Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
TOShKENT DAVLAT UNIVERSITETI HUZURIDA OLIY PEDAGOGIKA INSTITUTINI VA TOShKENT DAVLAT TEXNIKA UNIVERSITETI HUZURIDA OLIY MUHANDISLIK PEDAGOGIKASI INSTITUTINI TAShKIL ETISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 23-noyabrdagi 327-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oliy taʼlim muassasalari pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2012-yil 26-sentabrdagi 278-son qarori)” qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan
Oliy va oʻrta maxsus oʻquv yurtlari oʻqituvchilari malakasini oshirishning va ularni qayta tayyorlashning ilmiy, muhandis va pedagog xodimlar tayyorlash dasturlari mazmunini yangilashning muhimligini hisobga olib, shuningdek, qayta tayyorlash va malaka oshirish tizimi oʻquv yurtlari faoliyatini muvofiqlashtirish va tartibga solishni yaxshilash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Toshkent davlat universiteti huzuridagi ilgari tugatilgan Ijtimoiy fanlar oʻqituvchilari malakasini oshirish instituti va tabiiy fanlar oʻqituvchilari malakasini oshirish fakulteti hamda Toshkent davlat texnika universiteti huzuridagi ilgari tugatilgan Tarmoqlararo malaka oshirish institutining moddiy-texnika negizida Toshkent davlat universiteti huzurida Oliy pedagogika institutini xamda Toshkent davlat texnika universiteti huzurida Oliy muhandislik pedagogikasi institutini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
2. ToshDU huzuridagi Oliy pedagogika instituti faoliyatining asosiy yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilansin:
malaka oshirish hamda respublika oliy va oʻrta maxsus oʻquv yurtlari ijtimoiy va tabiiy ixtisosliklaridagi professor-oʻqituvchilar tarkibining kasb mahoratini takomillashtirish boʻyicha oʻquv-uslubiy ishlarni amalga oshirish;
ilmiy, oʻquv-uslubiy va tarbiyaviy ishlarning ilgʻor usullarini oʻrganish, umumlashtirish va yoyish;
mustaqil Oʻzbekistonning ichki va tashqi siyosatini tushuntirish;
ijtimoiy va tabiiy fanlar sohasidagi eng yangi bilimlar asosida oʻqituvchilar va tinglovchilar uchun oʻquv-uslubiy adabiyot va tematik toʻplamlar chiqarish;
ToshDTU huzuridagi Oliy muhandislik pedagogikasi instituti faoliyatining asosiy yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilansin;
tarmoq muhandis-texnik xodimlarining (shartnoma asosida), texnika oliy va oʻrta maxsus oʻquv yurtlari oʻqituvchilarining malakasini oshirish, fan va texnikaning eng yangi yutuqlarini hisobga olgan holda tinglovchilarning kasb mahoratini takomillashtirish, maxsus fanlar sohasida bilimlarni, oʻqitishning faol usullari va texnologiyalarini, oliy va oʻrta maxsus maktab pedagogikasi va psixologiyasini, umumiy madaniyatni, tarbiya va informatika usullarini chuqurlashtirish va yangilash;
ilgʻor tajribani toʻplash, tahlil qilish, umumlashtirish va yoyish boʻyicha oʻquv-uslubiy ishlarni amalga oshirish;
fan va texnikaning eng yangi yutuqlarini targʻib qilish;
oʻquv-uslubiy adabiyot, oʻqituvchilarga va tinglovchilarga yordam tariqasida tematik toʻplamlar chiqarish.
3. Belgilab qoʻyilsinki, oliy oʻquv yurtlarining professor-oʻqituvchilar tarkibi hamda oʻrta maxsus oʻquv yurtlarining oʻqituvchilari 2-3 yilda kamida bir marta, vazirliklarning tasdiqlangan jadvali boʻyicha, malaka oshirish tizimi oʻquv yurtlarida, ixtisoslikka bogʻliq ravishda, 3 oygacha boʻlgan muddat bilan vaqt-vaqti bilan oʻqishlari majburdirlar.
Malaka oshirish muddati va natijalari pedagog xodimlar bilan kontrakt (shartnoma)lar tuzishda (qayta tuzishda) hisobga olinsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi 1 oy muddatda:
tashkil etilgan institutlarning maqomi va faoliyati toʻgʻrisidagi Nizomni, ularning tuzilmasi va shtatlarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin. Belgilab qoʻyilsinki, qayd qilib oʻtilgan institutlar professor-oʻqituvchilar tarkibining soni bir oʻqituvchiga toʻgʻri keladigan tinglovchilarning oʻrtacha yillik kontingenti mazkur ixtisos boʻyicha mutaxassislar tayyorlaydigan oliy oʻquv yurtlari uchun belgilanadigan meʼyorlardan 25 foiz kam boʻlishi kerakligidan kelib chiqqan holda belgilanadi;
oliy va oʻrta maxsus oʻquv yurtlariga ega boʻlgan vazirliklar va idoralar bilan birgalikda professor-oʻqituvchilar tarkibining mutaxassisliklar boʻyicha malakasini oshirishning 1993—1998-yillarga moʻljallangan jadvalini tayyorlasin;
oliy pedagogika va oliy muhandislik pedagogikasi institutlarining moddiy negizini yangilash va mustahkamlash chora-tadbirlarini amalga oshirsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining hisob-kitoblariga muvofiq hamda shartnoma boʻyicha tushuvchi mablagʻlarni hisobga olgan holda Oliy muhandislik pedagogikasi instituti faoliyatini amalga oshirishga va uning xarajatlariga zarur mablagʻlar ajratishni nazarda tutsin.
6. Toshkent davlat universiteti huzuridagi Oliy pedagogika instituti Amir Temur koʻchasidagi 60-A-uyga va Toshkent davlat texnika universiteti huzuridagi Oliy muhandislik pedagogikasi instituti Talabalar shaharchasi, Talabalar koʻchasi, 91-uyga joylashtirilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 19-iyundagi 294-son qarorining Amir Temur koʻchasidagi 60-A-uydagi ToshDU huzuridagi sobiq malaka oshirish instituti egallab kelgan binoni Toshkent shahar hokimligi balansiga oʻtkazishga oid 2-bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari oʻrtoq M.Q. Qoraboyev zimmasiga yuklatilsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1993-yil 5-iyun,
270-son