmlik 76 ta loyiha turli sabablarga koʻra belgilangan muddatlarda ishga tushirilmagan.
Bundan tashqari, bank krediti hisobidan ishga tushirilishi lozim boʻlgan 15 ta loyihaga 15,1 mlrd. soʻmlik kredit mablagʻlari oʻz vaqtida ajratilmagan.
Tahlil qilish jarayonida 2020 — 2023-yillar ijtimoiy-iqtisodiy dasturga kiritilgan, biroq muammoli sabablarga koʻra jami 114,2 mlrd. soʻmlik 70 ta loyiha istiqbolsiz deb topilgan.
Shuningdek, qator loyihalar hokimliklar tomonidan masʼul banklar bilan kelishmagan holda Dasturga kiritilishi natijasida ularni amalga oshirish imkonsiz boʻlib qolmoqda.
Bundan tashqari, belgilangan kvotaga asosan tadbirkorlik subyektlari tomonidan Orol dengizidan yiliga 2 ming tonna artemiya olinadi. Biroq sanoqli tadbirkorlik subyektlari artemiyani qayta ishlash va dekapsulatsiya qilish imkoniyatiga ega. Qolgan tadbirkorlik subyektlari esa artemiya xom-ashyosini noqulay sharoitlarda saqlab isrofgarchilikka yoʻl qoʻymoqda.
“Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 14-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi:
1. 2020 — 2023-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlarining ijrosi yuzasidan Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish masalalari qoʻmitasi raisi B. Alixanovning axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. 2020 — 2023-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturiga kiritilgan 70 ta loyihani amalga oshirishda mahalliy hokimliklar, masʼul vazirlik, idora hamda tijorat banklari tomonidan oʻz vaqtida yetarli ishlar olib borilmaganligi qayd etilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
istiqbolsiz loyihalar oʻrniga taklif etilayotgan loyihalarni oʻrganib chiqib, hududlarning oʻziga xos imkoniyatlari, infratuzilmasi va “oʻsish nuqtasi”ni hisobga olgan holda investitsiya dasturlariga kiritish chorasini koʻrsin;
Qoraqalpogʻiston Respublikasining shahar, tumanlariga masʼul etib biriktirilgan vazirlik, idoralar rahbarlarining belgilangan vazifalarni oʻz vaqtida bajarilishi yuzasidan masʼuliyatini oshirishni taʼminlasin;
Qoraqalpogʻiston Respublikasining Joʻqorgʻi Kengesi va Vazirlar Kengashi bilan kelishilgan holda artemiya sistasini ovlash va qayta ishlashni kompleks rivojlantirish maqsadida zarur normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqsin hamda sohaga investitsiyani keng jalb qilish orqali eksportbop mahsulotlarni ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish choralarini koʻrsin;
2021-yilning 1-fevraliga qadar mazkur bandda belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan Oliy Majlis Senatiga tahliliy maʼlumot kiritsin.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasining shahar, tumanlariga masʼul etib biriktirilgan vazirlik, idoralar tijorat banklari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va mahalliy hokimliklar bilan birgalikda bir hafta muddatda:
dasturga kiritilgan, biroq istiqbolsiz deb topilgan loyiha tashabbuskorlari bilan uchrashib, mavjud muammolarni qayta tahlil qilib chiqsin va barcha zarur choralarni koʻrgan holda ushbu loyihalarni amalga oshirilishini taʼminlasin;
istiqbolsiz loyihalar oʻrniga taklif etilayotgan yangi loyihalarni har tomonlama oʻrganib, asoslantirilgan takliflarni ishlab chiqsin va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
dasturda belgilangan 76 ta loyihani ishga tushirish muddatlari kechikayotganligi sabablarini oʻrganib, joriy yil yakuniga qadar ularni ishga tushirish choralarini koʻrsin.
5. Qoraqalpogʻiston Respublikasining Joʻqorgʻi Kengesiga:
2020 — 2023-yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha belgilangan chora-tadbirlar ijrosi ustidan qatʼiy deputatlik nazoratini tashkil etish;
mahalliy Kengash deputatlari tomonidan mahallalar (okruglar) kesimida amalga oshiriladigan loyihalarning ijro holatini har oy yakuni bilan sessiyalarda muhokama qilib borish tavsiya etilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati Kengashining 2020-yil 17-noyabrdagi KQ-156-IV-sonli Qaroriga muvofiq Qoraqalpogʻiston Respublikasining tegishli hududlariga biriktirilgan Oliy Majlis Senati aʼzolari:
muddati kelgan, lekin ishga tushirilmagan loyihalar boʻyicha tegishli masʼul vazirlik va idoralarga parlament nazorati tartibida soʻrovlar yuborsin;
loyihalarni senatorlar, tashabbuskorlar, vazirlik va idoralar, tijorat banklari ishtirokida batafsil tahlil qilib, mavjud muammolarni hal qilish, amalga oshirilayotgan ishlarni kunlik nazoratga olsin;
ishga tushirilgan loyihalarning ahamiyati yuzasidan jamoatchilik xabardorligini oshirish choralarini koʻrsin;
har oy yakunida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish masalalari qoʻmitasiga axborot kiritib borsin.
7. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish masalalari qoʻmitasi raisi B. Alixanov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2020-yil 18-dekabr,
SQ-193-IV-son