Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining
qarori
QIShLOQ XOʻJALIGI EKINLARINI YIGʻIB-TERIB OLISh VA TAYYORLAShNING, MEZA-SABZAVOT MAHSULOTLARI VA KARTOShKANI QIShGA SAQLAShGA QOʻYIShNING BORIShI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Vazirlar Mahkamasi shuni tashvish bilan bildiradiki, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va nohiyalar hokimliklari qishloq xoʻjaligi ekinlari hosilini oʻz vaqtida yigʻib-terib olish va tayyorlash yuzasidan chora-tadbirlar koʻrishning muhimligini yetarlicha baholay olmayaptilar, bu ishda yoʻl qoʻyib boʻlmaydigan sustkashlik va nazoratsizlik koʻrsatyaptilar.
Buxoro, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida 40 foizdan koʻproq maydonlardagi sabzavotlarning yigʻishtirib olinmaganligini faqat ishga ana shunday munosabatda boʻlinayotganligi bilan izohlash mumkin. Ushbu viloyatlarda va Toshkent viloyatining xoʻjaliklarida sabzavot va kartoshka tayyorlash asossiz ravishda choʻzib yuborilmoqda, ular tegishli ravishda belgilanganining 70 va 50 foizi miqdorida xarid qilib olingan, bu noqulay ob-havoda hosilning nobud boʻlish xavfini tugʻdiradi.
Davlat resurslariga don topshirishga yetarli eʼtibor berilmayapti, Surxondaryo viloyatining xoʻjaliklari hokimlikning yoʻl qoʻyib berishi tufayli boshoqli ekinlar donini tayyorlash topshirigʻini bajarishni taʼminlamadilar. Etarlicha makkajoʻxori doni resurslari mavjud boʻlgani holda Buxoro, Samarqand va Toshkent viloyatlarining kolxozlari va sovxozlari uni tayyorlashda sustkashlik koʻrsatyaptilar, bu bilan chorvachilikni aralash ozuqalar bilan taʼminlash ishlarining ahvolini ogʻirlashtirmoqdalar. Sholini oʻrib olish muddatlari oʻtkazib yuborilyapti, uni davlat resurslariga topshirish surʼatlari pastligicha qolmoqda.
Chorvachilikka rahbarlik darajasi keskin tushib ketdi, koʻp hollarda tarmoq oʻz holiga tashlab qoʻyilgan. Jizzax (oʻrtoq Olimov), Samarqand (oʻrtoq Qilichov), Surxondaryo (oʻrtoq Xolboyev) va Fargʻona (oʻrtoq Ahmadqulov) viloyatlarida goʻsht yetishtirishni kamaytirib yuborishga yoʻl qoʻyildi, ularda ushbu koʻrsatkich oʻtgan yillarga nisbatan 26—30 foizga pasaydi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi (oʻrtoq Yoʻldoshev), Andijon (oʻrtoq Olimjonov) va Samarqand viloyatlarida goʻsht xarid qilish 29—33 foizga qisqardi.
Hamma joyda sogʻin sigirlar mahsuldorligining pasayishi kuzatilmoqda, bu sut yetishtirish va xarid qilish hajmlarining kamayishiga olib keldi.
Toshkent viloyatida sut oʻtgan yildagidan 22 foiz, Samarqand viloyatida 15 foiz kam tayyorlandi. Xorazm viloyatidan tashqari barcha viloyatlarda tuxum yetishtirish va xarid qilishning keskin kamayishiga yoʻl qoʻyildi.
Andijon, Surxondaryo va Fargʻona viloyatlarida dagʻal ozuqa tayyorlash muddatlari oʻtkazib yuborilmoqda. Samarqand, Buxoro va Toshkent viloyatlarida oʻtgan yildagiga qaraganda silos ancha kam tayyorlandi, bu chorva qishlovini oʻtkazishda qiyinchiliklar tugʻdiradi.
Meva-sabzavot mahsulotlari va kartoshkani qishga saqlashga qoʻyish juda sust surʼatlarda olib borilmoqda. Resurslar bilan taʼminlanganiga qaramasdan Buxoro, Jizzax, Sirdaryo, Toshkent va Fargʻona viloyatlarida piyozni saqlashga qoʻyish choʻzib yuborilmoqda. Koʻp hollarda kartoshka, sabzi va boshqa sabzavotlar oʻtgan yildagidan kam saqlashga qoʻyilgan.
Toshkent shahri, respublikaning boshqa shaharlari va sanoat markazlari hokimliklari tomonidan meva-sabzavot mahsulotlari zaxiralarini yaratish boʻyicha ishlarni jiddiy yaxshilash taqozo etiladi. “Oʻzbeksavdo” va Oʻzbekbirlashuv uyushmalarining boʻlinmalari ushbu masalaga oʻta kam eʼtibor beryaptilar.
Kuzgi don ekinlarini ekishni tezroq tugallash uchun qulay imkoniyatlardan qoniqarsiz foydalanilmoqda. Oʻtgan yilning shu davridagiga qaraganda barcha viloyatlarda kuzgi ekinlar kam ekilgan.
