Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A. Abduxakimovga “Birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalari uchun belgilangan shtat birliklari sonini qayta koʻrib chiqish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining parlament soʻrovi haqida
“Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 14-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. “Birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalari uchun belgilangan shtat birliklari sonini qayta koʻrib chiqish toʻgʻrisida”gi parlament soʻroviga Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A. Abduxakimov tomonidan yuborilgan yozma javob maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Fuqarolarning sogʻligʻini saqlash masalalari qoʻmitasi:
birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalari uchun belgilangan shtat birliklari normativlari Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda belgilangan muddatda qayta koʻrib chiqilishi;
hududlarda birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalari uchun belgilangan shtat birliklari normativlariga asosan zarur miqdordagi mablagʻlar moliya organlari tomonidan moliyalashtirib borilishi yuzasidan parlament nazoratini amalga oshirsin.
3. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari S. OTAMURATOV
Toshkent sh.,
2019-yil 6-fevral,
2339-III-son