Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vaziri N. Xusanovning “2019-yilda aholi bandligini taʼminlash va yangi ish oʻrinlarini tashkil etish boʻyicha davlat buyurtmasining joriy yil toʻqqiz oyidagi ijrosi toʻgʻrisida”gi axboroti haqida
Oʻzbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vazirining “2019-yilda aholi bandligini taʼminlash va yangi ish oʻrinlarini tashkil etish boʻyicha davlat buyurtmasining joriy yil toʻqqiz oyidagi ijrosi toʻgʻrisida”gi axborotini eshitib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi shuni taʼkidlaydiki, aholi bandligini taʼminlashga doir dasturlarni shakllantirish, yangi ish oʻrinlarini tashkil etish boʻyicha davlat buyurtmalarini ishlab chiqish va aholining ijtimoiy ehtiyojmand qatlamlari uchun ish joylari zaxirasini belgilash borasida vazirlik tomonidan sezilarli ishlar amalga oshirildi.
Xususan, 2019-yilda aholi bandligini taʼminlash va yangi ish oʻrinlarini tashkil etish boʻyicha davlat buyurtmasiga muvofiq aholining doimiy bandligini taʼminlash, yangi ish oʻrinlarini tashkil etish yuzasidan koʻrilgan chora-tadbirlar natijasida joriy yilning toʻqqiz oyida respublika boʻyicha 266,3 mingta ish oʻrinlari yaratilib, belgilangan prognoz 119,8 foizga bajarildi.
Ishsizlik darajasi va aholi bandligini taʼminlash ehtiyoji yuqori boʻlgan Qoraqalpogʻiston Respublikasida 15,6 ming, Andijonda 24,4 ming, Qashqadaryoda 22 ming, Jizzaxda 13,4 ming, Samarqandda 27,6 ming, Fargʻonada 32,2 ming ish oʻrini tashkil etilishiga erishildi.
Mamlakatimizda qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish yuzasidan olib borilgan ishlar natijasida yaratilgan ish oʻrinlarining qariyb 50 foizi, yaʼni 129 mingtasi kichik korxonalar va mikrofirmalar hisobiga tashkil etildi.
Hisobot davrida faoliyat koʻrsatmayotgan xoʻjalik subyektlariga yordam koʻrsatish, samarasiz foydalanilayotgan binolar va qurilishi tugallanmagan 1 059 ta obyektlardagi mavjud muammolarni bartaraf etish, koʻmaklashish natijasida 11,5 mingta ish oʻrni yaratildi.
“Davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining qabul qilinishi Xalq taʼlimi, Maktabgacha taʼlim hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirliklari tizimida davlat-xususiy sherikchilik asosida zamonaviy taʼlim muassasalari, Sogʻliqni saqlash vazirligi tizimida innovatsion xizmat koʻrsatuvchi tibbiyot markazlarida barqaror ish oʻrinlarini yaratilishida qonuniy asos boʻlib xizmat qildi.
Jumladan, davlat budjeti mablagʻlari va davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida ishga tushgan ijtimoiy va boshqa obyektlar hisobiga 12,1 mingta ish oʻrinlari tashkil qilindi.
Joriy yilda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan 267,5 ming aholini davlat buyurtmasi doirasida yaratilgan va boʻsh ish oʻrinlariga ishga joylashishiga koʻmaklashgan, bu koʻrsatkich oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 1,3 baravarga oshishiga erishildi.
Bugungi kunda 30,6 ming ishsiz aholi mehnat bozoridagi talabdan kelib chiqqan holda kasbga oʻqitilgan hamda ushbu maqsadlar uchun Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi hisobidan 21,4 mlrd. soʻm sarflangan.
Fuqarolarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash borasida amalga oshirilgan ishlar natijasida joriy yilning toʻqqiz oyida 48 ming nafar ishsiz shaxsga ishsizlik nafaqasi tayinlanib, Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi hisobidan 17,2 mlrd. soʻm toʻlab berildi hamda 33 ming nafar fuqarolarga mehnat huquqi va ishga joylashtirish imkoniyati haqida axborot va maslahatlar berilgan.
Joriy qilingan yangicha tartibga asosan subsidiya va grant berish uchun Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan 15 mlrd. soʻm ajratilgan.
Bu borada amalga oshirilayotgan ishlar bilan birga, aholi bandligini taʼminlashda ayrim muammolar ham mavjud. Xususan, bugungi kunda 30 ta kasb-hunar kollejlari kasbga oʻqitish markazlarini tashkil etish uchun vazirlik tizimiga oʻtkazilgan boʻlsada, ulardan maqsadli foydalanish borasidagi ishlar yetarlicha tashkil etilmagan.
