Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining
Qarori
Aholining turmush darajasini yaxshilash, bandligini taʼminlash, kambagʻallikni qisqartirish, tadbirkorlarning muammolarini hal etish borasida Buxoro viloyatida amalga oshirilayotgan ishlarning holatini oʻrganish yakunlari toʻgʻrisida
Aholining turmush darajasini yaxshilash, bandligini taʼminlash, kambagʻallikni qisqartirish, tadbirkorlarni qiynab kelayotgan muammolarni hal etish boʻyicha Buxoro viloyatida amalga oshirilayotgan ishlarning holatini oʻrganish yakunlarini muhokama qilib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi taʼkidlaydiki, xalq deputatlari Kengashlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, sektorlar rahbarlari tomonidan bu borada muayyan ishlar amalga oshirilgan.
Oʻrganishlar davomida pandemiya sharoitida iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarining uzluksiz ishlashini taʼminlash, aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash va daromadlari keskin pasayib ketishining oldini olish boʻyicha davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan farmon va qarorlarda belgilangan vazifalarni amalga oshirish yuzasidan viloyatda qator choralar koʻrilayotganligi maʼlum boʻldi.
Joylarda budjet tushumlari, respublika budjetidan ajratilayotgan transfertlar va boshqa mablagʻlar birinchi navbatda koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish tadbirlariga, jumladan dori vositalari, tibbiyot buyumlari, oziq-ovqat mahsulotlarini sotib olishga, shuningdek ish haqi, pensiyalar va nafaqalarni oʻz vaqtida toʻlashga, kommunal toʻlovlar va boshqa kechiktirib boʻlmaydigan xarajatlarning oʻrnini qoplashga yoʻnaltirilmoqda.
Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish ishlariga jalb qilingan tibbiyot, sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlari hamda boshqa xodimlarni ijtimoiy va moddiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash uchun maxsus ragʻbatlantiruvchi toʻlovlar, bir yoʻla beriladigan qoʻshimcha toʻlovlar amalga oshirib kelinmoqda.
Ayrim xoʻjalik yurituvchi subyektlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida taqdim etilgan imtiyozlar asosida viloyatdagi 379 ta tadbirkorlik subyektiga nisbatan jami 5,2 mlrd. soʻmlik mol-mulk soligʻi, yer soligʻi va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqlarni olti oyga kechiktirish (boʻlib-boʻlib toʻlash) imtiyozi qoʻllanilgan. Hududdagi 902 ta korxonaga aylanma mablagʻlarini shakllantirish uchun 117,4 mlrd. soʻmlik kredit mablagʻlari ajratilgan.
Shuningdek 5 512 nafar tadbirkorga ajratilgan 4,6 trln. soʻmlik kreditdan 1 trln. 293 mlrd. soʻmni toʻlash muddati joriy yilning 1-oktabriga qadar uzaytirilgan, 27 ta eksportyor korxonaning 23,3 mlrd. soʻmlik qoʻshimcha qiymat soligʻi qaytarib berilgan.
Mamlakatimiz Prezidentining 2020-yil 12-maydagi PF-5992-sonli Farmoni asosida banklar tomonidan aholi va tadbirkorlik subyektlarining mavjud kreditlari undirilishini kechiktirish hamda moliyaviy xizmatlarga boʻlgan talabini qanoatlantirish, investitsiya loyihalarini qoʻllab-quvvatlash mexanizmi (“loyihalar fabrikasi”) boʻyicha ham viloyatda qator ishlar amalga oshirilgan.
Jumladan, tijorat banklari tomonidan 3 629 nafar yuridik shaxsning 1 242,0 mlrd. soʻmlik, 1 883 nafar yakka tartibdagi tadbirkorning 51,7 mlrd. soʻmlik, 87 760 nafar jismoniy shaxsning 231,6 mlrd. soʻmlik, jami 93 272 nafar fuqaro va tadbirkorning 1 525,0 mlrd. soʻmlik kredit muddatlari uzaytirilgan.
Tadbirkorlarga koʻrsatilgan yordam va karantin talablari yumshatilishi natijasida faoliyati vaqtincha toʻxtatilgan 11 058 ta korxonadan 9 661 tasining faoliyati karantin qoidalariga rioya etgan holda qayta yoʻlga qoʻyilgan.
