Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini yanada qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasining Oila kodeksiga muvofiq, shuningdek, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini yanada qoʻllab-quvvatlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari — Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vaziri J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 31-dekabr,
830-son
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 31-dekabrdagi 830-son qaroriga
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 21-apreldagi 67-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2006-y., 4-son, 27-modda) bilan tasdiqlangan Qishloq joylardagi kam taʼminlangan va koʻp bolali oilalarga qoramolni bepul berish shartlari toʻgʻrisidagi nizomning 2-bandi “a” kichik bandidagi “voyaga yetmagan besh nafar va undan ortiq bolalari, shu jumladan kasb-hunar kollejlari (akademik litseylar) oʻquvchilari boʻlgan” soʻzlari chiqarib tashlansin.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 5-dekabrdagi 965-son qarori bilan tasdiqlangan Ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarining eng kam sonini belgilash va zaxiraga qoʻyish tartibi toʻgʻrisidagi nizomda:
a) 3-bandning uchinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“oʻn toʻrt yoshgacha va nogiron bolalari boʻlgan yolgʻiz ota, yolgʻiz onalar va koʻp bolali oilalar”;
b) 12-bandning ikkinchi xatboshidagi “14 yoshgacha va nogiron bolalari boʻlgan yolgʻiz va koʻp bolali ota-onalar” soʻzlari “oʻn toʻrt yoshgacha va nogiron bolalari boʻlgan yolgʻiz ota, yolgʻiz onalar va koʻp bolali oilalar” soʻzlari bilan almashtirilsin;
v) 2 va 5-ilovalardagi “oʻn toʻrt yoshgacha va nogiron bolalari boʻlgan yolgʻiz va koʻp bolali ota-onalar” soʻzlari “oʻn toʻrt yoshgacha va nogiron bolalari boʻlgan yolgʻiz ota, yolgʻiz onalar va koʻp bolali oilalar” soʻzlari bilan almashtirilsin;
g) 4-ilovadagi “oʻn toʻrt yoshgacha bolalari boʻlgan va nogiron bolalari boʻlgan yolgʻiz va koʻp bolali ota-onalar” soʻzlari “oʻn toʻrt yoshgacha va nogiron bolalari boʻlgan yolgʻiz ota, yolgʻiz onalar va koʻp bolali oilalar” soʻzlari bilan almashtirilsin.
3. Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 28-martdagi 244-son qarori bilan tasdiqlangan Bolalarni davlat maktabgacha taʼlim muassasalariga qabul qilish boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti 18-bandining uchinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin: “koʻp bolali oilalarning bolalari”.
4. Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 12-apreldagi 285-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2018-y., 4-son, 90-modda) bilan tasdiqlangan Ogʻir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarga, nogironligi boʻlgan, kam taʼminlangan, farzandlarini toʻliqsiz oilada tarbiyalayotgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj onalarga arzon uy-joylar berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 10-bandi “v” kichik bandidagi “(uch va undan ortiq)” soʻzlari chiqarib tashlansin.
5. Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 26-fevraldagi 170-son qarori bilan tasdiqlangan Uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj boʻlgan fuqarolarni hisobga olish, davlat uy-joy fondidagi turar joylarni taqsimlash va taqdim etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 12-bandi “g” kichik bandidagi “16 yoshgacha yetti nafar va undan ziyod bolalari boʻlgan” soʻzlari chiqarib tashlansin.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 28-martdagi 257-son qarori bilan tasdiqlangan Ijtimoiy ehtiyojmand oilalarning iqtidorli farzandlarini uzluksiz taʼlim olishini moddiy va maʼnaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 9-bandi “a” kichik bandidagi “(oilada uch va undan ortiq bola mavjudligi)” soʻzlari chiqarib tashlansin.
7. Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 29-yanvardagi 39-son qarori bilan tasdiqlangan Uy-joy sharoitlarini yaxshilashga ehtiyojmand mehnat migrantlariga koʻp kvartirali uylardan xonadonlar ajratish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 10-bandi “v” kichik bandidagi “(uch va undan ortiq)” soʻzlari chiqarib tashlansin.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 31.12.2020-y., 09/20/830/1696-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.03.2024-y., 09/24/124/0203-son; 10.11.2025-y., 09/25/709/1027-son)