Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining
qarori
Aholining turmush darajasini yaxshilash, bandligini taʼminlash, kambagʻallikni qisqartirish, tadbirkorlarning muammolarini hal etish borasida Navoiy viloyatida amalga oshirilayotgan ishlarning holatini oʻrganish yakunlari toʻgʻrisida
Aholining turmush darajasini yaxshilash, bandligini taʼminlash, kambagʻallikni qisqartirish, tadbirkorlarni qiynab kelayotgan muammolarni hal etish boʻyicha Navoiy viloyatida amalga oshirilayotgan ishlarning holatini oʻrganish yakunlarini muhokama qilib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi taʼkidlaydiki, xalq deputatlari Kengashlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, sektorlar rahbarlari tomonidan bu borada muayyan ishlar amalga oshirilgan.
Oʻrganishlar davomida pandemiya sharoitida iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarning uzluksiz ishlashini taʼminlash, aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash va daromadlari keskin pasayib ketishining oldini olish boʻyicha davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan farmon va qarorlarda belgilangan vazifalarni amalga oshirish yuzasidan viloyatda qator choralar koʻrilayotganligi maʼlum boʻldi.
Joylarda budjet tushumlari, respublika budjetidan ajratilayotgan transfyerlar va boshqa mablagʻlar birinchi navbatda koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish tadbirlariga, shu jumladan dori vositalari, tibbiyot buyumlari, oziq-ovqat mahsulotlarini sotib olishga, shuningdek ish haqi, pensiyalar va nafaqalarni oʻz vaqtida toʻlashga, kommunal toʻlovlar va boshqa kechiktirib boʻlmaydigan xarajatlarning oʻrnini qoplashga yoʻnaltirilmoqda.
Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish ishlariga jalb qilingan tibbiyot, sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlarini hamda boshqa xodimlarni ijtimoiy hamda moddiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash uchun maxsus ragʻbatlantiruvchi toʻlovlar, bir yoʻla beriladigan qoʻshimcha toʻlovlar amalga oshirib kelinmoqda.
Viloyatdagi 88 ta tadbirkorlik subyektiga 1 392,7 mln. soʻmlik soliq toʻlovlarini kechiktirib toʻlashga ruxsat berilgan, 7 mingta yakka tartibdagi tadbirkorga har oyda 562,3 mln. soʻmlik, 2020-yil aprel-sentyabr oylari davomida jami 3 373,6 mln. soʻmlik soliq imtiyozlari taqdim etilgan.
Mamlakatimiz Prezidentining 2020-yil 3-apreldagi PF-5969-sonli Farmoniga muvofiq joriy yilning 1-aprel kunidan boshlab viloyatdagi turizm sohasida faoliyat yurituvchi 69 ta tadbirkorlik subyektiga nisbatan turistik yigʻimlarni hisoblash toʻxtatilgan.
Shuningdek joriy yilning 1-aprelidan 1-oktabrigacha qishloq xoʻjaligida suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalarini 2020-yilda oʻrnatilgan stavkalarga nisbatan 50 foizga pasaytirish hisobiga jami 21 771,6 mln. soʻm mablagʻ tadbirkorlik subyektlari ixtiyorida qoldirilgan.
Tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash, ularga yengilliklar berish uchun tijorat banklari tomonidan yuridik va jismoniy shaxslarning jami 702,4 mlrd. soʻmlik kredit mablagʻlari uchun toʻlov muddati 2020-yilning 1-oktabriga qadar uzaytirilgan.
Koronavirus pandemiyasining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy taʼsirini yumshatish maqsadida tijorat banklari tomonidan joriy yilning 15-martidan aylanma mablagʻlarini shakllantirish uchun jami 554 ta tadbirkorlik subyektiga 180,9 mlrd. soʻm kredit mablagʻlari ajratilgan.
Pandemiya davrida ijtimoiy himoyaga muhtoj va kam taʼminlangan oilalarga moddiy koʻmaklashish, ularni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash maqsadida viloyatda jami 21 046 ta oilaning manzilli roʻyxati shakllantirilib, ularga 16,7 mlrd. soʻm qiymatdagi 13 turdagi zaruriy mahsulotlar yetkazib berilgan.
Ishsiz qolgan va daromad manbai aniq boʻlmagan 1 373 nafar fuqaro doimiy ishga, 3 548 nafar fuqaro mavsumiy va jamoatchilik asosidagi ishlarga jalb qilinib, 240 nafar fuqaroga qishloq xoʻjaligi ekinlari yetishtirish uchun ijara asosida yer maydonlari ajratilgan.
Shu bilan birga, oʻrganishlar davomida viloyatda kambagʻallikni qisqartirish, aholi bandligini taʼminlash, tadbirkorlarni qiynab kelayotgan muammolarini hal etishga oid oʻz yechimini kutib turgan qator muammolar ham mavjudligi aniqlandi.
Jumladan, pandemiya taʼsirida faoliyatini vaqtincha toʻxtatgan korxonalar soni 8 014 tani tashkil etgan boʻlsa-da, shulardan atigi 88 tasiga, yaʼni 1,1 foiziga imtiyoz va preferensiyalar taqdim etilgan, xolos.
Tadbirkorlarning murojaatlarini hal etishga yuzaki munosabatda boʻlish, ishbilarmonlik faoliyatiga toʻsiq boʻlayotgan masalalarning tezkorlik bilan hal etilmaslik holatlari mavjud. Jumladan, “Mr Fish Company” MChJ tomonidan 6,5 mln. dollarlik investitsiya kiritish rejalashtirilayotgan boʻlsa-da, tadbirkorlik subyektiga baliq yetishtirish uchun yer maydoni ajratish masalasi hanuzgacha ijobiy hal etilmagan.
