Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
qarori
Parlamentlararo tashkilotlar bilan hamkorlikni yanada mustahkamlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida
2019-yil 21-iyunda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirmanchi yalpi majlisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyevning maʼruzasida belgilangan ustuvor vazifalarni amalga oshirish boʻyicha 2019-yilga moʻljallangan, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2019-yil 27-iyundagi KQ-556-III-sonli Qarori bilan tasdiqlangan Chora-tadbirlar rejasining bajarilishini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi qaror qiladilar:
1. Quyidagilar:
Parlamentlararo ittifoq bilan uzoq muddatli istiqbolda amaliy hamkorlik qilish rejasi 1-ilovaga muvofiq;
Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi ishtirokchi davlatlarining Parlamentlararo Assambleyasi bilan Oʻzbekistonning 2019-2020-yillarga moʻljallangan amaliy hamkorlik rejasi 2-ilovaga muvofiq;
EXHT Parlament Assambleyasi bilan Oʻzbekistonning 2019-2020-yillarga moʻljallangan amaliy hamkorlik rejasi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Ushbu Qoʻshma qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari A. Qodirov va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari S. Safoyev zimmasiga yuklatilsin.
3. Ushbu qoʻshma qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2019-yil 29-avgust,
2715-III-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2019-yil 29-avgust,
KQ-582-III-son