Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“RADIOELEKTRONTEXASBOB” KONSERNI VA “DEU ELEKTRONIKS KO LTD” KORPORATSIYASI TOMONIDAN “ALGODEU” QOʻSHMA KORXONASI TASHKIL ETILISHI TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasi bilan Koreya Respublikasi oʻrtasida iqtisodiy hamkorlik toʻgʻrisidagi davlatlararo bitimga muvofiq hamda ichki ehtiyojlarni qondirish va eksport qilish uchun respublikada roʻzgʻor konditsionerlari, elektrisitgichlar, sovutgichlar uchun kompressorlar ishlab chiqarish boʻyicha quvvatlarni barpo etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston “Radioelektrontexasbob” davlat konserni bilan Koreya Respublikasining “DEU Elektroniks Ko Ltd” korporatsiyasi tomonidan ustav fondi 30 mln AQSH dollari, oborot mablagʻi 20 mln AQSH dollari miqdorida boʻlgan hamda har bir qatnashchining ulushi 50 foiz boʻlgan roʻzgʻor elektr buyumlari ishlab chiqarish qoʻshma korxonasini barpo etish toʻgʻrisida bitim imzolanganligi axborot uchun qabul qilinsin.
2. “Radioelektrontexasbob” konserni 2 oy muddatda Toshkent “Algoritm” ishlab chiqarish birlashmasi negizida “AlgoDEU” qoʻshma korxonasini barpo etish boʻyicha taʼsis hujjatlarini tayyorlashni nihoyasiga yetkazsin hamda belgilangan tartibda uni davlat roʻyxatidan oʻtkazishni amalga oshirsin.
3. Istiqbolni belgilash va statistika davlat qoʻmitasi “AlgoDEU” qoʻshma korxonasida roʻzgʻor konditsionerlarini, elektrisitgichlarni hamda sovutgichlar uchun kompressorlarni ishlab chiqarishni tashkil etish boʻyicha ishlarni Oʻzbekiston Respublikasi investitsiya dasturiga kiritsin.
4. “AlgoDEU” qoʻshma korxonasi tayyorgarlik koʻrish va ishlab chiqarishni oʻzlashtirish davrida va mahsulot ishlab chiqarish boshlangandan keyin 5 yil davomida, mahsulot eksport qilish boʻyicha esa — 5 yilga Oʻzbekiston hududida amal qiluvchi soliqlarning barcha turlaridan ozod qilinsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki “AlgoDEU” qoʻshma korxonasiga 1993-yilda ustav fondiga oʻtkazish uchun 10 mln AQSH dollari hamda Oʻzbekiston tomonidan oborot mablagʻi hosil qilish uchun 1,2 mln AQSH dollari, 1994-yilda esa ushbu maqsadlar uchun tegishli ravishda 5 mln AQSH dollari va 8,8 mln AQSH dollari ajratishni nazarda tutsinlar.
6. “AlgoDEU” qoʻshma korxonasiga quyidagi huquqlar berilsin:
xorijiy boshqaruv va texnik xodimlarni ular mehnatiga “AlgoDEU” hisobidan AQSH dollarida haq toʻlagan holda ulardan daromad soligʻi olmasdan, bu toʻlovlarni chet elga oʻtkazish soligʻi va Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa soliqlarni undirmasdan taklif etish;
investitsiyalar va zayomlarni qoʻyish uchun banklarda valyuta schyotini ochish, hisob-kitob operatsiyalarini AQSH dollarida amalga oshirish, shuningdek, eksport faoliyati natijasida olingan valyuta daromadlaridan foydalanish;
asosiy fondlar, dastgohlar, asbob-uskunalar, xom ashyo, uzellar, detallar, maxsus va yordamchi asboblarni roʻzgʻor konditsionerlari, sovutgichlar uchun kompressorlar ishlab chiqarish uchun zarur miqdorda chet mamlakatlardan boj va soliqlar toʻlamasdan keltirish;
qoʻshma korxonani tashkil etish, boshqaruv va texnik xizmat koʻrsatish hamda texnikaviy yordam berish toʻgʻrisidagi bitimlarga muvofiq amalga oshiriladigan har qanday toʻlovlarni, shu jumladan, “DEU Elektroniks Ko Ltd” korporatsiyasining aksiyalarini sotishdan tushgan umumiy daromadni soliqlar toʻlamasdan AQSH dollarida oʻtkazish;
mahalliy valyutani, shu jumladan soʻmni Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilanadigan kurs boʻyicha AQSH dollariga almashtirish;
“AlgoDEU” qoʻshma korxonasi mahsulotini sotishdan olinadigan daromadlarga Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati koʻmagida paxta tolasi, mineral oʻgʻitlar, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari, rangli metallarni sotib olish (erkin narxda) va ularni belgilangan tartibda eksport qilish.
7. “DEU” firmasining “AlgoDEU” qoʻshma korxonasi masalalari boʻyicha ishlash uchun keluvchi mutaxassislariga Oʻzbekiston hududida yashashlari va yurishlari uchun soʻmlarda haq toʻlash huquqi berilsin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazirning oʻrinbosari oʻrtoq A.N. Voznenko zimmasiga yuklatilsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1993-yil 4-iyun,
269-son