Taʼkidlangan va boshqa nuqsonlar qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishida texnologiyalarni tashkil etish va ularga rioya qilish uchun mahalliy qishloq xoʻjaligi organlariga, mutaxassislari va rahbarlariga nisbatan talabchanlikni boʻshashtirib yuborgan Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzmevasabzavotuzumsanoat”, “Oʻzkooptayyorlovsavdo”, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat suv xoʻjaligi qurilishi qoʻmitasi, Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasi tomonidan qishloq xoʻjaligiga rahbarlik qilish ishidagi jiddiy kamchiliklar borligidan dalolat beradi.
Hokimliklar, vazirliklar va idoralarning qishloq xoʻjaligiga rahbarlik ishidagi eng yaqqol nuqsonlar Surxondaryo viloyatining Oltinsoy (oʻrtoq Abdurahmonov) va Qumqoʻrgʻon (oʻrtoq Mengliboyev) nohiyalari misolida koʻrinadi, ularda barcha asosiy koʻrsatkichlar boʻyicha ishlab chiqarishda keskin pasayishga yoʻl qoʻyilgan: oʻtgan yildagidan kartoshka, poliz mahsulotlari, uzum kam tayyorlangan, chorva mollari va parrandalar bosh soni kamaygan, goʻsht, sut va tuxum yetishtirish va xarid qilish qisqargan, mollarning mahsuldorligi pasaygan.
Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va nohiyalar hokimliklari, dehqonchilik sanoati kompleksi vazirliklari va idoralarining qishloq xoʻjaligi ekinlarini yigʻib-terib olish va tayyorlash, meva-sabzavot mahsulotlarini va kartoshkani qishga saqlashga qoʻyish, qishloq xoʻjaligi yilini yakunlash yuzasidan boshqa yumushlarni amalga oshirish boʻyicha ishi qoniqarsiz deb topilsin.
Ulardan yoʻl qoʻyilgan nuqsonlarni bartaraf etish va qishloq xoʻjaligi ekinlarini yigʻib-terib olishni va tayyorlashni tezroq tugallash hamda Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 11-sentabrdagi 426-son qarori bilan belgilangan miqdorlarda oziq-ovqat resurslarini vujudga keltirish boʻyicha topshiriqlarni soʻzsiz bajarish yuzasidan keskin choralar koʻrish talab qilinsin.
2. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va nohiyalar hokimliklari oʻz diqqat-eʼtiborlarini quyidagi kechiktirib boʻlmaydigan vazifalarni hal etishga qaratsinlar:
sovuqqa chidamsiz ekinlar hosilini yigʻishtirib olishni tezda tugallash, ularni saqlash va qayta ishlashni tashkil etish;
sholi hosilini yigʻishtirib olishni shu yil 5-noyabrgacha va uni davlat resurslariga topshirishni shu yil 10-noyabrgacha tugallash. Mana shu maqsadlarda har bir xoʻjalik boʻyicha sholi hosilini yigʻishtirib olish va uni tayyorlashning qanday borayotganligini aniqlab chiqish, uning nobud boʻlishi va respublikadan tashqariga tashib ketilishini istisno qiluvchi chora-tadbirlarni belgilash;
shu yil 1-noyabrgacha Hukumat tomonidan belgilangan hajmlarda makkajoʻxori doni topshirish topshiriqlarini bajarish. Buxoro (oʻrtoq Rahmonov) va Samarqand (oʻrtoq Qilichov) viloyatlari hokimliklariga makkajoʻxori doni topshirish topshiriqlarining bajarilishidagi intizomsizlik koʻrsatib oʻtilsin.
Ishlab chiqarishning surunkali ravishda pasayishiga, dalalar va fermalar mahsuldorligining pasayishiga yoʻl qoʻyayotgan kolxozlar, sovxozlar va nohiyalar rahbarlarining javobgarligi koʻrib chiqilsin, ularga prinsipial baho berilsin.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining Raisi, viloyatlar va nohiyalar hokimlari yuqorida qayd qilingan ishlarning aytib oʻtilgan muddatlarda bajarilishini tashkil etish uchun shaxsan javobgar ekanliklari toʻgʻrisida ogohlantirilsin.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimlari, “Oʻzmevasabzavotuzumsanoat”, “Oʻzkooptayyorlovsavdo”, Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Oʻzbekbirlashuv, “Oʻzbeksavdo” uyushmasi meva-sabzavot mahsulotlari va kartoshkani qishda saqlashga qoʻyish boʻyicha Hukumat tomonidan belgilangan topshiriqlarning shak-shubhasiz bajarilishini taʼminlasinlar, respublika shaharlari va sanoat markazlarida bu mahsulotlarning, eng avvalo, kartoshka, piyoz, sabzi va karamning zaxiralarini yaratishga alohida eʼtibor bersinlar.
