Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
qarori
“Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” davlat dasturining 2020-yil uchinchi choragida bajarilishi yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hisoboti toʻgʻrisida
“Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” davlat dasturining 2020-yil uchinchi choragida bajarilishi yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hisobotini koʻrib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi taʼkidlaydiki, oʻtgan davrda mamlakatimizda makroiqtisodiy barqarorlikni saqlash, iqtisodiyot va ijtimoiy sohaning bardavom rivojlanishini taʼminlash, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish hamda tadbirkorlik subyektlari uchun qulay muhit yaratish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi.
Jumladan budjet mablagʻlaridan samarali foydalanish tizimining yanada takomillashtirilishi, qoʻshimcha imkoniyat va manbalar hisobidan budjet defitsitining kamaytirilishi natijasida oʻtgan davrda davlat budjetiga qariyb 36,3 trln. soʻmlik daromad tushgan.
Mamlakatimizda pandemiya sharoitida vujudga kelgan muammolarni hal qilish maqsadida Davlat rahbari tomonidan qabul qilingan Farmon va qarorlarning ijrosiga qaratilgan aniq tadbirlar Hukumat tomonidan ishlab chiqilib, har bir tarmoqni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha tezkor va manzilli choralar koʻrildi. Natijada iqtisodiyotda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan jiddiy yoʻqotishlarning oldi olindi. Xususan, mamlakat yalpi ichki mahsulotining oʻsish surʼati 0,4 foiz ijobiy darajada saqlab qolindi.
Hisobot davrida oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash va ichki bozorda narxlarning barqarorligini saqlash, aholini ijtimoiy himoya qilish, yangi ish oʻrinlarini yaratishga ustuvor ahamiyat qaratildi. Jumladan aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash uchun 1 trln. 211 mlrd. soʻm mablagʻ ajratildi.
Oʻtgan davrda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan mamlakatimiz Prezidentining 2020-yil 2-martdagi Farmonida belgilangan ustuvor yoʻnalishlarni sifatli va samarali amalga oshirish, koronavirus pandemiyasi davrida iqtisodiyotni rivojlantirish hamda investitsiyalarni faol jalb qilish, jozibador investitsiya muhitini yaratish, mavjud muammo va kamchiliklarni oʻz vaqtida aniqlash hamda bartaraf etish yuzasidan tegishli choralar koʻrishga alohida eʼtibor qaratildi.
Hisobot davrida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirish, iqtisodiyotni liberallashtirish, ijtimoiy sohani rivojlantirish yuzasidan koʻrilgan chora-tadbirlar natijasida Davlat dasturi doirasida 111 ta normativ-huquqiy hujjat, jumladan Oʻzbekiston Respublikasining 2 ta qonuni, Oliy Majlis palatalarining 5 ta qarori, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 18 ta farmoni, 20 ta qarori, Vazirlar Mahkamasining 21 ta qarori va farmoyishi qabul qilindi, shuningdek 45 ta chora-tadbirlar dasturi tasdiqlanib, amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga deputatlar Davlat dasturidagi bajarilish muddatlari kechikayotgan va uzaytirilgan bandlarga, ishlab chiqilib, yakuniga yetkazilmagan normativ-huquqiy hujjat loyihalarini tezroq qabul qilish choralarini koʻrishga alohida eʼtibor qaratdilar. Xususan, Davlat dasturidagi joriy yilning toʻqqiz oyligida bajarilishi belgilangan jami 173 ta banddan 53 tasining (31 %) ijrosi toʻliq taʼminlanmagani, 15 tasining (8,6 %) muddati uzaytirilganligi qayd etildi.
Jumladan bugungi kunda mamlakatimizda dolzarb ahamiyat kasb etayotgan zamonaviy avtomobil yoʻllari tarmogʻini rivojlantirish, xalqaro standartlarga muvofiq yoʻl infratuzilmasini yaxshilashni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasining 2030-yilgacha avtomobil yoʻllarini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish (97-band) boʻyicha boshlangan ishlar oʻz yakuniga yetkazilmagan.
Mamlakatimizda ishbilarmonlikni rivojlantirish, investorlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning faoliyatini ragʻbatlantirish orqali iqtisodiyotni yuksaltirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Biroq tadbirkorlar tomonidan amalga oshirilgan infratuzilma yaratish xarajatlarini qisman davlat tomonidan qoplash tizimini joriy etishga oid (78-band) normativ-huquqiy hujjat loyihasi qabul qilinmagan.
Xususiy tibbiyotni yanada rivojlantirish, ushbu jarayonga chet el investitsiyalarini keng jalb qilish (196-band), ilm-fan sohasini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqish (178-band) kabi vazifalarni nazarda tutuvchi qator normativ-huquqiy hujjatlarning qabul qilinishini tezlashtirish maqsadga muvofiqdir. Yil davomida amalga oshirilishi lozim boʻlgan tadbirlarning ijrosini hisobot davrining yakuniga qadar oxiriga yetkazish lozimligi qayd etilib, bu borada zarur taklif va tavsiyalar berildi.