Qayd etish lozimki, kambagʻallikning oldini olish boʻyicha viloyat 52 ta kichik hududga boʻlingan boʻlib, ularning har biri boʻyicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqilgan. Ushbu ishlar natijasida 12 442 nafar kam taʼminlangan fuqaroning bandligi taʼminlangan.
Prezidentimizning 2020-yil 27-apreldagi PF-5986-sonli Farmoniga asosan, 374 nafar pensionerga yanglish toʻlangan 524 898,0 ming soʻmlik ortiqcha toʻlovdan voz kechilgan.
Shu bilan birga, oʻrganishlar jarayonida viloyatda hali oʻz yechimini kutayotgan qator muammolar, eʼtibor qaratilishi kerak boʻlgan masalalar ham mavjudligi aniqlandi. Jumladan, banklar tomonidan aholi va tadbirkorlik subyektlariga berilishi lozim boʻlgan kreditlarni kechiktirish, moliyaviy xizmatlarga boʻlgan talabni toʻliq qanoatlantirmaslik, investitsiya loyihalarini oʻz vaqtida qoʻllab-quvvatlamaslik kabi holatlar mavjud.
Masalan, Jondor tumanidagi “Global Mega Tekst” korxonasiga mahsulotlarni eksport qilganidan soʻng qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha qaytarilishi kerak boʻlgan 387,0 mln. soʻmlik mablagʻ, Buxoro tumanidagi “Buxoro Shaten Kleyn” MChJning esa 244,6 mln. soʻm qoʻshilgan qiymat soligʻining ortiqcha summasi korxonalarga qaytarilmagan. Olot tumanidagi “Parvoz Quruvchi” MChJga Xalq bankining viloyat filiali tomonidan ajratilgan 2,5 mln. AQSh dollar miqdoridagi kreditning muddatini uzaytirish masalasini hal etish oxiriga yetkazilmagan.
Buxoro shahridagi “Sayfullo-mangu” MChJning kelgusida 50 ta yangi ish oʻrni yaratilishi mumkin boʻlgan 7,0 mlrd. soʻmlik loyihasini amalga oshirish bilan bogʻliq ishlarni yakuniga yetkazish boʻyicha yetarli choralar koʻrilmagan.
Oʻrganishlarda ayrim tumanlarda “temir daftar”ga kiritilgan toifadagi fuqarolar qolgan tumanlarda boshqa mezonlarga tayanilishi natijasida, bu toifaga kiritilmay qolganligi aniqlandi. Bu kabi turli yondashuvlar joylarda murakkabliklarni keltirib chiqarmoqda.
Koronavirus pandemiyasi davrida ayrim tibbiyot xodimlari uchun ajratilgan maxsus ragʻbatlantiruvchi mablagʻlar toʻliq toʻlab berilmayotganligi aniqlandi. Jumladan, Kogon shahrida karantin tadbirlariga jalb etilgan 80 nafar shifokordan 9 nafariga 30,3 mln. soʻm mablagʻ toʻlangan, xolos. 71 nafar xodimga 81,5 mln. soʻm mablagʻ toʻlanmagan.
Kogon shahar sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi xodimlariga 16-mart — 30-aprel uchun 63,9 mln. soʻm miqdorida 6 foizlik toʻlovlar toʻlangan boʻlsa, may oyi uchun toʻlanishi lozim boʻlgan 49,4 mln. soʻmlik mablagʻlar toʻlanmagan. Bunday qoʻshimcha toʻlovlarni toʻlamaslik holatlari viloyatning Olot, Qorakoʻl, Romitan, Peshku, Buxoro tumanlarida ham kuzatildi.
Deputatlar tomonidan ushbu muammoni hal etish choralari koʻrilishi natijasida mazkur toʻlovlar toʻliq amalga oshirildi.
Qishloq xoʻjaligi kooperatsiyalarida ishtirok etayotgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam taʼminlangan oilalar toifasiga kiruvchi har bir oilaga parranda boqqan davri uchun Jamoat ishlari jamgʻarmasidan qoʻshimcha mablagʻlar ajratilishi masalasiga yetarli darajada eʼtibor qaratilmagan.
Viloyatda olib borilgan oʻrganishlar hududlarda yuzaga kelgan muammolar, aniqlangan kamchiliklar ayrim sektorlarda ishlarning aniq reja asosida, qoniqarli tashkil etilmaganligini, masalaga masʼuliyat bilan yondashilmayotganini koʻrsatmoqda.
