Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
TAYYoR MAHSULOTNING NORMATIVDAN ORTIQ QOLDIQLARINI QISQARTIRISh ChORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 19-sentabrdagi 359-sonli “Hukumat komissiyalarini tuzish masalalari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar, qoʻshimchalar kiritish va oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan.
Korxonalarning moliyaviy ahvolini barqarorlashtirish, tayyor mahsulot qoldiqlarini sotish hisobiga ularning oborot mablagʻlari aylanishini tezlashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Tayyor mahsulotning normativdan ortiq qoldiqlarini qisqartirish masalalarini koʻrib chiqish boʻyicha 1-ilovaga* muvofiq tarkibda maxsus Hukumat komissiyasi tashkil etilsin.
* Ilova berilmaydi.
2. Hukumat komissiyasi:
tayyor mahsulotning normativdan ortiq qoldiqlarini qisqartirish masalalarini vazirliklar, idoralar, konsernlar, korporatsiyalar, uyushmalar, sanoat korxonalari ishtirokida muntazam ravishda koʻrib chiqsin, tayyor mahsulotning normativdan ortiq qoldiqlari hosil boʻlishi sabablarini oʻrgansin, ularni qisqartirish yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqsin;
ishlarning ahvolini tahlil qilish asosida va mahsulot ishlab chiqaruvchi korxonalar va boshqa manfaatdor tashkilotlarning takliflarini hisobga olgan holda xaridorgir boʻlmagan va narxi bois sotilmayotgan mahsulot narxini pasaytirish toʻgʻrisida qaror qabul qilsin;
har bir majmui, tarmoq boʻyicha tayyor mahsulotning sotilishi bilan bogʻliq ishlarning ahvolini koʻrib chiqish natijalari boʻyicha omborlardagi normativdan ortiq tayyor mahsulot qoldigʻini keskin qisqartirish chora-tadbirlarini koʻrsin;
uch hafta muddatda sanoat korxonalari omborlaridagi tayyor mahsulot qoldiqlarining oʻrtacha normativlarini belgilash yuzasidan takliflar kiritsin.
3. Hukumat komissiyasi majlislarida Vazirlar Mahkamasining tarmoq majmuilari boʻyicha tayyor mahsulotni sotish ishlarining ahvolini koʻrib chiqish jadvali 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* Ilova berilmaydi.
4. “Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasi har oyda Hukumat komissiyasiga korxonalarning omborlaridagi tayyor mahsulot qoldigʻi haqidagi statistika maʼlumotlarini taqdim etsin.
5. “Oʻzbeksavdo” uyushmasi Oʻzbekbirlashuv chakana savdo tizimida narxi tushirilgan tovarlarni sotuvchi maxsus doʻkonlar va boʻlimlar tashkil etsinlar.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi ikki hafta muddatda sanoat tarmoqlari boʻyicha oborot mablagʻlar normativlarini ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Oʻ.T. Sultonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1996-yil 29-noyabr,
425-son