Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
Qarori
Gʻalla yetishtiruvchi fermer xoʻjaliklarining moliyaviy barqarorligini taʼminlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi Rayosatining Gʻalla yetishtiruvchi fermer xoʻjaliklarining moliyaviy barqarorligini taʼminlash yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga yoʻllagan murojaatnomasini muhokama qilib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi taʼkidlaydiki, keyingi yillarda barcha sohalarda boʻlgani kabi qishloq xoʻjaligida ham olib borilayotgan islohotlar natijasida qator ijobiy oʻzgarishlar amalga oshirilmoqda.
Qayd etish joizki, don mahsulotlarini qayta ishlash, shuningdek gʻallani xarid qilish, un va non mahsulotlarini realizatsiya qilish sohasiga bozor mexanizmlarini joriy etish va bunda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda.
Xususan, 2018-yilning 15-sentabridan boshlab respublikada oliy navli un va qolipli non bozordagi talab va taklif asosida shakllangan erkin bozor narxlarida sotilishi uchun huquqiy asoslar belgilab berilganligi un va qolipli non ishlab chiqaruvchi korxonalar moliyaviy ahvolining nisbatan yaxshilanishiga olib kelgan.
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan joriy yilda 1 tonna bugʻdoyning kafolatlangan xarid narxi 1 mln. 200 ming soʻm miqdorida belgilanishi hamda olingan hosildorlikka qarab 25 foizgacha ustama belgilanishi natijasida joriy yilda 1 tonna bugʻdoyning oʻrtacha xarid narxi 1 mln. 420 ming soʻmni tashkil etgan.
Shu tariqa fermer xoʻjaliklarining moddiy manfaatdorligi hamda faoliyatining samaradorligi oshirilishiga imkon yaratilgan.
Joriy yilda boshoqli don hosildorligi oʻrtacha 65 sentnerni tashkil qilib, yalpi hosil 7 mln. tonnani tashkil etgan hamda davlatga 3 mln. 555 ming tonna yoki rejadagiga nisbatan 532 ming tonna ortiqcha don topshirilgan.
Bundan tashqari, donni qayta ishlash korxonalari va qolipli non ishlab chiqaruvchilarni qoʻllab-quvvatlash hamda narx-navoning oshib ketishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida Vazirlar Mahkamasining joriy yil 30-sentabrdagi “Donni qayta ishlash korxonalari va qolipli non ishlab chiqaruvchilarni yanada qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 829-sonli Qaroriga asosan mahalliy dondan ishlab chiqarilgan un mahsulotiga qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha mavjud imtiyoz 2020-yilning 1-iyuligacha uzaytirilgan. Bundan tashqari mahalliy undan tayyorlangan qolipli nonni ishlab chiqarish va sotish 2020-yilning 1-iyuligacha qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod qilingan.
Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi Rayosatining Gʻalla yetishtiruvchi fermer xoʻjaliklarining moliyaviy barqarorligini taʼminlash yuzasidan murojaatnomasida koʻtarilgan masalalar va takliflar joylarga chiqqan holda oʻrganilganda, bu borada qator oʻz yechimini kutayotgan muammolar mavjudligi maʼlum boʻldi.
Xususan, gʻalla yetishtirish va uni qayta ishlash sohasining asosan davlat tomonidan boshqarilishi, xarid narxlarining belgilanishi don korxonalari va fermer xoʻjaliklari oʻrtasidagi gʻalla hisob-kitobini yakuniga yetkazishda muayyan qiyinchiliklarni yuzaga keltirmoqda. Natijada mablagʻlar oʻz vaqtida toʻlab berilmayotganligi fermer xoʻjaliklarining iqtisodiy holatiga salbiy taʼsir etmoqda.
Shu bilan birga, don korxonalari ham un ishlab chiqarishda maʼlum miqdorda zarar koʻrib, ularning fermer xoʻjaliklari oldidagi kreditorlik qarzdorligi oshmoqda.
Don korxonalarida un mahsulotlari ishlab chiqarishda bozor iqtisodiyoti mexanizmi yoʻlga qoʻyilmaganligi, mahsulot yetishtiruvchi, ishlab chiqaruvchi va isteʼmol qiluvchi oʻrtasida samarali tizim yaratilmagan. Bu esa turli xil suiisteʼmolchiliklarni ham keltirib chiqarmoqda.
Eng muhimi, gʻalla yetishtiruvchi fermyerlarning oʻz mehnatlari mahsuli boʻlgan donning narxini belgilash va uni qayta ishlash mahsulotlarini sotish tizimi bozor mexanizmlari asosida shakllantirilmaganligi fermer xoʻjaliklarining gʻalla hosildorligini oshirishga imkoniyat bermayapti.
Joylardagi oʻrganishlar yana shuni koʻrsatmoqdaki, ayrim hollarda aholi tomonidan non mahsulotlari isrof etilmoqda.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 21-moddasiga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi Rayosatining 2019-yil 2-oktabrdagi Gʻalla yetishtiruvchi fermer xoʻjaliklarining moliyaviy barqarorligini taʼminlash yuzasidan murojaatnomasi, ushbu murojaatnoma yuzasidan deputatlar tomonidan hududlarda oʻtkazilgan oʻrganishlar yakunlari, shuningdek mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlarining axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga:
don sotib olish, un va qolipli non mahsulotlarini sotish, shuningdek ushbu mahsulotlarga narx belgilashning amaldagi mexanizmini qayta koʻrib chiqqan holda fermer xoʻjaliklari, don korxonalari va isteʼmolchilar oʻrtasidagi iqtisodiy munosabatlarni bozor mexanizmlariga oʻtkazish boʻyicha tegishli choralar koʻrish;
fermer xoʻjaliklarida gʻalla yetishtirish uchun talab etiladigan yoqilgʻi-moylash mahsulotlarini, mineral oʻgʻitlarni, oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini hamda boshqa resurslarni yetkazib berish tizimini yanada takomillashtirish;
rivojlangan davlatlar tajribasini chuqur tahlil qilgan holda, respublikada gʻallaning xarid narxini belgilash amaliyotidan bosqichma-bosqich voz kechib, gʻallani bozorda shakllangan talab va taklif asosida erkin narxlarda sotish tizimini yaratish chora-tadbirlarini koʻrish tavsiya etilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi don, un va non mahsulotlari narxlari toʻliq erkinlashtirilishi natijasida aholining ijtimoiy ehtiyojmand qatlamlarini himoya qilishga qaratilgan tizimli choralarni amalga oshirish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda takliflar kiritsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankiga Moliya vazirligi va Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda davlat tomonidan gʻalla yetishtirishni qoʻllab-quvvatlash maqsadida qishloq xoʻjaligi korxonalariga imtiyozli kreditlar ajratish tizimini yanada takomillashtirib borish tavsiya etilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ushbu Qarorning ijrosi yuzasidan joriy yilning 1-noyabr kuniga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga axborot taqdim etsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Agrar va suv xoʻjaligi masalalari qoʻmitasi hamda Budjet va iqtisodiy islohotlar qoʻmitasi ushbu Qarorning ijrosi ustidan doimiy monitoring olib borilishini tashkil etsin hamda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashiga maʼlumot taqdim etib borsin.
7. Mazkur Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosarlari zimmasiga yuklatilsin.
8. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2019-yil 9-oktabr,
2787-III-son