Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY OʻQUV YURTLARI TIZIMINI TAKOMILLASHTIRISH TOʻGʻRISIDA
Oliy hunar taʼlimi sifatini oshirish, oliy oʻquv yurtlarining intellektual potensialidan va moddiy-texnika bazasidan samarali foydalanish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining oliy oʻquv yurtlarining viloyatlardagi filiallarini qayta tashkil etish haqida hamda 1995-yilning 1-iyulidan boshlab mazkur vazirlik tizimida quyidagi yiriklashtirilgan oʻquv yurtlarini tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflari qabul qilinsin;
Qoraqalpogʻiston Respublikasida
Toshkent arxitektura-qurilish institutining Nukus fakulteti, Toshkent davlat tibbiyot pediatriya institutining Nukus filiali hamda Toshkent davlat agrar universitetining Nukus filiali negizida — tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston davlat universitetining muhandislik-qurilish, tibbiyot va agrar fakultetlari tashkil etilsin;
Andijon viloyati
Andijon iqtisodiyot va boshqaruv instituti hamda Andijon tajriba oʻquv-ishlab chiqarish markazi negizida — Andijon muhandislik-iqtisodiyot instituti tashkil etilsin;
Buxoro viloyatida
Toshkent davlat texnika universitetining Buxoro filiali Buxoro oziq-ovqat va yengil sanoat texnologiyasi instituti tarkibiga kiritilsin;
Qashqadaryo viloyatida
Qarshi agrar-iqtisodiyot instituti hamda Toshkent davlat texnika universitetining Qarshi filiali negizida — Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti tashkil etilsin;
Buxoro oziq-ovqat va yengil sanoat texnologiyasi institutining Shahrisabz umumtexnika fakulteti negizida — Shahrisabz texnologiya kolleji tashkil etilsin;
Navoiy viloyatida
Toshkent davlat texnika universitetining Navoiy filiali negizida — Navoiy texnika kolleji tashkil etilsin;
Surxondaryo viloyatida
Toshkent avtomobil-yoʻllar institutining Termiz filiali negizida — Termiz davlat universitetining muhandislik-texnika fakulteti tashkil etilsin;
Toshkent aloqa elektrtexnika institutining Termiz filiali tugatilsin;
Fargʻona viloyatida
Toshkent davlat texnika universitetining Fargʻona filiali negizida — Fargʻona politexnika institutining priborsozlik markazi tashkil etilsin;
Fargʻona politexnika institutining Qoʻqon filiali negizida — Qoʻqon texnika kolleji tashkil etilsin;
Toshkent toʻqimachilik va yengil sanoat institutining Margʻilon kechki umumtexnika fakulteti hamda Margʻilon kechki toʻqimachilik texnikumi negizida — Margʻilon toʻqimachilik kolleji tashkil etilsin;
Xorazm viloyatida
Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining Urganch filiali, 1-Toshkent davlat tibbiyot institutining Urganch filiali negizida — Urganch davlat universitetining iqtisodiyot va tibbiyot fakultetlari tashkil etilsin;
Toshkent viloyatida
Toshkent davlat texnika universitetining Olmaliq fakulteti, Angren va Chirchiq muhandislik-texnika markazlari negizida — tegishli ravishda Olmaliq, Angren va Chirchiq texnika kollejlari tashkil etilsin;
Toshkent arxitektura-qurilish institutining Angren fakulteti Angren texnika kolleji tarkibiga kiritilsin.
2. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, tasarrufida yuqorida qayd etilgan oliy oʻquv yurtlari va boʻlinmalar boʻlgan vazirliklar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda ushbu qarorni bajarishga doir zarur tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirsinlar.
3. Vazirliklar va idoralar tegishli ixtisosliklar boʻyicha yuqori malakali kadrlar tayyorlashda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligiga moddiy-texnikaviy hamda boshqa zarur yordam koʻrsatsinlar.
4. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi:
bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga oliy oʻquv yurtlari, shu jumladan, davlat kollejlari toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash uchun kiritsin, shuningdek, yiriklashtirilgan oliy oʻquv yurtlariga rahbarlikni kuchaytirish haqida takliflar taqdim etsin;
hozirgi vaqtda oʻqishayotgan talabalarning ushbu qaror bilan tashkil etilayotgan kollejlarda tegishli oliy maʼlumot olishlariga doir amaliy chora-tadbirlar koʻrsin;
belgilab qoʻyilsinki, koʻrsatib oʻtilgan kollejlarda professor-oʻqituvchilar tarkibiga ish haqi toʻlash ilgarigi darajada saqlanib qoladi.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Vazirlar Mahkamasining Taʼlim va fan boʻlimiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1995-yil 3-iyun,
211-son