Rasmiy sektorda band aholi soni 326,3 mingga (yoki 6,2 %) oʻsib, 5 403 ming kishini hamda norasmiy sektorda bandlar soni 137,7 mingga yoki 1,7 foizga kamayib, 7 964 mingni tashkil etgan boʻlsada, hali bu borada qilinishi kerak boʻlgan ishlar talaygina.
Ishsiz fuqarolarni talab yuqori boʻlgan kasb-hunarga oʻqitish masalasiga ham yetarlicha eʼtibor qaratilmayotganligi tufayli mehnat bozoriga ilk bor kirib kelayotgan yoshlarni ehtiyoj yuqori boʻlgan mutaxassislik boʻyicha ishga joylab boʻlmayapti, yaʼni ish beruvchining talabiga javob bermayapti.
Taʼlimning kasb standartlari bilan uygʻunlashmaganligi tayyorlanayotgan kadrlarning mehnat bozorida munosib oʻrin egallashlariga toʻsqinlik qilmoqda.
Yuqorida bayon qilinganlardan kelib chiqqan holda hamda “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 10, 21-moddalariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vaziri N. Xusanovning “2019-yilda aholi bandligini taʼminlash va yangi ish oʻrinlarini tashkil etish boʻyicha davlat buyurtmasining joriy yil toʻqqiz oyidagi ijrosi toʻgʻrisida”gi axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N. Xusanov):
masʼul vazirliklar, idoralar, xoʻjalik boshqaruvi organlari va hokimliklar tomonidan 2019-yilda aholi bandligini taʼminlash va yangi ish oʻrinlarini tashkil etish boʻyicha davlat buyurtmasi barcha yoʻnalishlarining ijrosini toʻliq taʼminlashga alohida eʼtibor qaratsin;
“Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo axborot tizimi dasturini respublikada joriy etish borasidagi vazifalar ijrosini belgilangan muddatlarda yakuniga yetkazish choralarini koʻrsin;
30 ta kasb-hunar kollejlari negizida kasbga oʻqitish markazlarini tashkil etish borasidagi ishlarni belgilangan muddatlarda ijrosini taʼminlasin;
2019-yilda aholi bandligini taʼminlash va yangi ish oʻrinlarini tashkil etish boʻyicha davlat buyurtmasining ijrosini taʼminlashda qoloqlikka yoʻl qoʻygan hududlardagi ishning holatini tanqidiy oʻrganib chiqish hamda kelgusida vaziyatni yaxshilash choralarini koʻrsin.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga:
2019-yilda aholi bandligini taʼminlash va yangi ish oʻrinlarini tashkil etish boʻyicha davlat buyurtmasida belgilangan parametrlar ijrosini soʻzsiz bajarish, mehnat bozorining hududiy tuzilmasini takomillashtirish;
hududiy budjet daromadlarining prognoz parametrlarini oshirib bajarilgan qismidan Yangi ish oʻrinlari tashkil etishni ragʻbatlantirish hududiy jamgʻarmasiga 40 foizgacha boʻlgan mablagʻni ajratish hamda ushbu mablagʻ hisobiga mehnat resurslari ortiqcha boʻlgan hududlarda qoʻshimcha yangi loyihalarni amalga oshirish chorasini koʻrish;
oʻzini oʻzi band qilgan fuqarolarga vaqtinchalik mehnat guvohnomalari, ularning egalariga mehnat stajini hisobga olish va ragʻbatlantiruvchi imtiyozlardan foydalanish huquqi berilganligini, aholi oʻrtasida, ayniqsa norasmiy sektorda band aholi ulushi koʻp boʻlgan hududlarda targʻibot-tashviqot qilish ishlarini amalga oshirish;
sanoat, xizmat koʻrsatish va qishloq xoʻjaligi sohalaridagi yirik loyihalarni amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratish tavsiya etilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tijorat banklari bilan birgalikda 2019-yilda aholi bandligini taʼminlash va yangi ish oʻrinlarini tashkil etish boʻyicha davlat buyurtmasi bilan tasdiqlangan loyihalarga kredit mablagʻlari ajratish orqali loyihalar oʻz vaqtida amalga oshirilishi ustidan tizimli monitoring olib borilishini taʼminlasin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qoʻmitasi:
yangi ish oʻrinlari tashkil etilishini va aholining bandligi taʼminlanishini, ayniqsa, ishchi kuchi koʻp mintaqalarda bu boradagi rejalar, dasturlar bajarilishi yuzasidan nazorat-tahlil tadbirlarini oʻtkazishga alohida eʼtibor qaratsin;
fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini taʼminlash, shu jumladan biron-bir shakldagi majburiy mehnat paydo boʻlishining oldini olish va unga yoʻl qoʻymaslik yuzasidan taʼsirchan parlament nazoratini kuchaytirsin;
“Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasini maromiga yetkazish choralarini koʻrsin.
6. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2019-yil 29-oktabr,
2857-III-son