Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yilgi Davlat budjeti xarajatlariga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yilgi Davlat budjetini ijro etish jarayonida uning xarajatlari tasdiqlangan parametrlardan 10 foizdan ziyodga ortganligi toʻgʻrisida taqdimnoma kiritdi. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining xarajatlarini 2018-yilda tasdiqlangan parametrlarga nisbatan 10450,0 mlrd. soʻmga yoki 16,8 foizga oshirish taklif etilmoqda, jumladan nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatlarining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha xarajatlar uchun qoʻshimcha ravishda 2,8 mlrd. soʻm, markaziy investitsiyalarni moliyalashtirishga 735,3 mlrd. soʻm, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarini, adliya va prokuratura organlarini saqlashga 236,2 mlrd. soʻm, maxsus organlarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga 2840,4 mlrd. soʻm miqdorida mablagʻ yoʻnaltirilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Budjet kodeksining 144-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yilgi Davlat budjeti parametrlariga taqdim etilgan oʻzgartishlarni kiritishga ruxsat berilsin.
2. Ushbu Qaror Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga yuborilsin.
3. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2018-yil 30-noyabr,
2183-III-son