Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
NAQD SOʻMLARNI ERKIN MUOMALADAGI VALYuTAGA ALMAShTIRIShGA DOIR ChEKLAShLARNI BEKOR QILISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 7-oktabrdagi 434-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash hamda ayrimlariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi milliy valyutasining erkin almashish imkoniyatlarini yanada kengaytirish maqsadida, shuningdek erkin almashtiriladigan valyutadagi resurslar tushumi koʻpayganligini e'tiborga olib Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 21-iyuldagi 379-son qaroriga qisman oʻzgartirish kiritgan holda Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga va ularga tenglashtirilgan rezidentlarga naqd soʻmlarni almashtirish punktlari orqali erkin almashtiriladigan valyutaga almashtirishning chegaralangan summasiga doir mavjud cheklashlar 1995-yil 1-iyuldan boshlab bekor qilinsin.
Keyingi tahrirga qarang.
2. 1995-yil 1-iyuldan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining pasporti (yashash guvohnomasi)ga almashtirilgan summa koʻrsatilgan shtamp qoʻyishni bekor qilish maqsadga muvofiq deb hisoblansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Markaziy banki bir hafta muddatda:
Oʻzbekiston respublika valyuta birjasi orqali vakil qilingan banklarning almashtirish punktlariga yoʻnaltiriladigan valyuta resurslari hajmini koʻpaytirish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsinlar;
normativ hujjatlarga tegishli oʻzgartirishlar kiritsinlar.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki, vakil qilingan banklar valyuta almashtirish operatsiyalarini amalga oshirish qoidalariga rioya qilinishi ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatilishini taʼminlasinlar.
5. Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 9-sentabrdagi 457-son qarorining 1-bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari B.S. Hamidov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1995-yil 12-iyun,
217-son