Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
Qarori
Bandlik va mehnat munosabatlari vaziriga yuborilgan “Aholini ish bilan taʼminlash doirasida mehnat migrantlarini qoʻllab-quvvatlash, fuqarolarning chet ellarda mehnat qilishiga doir qonun hujjatlarini takomillashtirish, shuningdek tashqi mehnat migratsiyasi boʻyicha xalqaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish maqsadida vazirlik tomonidan koʻrilayotgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi parlament soʻrovi haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi tomonidan yuborilgan parlament soʻroviga bandlik va mehnat munosabatlari vazirining yozma javobini koʻrib chiqib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi shuni taʼkidlaydiki, mamlakatimizda aholini ish bilan taʼminlash doirasida mehnat migrantlarini qoʻllab-quvvatlash, tashqi mehnat migratsiyasi jarayonlarini tartibga solish, fuqarolarning chet ellarda mehnat faoliyatlarini olib borish mexanizmini takomillashtirish hamda mehnat migrantlarining huquq va manfaatlari himoya qilinishini taʼminlash borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, bugungi kunda Oʻzbekiston fuqarolarining mamlakat hududidan tashqarida ishga joylashishi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va xususiy bandlik agentliklari tomonidan amalga oshirilmoqda. Oʻtgan davrda 90 ta yuridik shaxs xususiy bandlik agentligi sifatida reyestrda roʻyxatdan oʻtkazilgan boʻlib, ulardan 66 tasiga fuqarolarni xorijda ishga joylashtirish faoliyati bilan shugʻullanish uchun litsenziya berilgan.
Xususiy bandlik agentliklari tomonidan 1 655 nafar fuqaro chet elda, 77 nafar fuqaro respublikamiz hududida ishga joylashtirilgan, 33 838 nafar fuqaroga maslahat va axborot xizmati koʻrsatilgan.
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda ham koʻp tomonlama, ham ikki tomonlama asosda xalqaro-huquqiy hujjatlarni qabul qilish orqali tashqi mehnat migratsiyasi sohasini tartibga solish boʻyicha qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 2018-yilda Oʻzbekiston tomonidan Xalqaro migratsiya tashkiloti Konstitutsiyasi ratifikatsiya qilindi.
Mehnat migrantlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida Koreya Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi va Qozogʻiston bilan ikki tomonlama asosdagi bitimlar imzolandi.
Oʻzbekiston bilan Rossiya oʻrtasida ishchi kuchi harakatlanishi jarayonini tartibga solish boʻyicha bir qator hukumatlararo bitimlar imzolangan boʻlib, respublika fuqarolarini Rossiya Federatsiyasi hududida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun uyushgan tarzda ishga yollash va jalb qilish ishlari ustuvor ahamiyatga ega. Shu maqsadda 2017-yildan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Rossiya Federatsiyasi Mehnat va bandlik federal xizmati rahbariyati boshchiligidagi Oʻzbekiston — Rossiya ishchi guruhi faoliyat yuritmoqda.
Erishilgan kelishuvlar asosida Toshkent shahar, Andijon, Fargʻona va Xorazm viloyatlarida Rossiyaning migratsiya markazlari tomonidan ochilgan boʻlimlari (front ofislar) orqali Rossiyada ishlash uchun ruxsatnoma (patent)ni rasmiylashtirish uchun talab etiladigan 9 ta hujjatlardan 7 tasini rasmiylashtirish tizimi joriy etilgan.
Qayd etish joizki, oʻrganishlarda fuqarolar bilan ishlash, mehnat migrantlarini qoʻllab-quvvatlash borasida ayrim xususiy bandlik agentliklari tomonidan ishlar yetarli darajada tashkil etilmayotganligi kuzatildi. Shu sababli vazirlik tomonidan mehnat migrantlarining huquq va manfaatlari himoya qilinishini toʻlaqonli taʼminlash boʻyicha tegishli normativ-huquqiy hujjatlardagi normalarni takomillashtirish talab etiladi.
Shuningdek vazirlik tomonidan xususiy bandlik agentliklarning xorijiy davlatlardagi vakolatxonalarini ochish borasidagi ishlari ham yetarli yoʻlga qoʻyilmagan. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish davrida fuqarolar hayoti va sogʻligʻini hamda boshqa tavakkalchiliklarni sugʻurtalash boʻyicha sugʻurta mukofoti summasini qoplash uchun bir martalik subsidiyalar taqdim etish tartibini ishlab chiqish ishlari ham yakuniga yetkazilmagan.
Xususiy bandlik agentliklari oʻz faoliyatini qonun doirasida amalga oshirayotganligini nazorat qilib borish va ularga metodik yordamlar koʻrsatish borasidagi ishlar ham talab darajasida emas.
Yuqoridagilardan kelib chiqib hamda “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 14-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining “Aholini ish bilan taʼminlash doirasida mehnat migrantlarini qoʻllab-quvvatlash, fuqarolarning chet ellarda mehnat qilishiga doir qonun hujjatlarini takomillashtirish, shuningdek tashqi mehnat migratsiyasi boʻyicha xalqaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish maqsadida vazirlik tomonidan koʻrilayotgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi parlament soʻroviga yozma javobi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi:
“Xususiy bandlik agentliklari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining hamda sohaga oid boshqa tegishli normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan vazifalar ijrosini toʻliq taʼminlash choralarini koʻrsin;
“Xususiy bandlik agentliklari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga tegishli oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish yuzasidan takliflarni tayyorlasin va belgilangan tartibda kiritilishiga erishsin;
xususiy bandlik agentliklari oʻz faoliyatini qonun doirasida amalga oshirayotganligini nazorat qilib borish va ularga metodik yordamlar koʻrsatish borasidagi ishlarni yanada kuchaytirsin;
xususiy bandlik agentliklarining xorijiy davlatlardagi vakolatxonalarini ochish borasidagi ishlarni oxiriga yetkazish choralarini koʻrsin;
tashqi mehnat migratsiyasi sohasidagi davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishni tashkillashtirish, mazkur sohadagi qonun hujjatlarini yanada takomillashtirish yuzasidan takliflar kiritsin;
tashqi mehnat migratsiyasi sohasidagi ishlarning ahvolini tizimli tahlil va monitoring qilish hamda uning yakunlari boʻyicha mehnat migrantlariga huquqiy, moliyaviy va moddiy koʻmaklashish vositalarining samaradorligini oshirishga qaratilgan choralarni koʻrsin.
3. Mazkur Qarorning ijro etilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qoʻmitasi (M. Xodjayeva) zimmasiga yuklatilsin.
4. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2019-yil 29-oktabr,
2858-III-son