“Oʻzstandart” agentligining viloyat hamda hududiy sanoat zonalarida maxsus laboratoriyalari mavjud emasligi import mahsulotlarining bojxona rasmiylashtiruvi jarayonlarining asossiz ravishda 10-15 kunga kechikishiga sabab boʻlmoqda.
Oʻtgan davrda Nurota tumanida 4 ta tadbirkorlik subyektiga 10,6 mln. soʻm soliq summasini kechiktirib toʻlash huquqi berilgan. Vaholanki, tumanda 1 196 ta tadbirkorlik subyektidan 1 003 tasi pandemiya taʼsirida faoliyatini toʻxtatgan. Bunday holatlar boshqa tumanlarda ham kuzatilgan.
Kambagʻallikni qisqartirish va aholi bandligini taʼminlash uchun joriy yilning mart oyida Inqirozga qarshi kurash jamgʻarmasidan mart-iyun oylari uchun jami 2 701,2 mln. soʻm mablagʻ ajratilgan boʻlib, shundan 1 086,8 mln. soʻm miqdordagi mablagʻ yoki 40 foizi moliyalashtirilgan, xolos.
Joriy yilning oʻtgan davri mobaynida 1 325 nafar ishsiz fuqaroga issiqxona qurish, shaxsiy va dala tomorqasi uchun urugʻ, koʻchat, sugʻorish vositalarini xarid qilish uchun 1 396,3 mln. soʻm miqdorida subsidiya berilgan boʻlsa-da, yetarli tushuntirish ishlari olib borilmaganligi sababli ajratilgan subsidiya miqdori viloyatdagi mavjud ehtiyojga nisbatan pastligicha saqlanib qolmoqda.
Viloyatda olib borilgan oʻrganishlar hududlarda yuzaga kelgan muammolar, aniqlangan kamchiliklar ayrim sektorlarda ishlarning aniq reja asosida, qoniqarli tashkil etilmaganligini, masalaga masʼuliyat bilan yondashilmayotganini koʻrsatmoqda.
Oʻrganishlar davomida aniqlangan, aholi va tadbirkorlarni tashvishlantirayotgan boshqa qator muammolarni deputat va parlament nazorati shakllaridan samarali foydalangan holda hal qilish choralarini koʻrishga kelishildi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, muhokamalarda bildirilgan fikr-mulohazalar va takliflarni inobatga olgan holda, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Aholining turmush darajasini yaxshilash, bandligini taʼminlash, kambagʻallikni qisqartirish, tadbirkorlarning muammolarini hal etish boʻyicha ishchi guruhining “Navoiy viloyatida aholining turmush darajasini yaxshilash, bandligini taʼminlash, kambagʻallikni qisqartirish, tadbirkorlarni qiynab kelayotgan muammolarni hal etish boʻyicha sektorlar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarning holatini oʻrganish yakunlari toʻgʻrisida”gi axboroti hamda mazkur masala yuzasidan Navoiy viloyati hokimi Q. Tursunovning axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Xalq deputatlari Navoiy viloyati, tuman va shaharlar Kengashlariga aholining turmush darajasini yaxshilash, bandligini taʼminlash, kambagʻallikni qisqartirish, tadbirkorlarning muammolarini hal etish borasidagi masalalarni muntazam ravishda Kengashlar yigʻilishlarida keng jamoatchilik, tadbirkorlik subyektlari, OAV vakillari ishtirokida muhokama qilishni davom ettirish hamda mavjud muammolarni oʻz vaqtida bartaraf etish choralarini koʻrib borish, bunda deputatlar nazoratini yanada kuchaytirish choralarini koʻrish tavsiya etilsin.
3. Navoiy viloyati hokimi (Q. Tursunov) va tuman (shahar) hokimlariga:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining koronavirus pandemiyasi munosabati bilan qabul qilingan farmon va qarorlarida nazarda tutilgan imtiyozlar va yengilliklar joylarda qanday tatbiq etilayotganligi, jumladan, tadbirkorlar duch kelayotgan muammolarni hal qilish borasidagi ishlarning borishi yuzasidan brifing oʻtkazib, ommaviy axborot vositalari va keng jamoatchilik oldida hisobot berib borish;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi tomonidan oʻrganishlar davomida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan aniq chora-tadbirlarni belgilab olish, bunda sektorlar rahbarlari, tegishli mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining masʼuliyatini yanada oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratish tavsiya etilsin.
4. Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” DP fraksiyasiga:
“Oʻzstandart” agentligiga import mahsulotlarini bojxona tekshiruvidan oʻtkazish tizimini yanada maqbullashtirish maqsadida hududlarda ham agentlikning maxsus laboratoriyalarini tashkil etish boʻyicha olib borilayotgan ishlar yuzasidan parlament soʻrovini yuborish choralarini koʻrish;
baliqchilik xoʻjaliklarini qiynab kelayotgan masalalarni, jumladan baliq yetishtirish uchun yer ajratish borasidagi muammolarni tezkorlik bilan hal etish boʻyicha koʻrilayotgan choralar yuzasidan asoslantirilgan tushuntirish olish uchun “Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasi raisiga deputat soʻrovi yuborish;
oʻrganishlar davomida koʻtarilgan masalalarni har tomonlama va chuqur tahlil qilish asosida ularning yechimini topish choralarini koʻrish tavsiya etilsin.
5. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari A. Kadirov zimmasiga yuklatilsin.
6. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2020-yil 30-iyun,
375-IV-son