Oʻrganishlar davomida aniqlangan, aholi va tadbirkorlarni tashvishlantirayotgan boshqa qator muammolarni deputat va parlament nazorati shakllaridan samarali foydalangan holda hal qilish choralarini koʻrishga kelishildi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, muhokamalarda bildirilgan fikr-mulohazalar va takliflarni inobatga olgan holda, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Aholining turmush darajasini yaxshilash, bandligini taʼminlash, kambagʻallikni qisqartirish, tadbirkorlarning muammolarini hal etish boʻyicha ishchi guruhining “Buxoro viloyatida aholining turmush darajasini yaxshilash, bandligini taʼminlash, kambagʻallikni qisqartirish, tadbirkorlarni qiynab kelayotgan muammolarni hal etish boʻyicha sektorlar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarning holatini oʻrganish yakunlari toʻgʻrisida”gi axboroti hamda mazkur masala yuzasidan Buxoro viloyati hokimi K. Kamalovning axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Xalq deputatlari Buxoro viloyati, tuman va shaharlar Kengashlariga aholining turmush darajasini yaxshilash, bandligini taʼminlash, kambagʻallikni qisqartirish, tadbirkorlarning muammolarini hal etish borasidagi masalalarni muntazam ravishda Kengashlar yigʻilishlarida keng jamoatchilik, tadbirkorlik subyektlari, OAV vakillari ishtirokida muhokama qilishni davom ettirish hamda mavjud muammolarni oʻz vaqtida bartaraf etish choralarini koʻrib borish, bunda deputatlar nazoratini yanada kuchaytirish choralarini koʻrish tavsiya etilsin.
3. Buxoro viloyati hokimi (K. Kamalov) va tuman (shahar) hokimlariga:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining koronavirus pandemiyasi munosabati bilan qabul qilingan farmon va qarorlarida nazarda tutilgan imtiyozlar va yengilliklar joylarda qanday tatbiq etilayotganligi, jumladan, tadbirkorlar duch kelayotgan muammolarni hal qilish borasidagi ishlarning borishi yuzasidan brifing oʻtkazib, ommaviy axborot vositalari va keng jamoatchilik oldida hisobot berib borish;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi tomonidan oʻrganishlar davomida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan aniq chora-tadbirlarni belgilab olish tavsiya etilsin. Bunda sektorlar rahbarlari, tegishli mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining masʼuliyatini yanada oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratish tavsiya etilsin.
4. Peshku tumanining 4-sektor rahbari U. Muxtorovga, Olot tumanining 2-sektor rahbari M. Muhammedovga, Buxoro tumanining 3-sektor rahbari Oʻ. Badalovga sektorlar faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyish zarurligi, bunda hududda yashovchi aholi hamda tadbirkorlik subyektlarining muammolarini aniqlash va ularni bartaraf etish borasidagi ishlar yetarli emasligi koʻrsatib oʻtilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Fuqarolarning sogʻligʻini saqlash masalalari qoʻmitasiga (E. Borisova) Koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlar bilan muloqot qiladigan, kasallangan bemorlar joylashtirilgan obyektlarda hamda koronavirus infeksiyasini aniqlash laboratoriyalarida faoliyat olib borayotgan tibbiyot, sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlari va boshqa xodimlar uchun belgilangan maxsus qoʻshimcha ragʻbatlantirish toʻlovlarining toʻlanmasligi holatlari respublikaning koʻplab hududlarida kuzatilayotganligini inobatga olgan holda, Oʻzbekiston Respublikasi moliya vaziriga hamda sogʻliqni saqlash vaziriga parlament soʻrovini yuborish masalasini koʻrib chiqish tavsiya etilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Budjet va iqtisodiy islohotlar qoʻmitasiga (Sh. Nazarov) Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasiga mahsulotlarni eksport qilgandan soʻng korxonalarga qoʻshilgan qiymat soligʻini qaytarish, aholi va tadbirkorlik subyektlariga berilgan soliq imtiyozlari va preferensiyalarning joylarda qanday tatbiq etilayotganligi yuzasidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan asoslantirilgan tushuntirish olish maqsadida parlament soʻrovini yuborish tavsiya etilsin.
7. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari A. Xaitov zimmasiga yuklatilsin.
8. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2020-yil 30-iyun,
374-IV-son