Deputatlar tomonidan bugungi kunda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, mahsulot ishlab chiqarish hajmini koʻpaytirish, meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish hajmini oshirish, turizm sohasini qoʻllab-quvvatlash, hududlardagi turmush sharoitlari ogʻir oilalarni, nogironligi boʻlgan xotin-qizlarni arzon uy-joylar bilan taʼminlash, davlat-xususiy sheriklik asosida maktabgacha taʼlim tashkilotlarini tashkil etish kabi dolzarb masalalar yuzasidan qoʻshimcha choralarni belgilash lozimligi taʼkidlab oʻtildi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 81-moddasi va “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 322-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” davlat dasturining 2020-yil uchinchi choragida bajarilishi yuzasidan hisoboti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga:
Davlat dasturida nazarda tutilgan vazifalarni oʻz muddatida va puxta bajarilishini taʼminlash yuzasidan Hukumat aʼzolari, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari rahbarlarining masʼuliyatini yanada oshirish;
Davlat dasturidagi ijrosi taʼminlanmagan bandlarning bajarilishini, xususan, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari oʻz vaqtida va sifatli ishlab chiqilishi hamda qabul qilinishini taʼminlash;
kuz-qish mavsumida aholi va tadbirkorlik subyektlarini energoresurslar (elektr energiyasi, koʻmir, tabiiy va suyultirilgan gaz) bilan uzluksiz taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha choralar koʻrish;
kuz-qish mavsumi boshlanishi natijasida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan turli tabiiy ofatlarning oldini olish maqsadida irrigatsiya hamda drenaj tizimlari va kanalizatsiya tarmoqlarini toʻliq nazoratdan oʻtkazish, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish;
bozorlarda asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari narxi oshib ketishining oldini olish boʻyicha tizimli ishlarni amalga oshirish;
Davlat dasturida nazarda tutilgan, 2020-yilning 9 oyi davomida bajarilmagan bandlardagi vazifalarning oʻz vaqtida va puxta amalga oshirilishi, shuningdek yil davomida bajarilishi belgilangan 64 ta bandning ijrosini hisobot davri yakuniga qadar taʼminlash choralarini koʻrish tavsiya etilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalariga:
Davlat dasturi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati va ahamiyatini keng jamoatchilikka yetkazish choralarini koʻrish;
Davlat dasturida ijrosi toʻliq taʼminlanmagan bandlar hamda muddati belgilangan tartibda uzaytirilgan 15 ta bandning bajarilishi ustidan oʻz partiyaviy maqsad va vazifalaridan kelib chiqqan holda, taʼsirchan parlament nazoratini amalga oshirish tavsiya etilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining qoʻmitalari Davlat dasturida ijrosi toʻliq taʼminlanmagan quyidagi bandlarning bajarilishi ustidan oʻz faoliyat yoʻnalishlaridan kelib chiqqan holda, samarali monitoring olib borsin:
Budjet va iqtisodiy islohotlar qoʻmitasi — 68, 72, 73, 78, 112, 115, 145, 155-bandlar boʻyicha;
Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qoʻmitasi — 15, 28, 31, 42, 48, 49, 52-bandlar yuzasidan;
Mehnat va ijtimoiy masalalar qoʻmitasi — 22 va 190-bandlar boʻyicha;
Fuqarolarning sogʻligʻini saqlash masalalari qoʻmitasi — 196-band yuzasidan;
Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qoʻmitasi — 27, 111, 255, 256-bandlar boʻyicha;
Fan, taʼlim, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi — 23, 24, 25, 165, 166, 172, 176, 178, 183, 227, 232-bandlar yuzasidan;
Sanoat, qurilish va savdo masalalari qoʻmitasi — 79, 90, 96, 97, 116, 150, 152, 217-bandlar boʻyicha;
Agrar va suv xoʻjaligi masalalari qoʻmitasi — 124-band yuzasidan;
Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari qoʻmitasi – 17, 19, 20, 36, 88-bandlar boʻyicha;
Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qoʻmitasi — 244 va 245-bandlar yuzasidan;
Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi — 54, 242, 248-bandlar boʻyicha;
Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish masalalari qoʻmitasi — 37-band yuzasidan.
5. Ushbu Qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ushbu Qarorning ijrosi boʻyicha joriy yilning 20-noyabr kuniga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga axborot taqdim etsin.
7. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosarlari zimmasiga yuklatilsin.
8. Ushbu qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2020-yil 28-oktabr,
516-IV-son