Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining
Qoʻshma qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) Kotibiyati faoliyatini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida
“Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 21-moddasining birinchi qismiga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 22-apreldagi “Bola huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4296-sonli, 2019-yil 27-iyundagi “Ommaviy axborot vositalari mustaqilligini taʼminlash hamda davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari faoliyatini rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4366-sonli qarorlarida belgilangan vazifalarni amalga oshirish, shuningdek Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakilining (ombudsmanning) inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi qonun hujjatlari ijrosi ustidan parlament nazoratini amalga oshirishdagi rolini kuchaytirish maqsadlarida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi qaror qiladilar:
1. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) Kotibiyatining tashkiliy tuzilmasi 1-ilovaga* muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) va uning Kotibiyati shtatlar jadvali 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
1-2-ilovalar berilmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2018-yil 29-dekabrda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) Kotibiyati faoliyatini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi 2282-III/KQ-484-III-sonli Qoʻshma qarorning 1-bandi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2018-yil, № 12, 889-modda) oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2019-yil 1-sentabrdan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) va uning Kotibiyatining xodimlari mehnatiga xaq toʻlash fondini moliyalashtirish uchun tasdiqlangan shtat jadvaliga muvofiq zarur mablagʻlarni nazarda tutsin.
4. Ushbu Qoʻshma qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari N. Umarov va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining oʻrinbosari S. Artikova zimmasiga yuklansin.
5. Ushbu Qoʻshma qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2019-yil 14-sentabr,
2738-III/KQ-594-III-son