Toshkent viloyati (oʻrtoq Ibobekov), Toshkent shahri (oʻrtoq Fozilbekov) hokimliklari, “Oʻzmevasabzavotuzumsanoat” va “Oʻzkooptayyorlovsavdo” qoʻshma majlisda Toshkent shahri, shuningdek, Olmaliq, Angren, Chirchiq va boshqa sanoat markazlari uchun qishga saqlash uchun mahsulotlar qoʻyish boʻyicha ishlarning ahvolini muhokama qilsinlar. Fargʻona viloyati hokimligi (oʻrtoq Ahmadqulov) ushbu masalani viloyat tarkibiga kiruvchi shaharlar boʻyicha koʻrib chiqsin.
4. Moʻljallangan hajmlarda kartoshka tayyorlash, tashib keltirish va uni saqlashga qoʻyish uchun javobgarlik “Oʻzmevasabzavotuzumsanoat” (oʻrtoq Toshkenboyev), “Oʻzkooptayyorlovsavdo” (oʻrtoq Qurbonov), Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vazirligi (oʻrtoq Qayumov), “Oʻzbeksavdo” uyushmasi (oʻrtoq Usmonov), Oʻzbekbirlashuv (oʻrtoq Volkov), Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimlariga yuklatilsin, ularga bu ishni kuchaytirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar koʻrish topshirilsin.
5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining viloyatlar va nohiyalar hokimliklarining eʼtibori chorvachilikdagi ahvolning qoniqarsizligiga, mahsulot ishlab chiqarishning pasayib ketishiga yoʻl qoʻymaslikka qaratilsin. Ulardan tarmoq ishlarini barqarorlashtirish, mollarni oziqlantirish va saqlash qoidalari hamda normalariga rioya qilishni nazorat qilish boʻyicha aniq chora-tadbirlar koʻrish, har bir xoʻjalikda chorva qishlovini betalofat oʻtkazish uchun sharoitlar yaratish talab qilinsin.
6. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari kuzgi don ekinlari ekishni shu yil 1-noyabrgacha tugallash ishini tashkil etsinlar, aholi tomorqa uchastkalarida don ekinlari ekishni kengaytirsinlar.
7. Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi (oʻrtoq Sultonov), “Oʻzbeksavdo” uyushmasi (oʻrtoq Usmonov), “Oʻzoziqovqatsanoat” konserni (oʻrtoq Hamidov), “Oʻzmevasabzavotuzumsanoat” (oʻrtoq Toshkenboyev), “Oʻzdonmahsulot” (oʻrtoq Miryoqubov), “Oʻzkooptayyorlovsavdo” (oʻrtoq Qurbonov), Oʻrta Osiyo temir yoʻllar boshqarmasi (oʻrtoq Jeltouxov), Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 11-sentabrdagi 426-son qarori bilan belgilangan asosiy oziq-ovqat mahsulotlari turlarini yetishtirish, tashib keltirish va davlat ehtiyojlari uchun yetkazib berish topshiriqlari qanday bajarilayotganligining borishini koʻrib chiqsinlar, qoloqlikka yoʻl qoʻyilishini istisno qiluvchi chora-tadbirlar koʻrsinlar.
8. Qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishiga rahbarlik qilishdagi jiddiy xatolari, xotirjamlik kayfiyatiga berilganligi va faoliyatsizligi uchun Oltinsoy nohiyasi hokimi T. Abdurahmonovga va Qumqoʻrgʻon nohiyasi hokimi A. Mengliboyevga qattiq hayfsan eʼlon qilinsin. Surxondaryo viloyati hokimligiga ularning javobgarligi toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqish tavsiya qilinsin.
9. Kolxoz bozorlarini meva-sabzavot mahsulotlari va kartoshka bilan toʻldirishda “Oʻzkooptayyorlovsavdo” (oʻrtoq Qurbonov)ning yetarli ish olib bormayotganligi qayd qilinsin, bu esa mahsulotlar narxining haddan tashqari oshib ketishiga olib kelmoqda. Bozorlarga meva-sabzavot mahsulotlari keltirishni koʻpaytirish, ana shuning hisobiga qishloq xoʻjaligi mahsulotlari narxlarining barqarorlashishi va toʻxtatilishi yuzasidan chora-tadbirlar koʻrilsin. Ushbu masala boʻyicha olib borilayotgan ishlar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasi har oyda xabardor qilinsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi (oʻrtoq Abdugʻaniyev), Ichki ishlar vazirligi (oʻrtoq Almatov) meva-sabzavot mahsulotlarini qishda saqlashga qoʻyish yuzasidan topshiriqlarning bajarilishini taʼminlash uchun respublika ichida transport vositalarining meva-sabzavot mahsulotlari bilan toʻsiqsiz qatnovi uchun shart-sharoitlar yaratsinlar.
11. Mazkur qaror Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, barcha viloyatlar va nohiyalar hokimliklarining majlislarida, tegishli vazirliklar va idoralarning hayʼatlarida muhokama qilinsin.
12. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Vazirlar Mahkamasining dehqonchilik sanoati kompleksi zimmasiga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. MUTALOV
Toshkent sh.,
1992-yil 20-oktabr,
482-son