Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining
Qarori
“Uchuvchisiz uchadigan apparatlardan foydalanish tartibga solinishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga va Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga qoʻshimchalar va oʻzgartishlar kiritish haqida”gi QL-461-sonli Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasi toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan 2019-yil 24-yanvarda kiritilgan “Uchuvchisiz uchadigan apparatlardan foydalanish tartibga solinishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga va Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga qoʻshimchalar va oʻzgartishlar kiritish haqida”gi QL-461-sonli Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi koʻrib chiqishi uchun qabul qilish mumkinligi toʻgʻrisidagi Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasining xulosasi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi ushbu qonun loyihasini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining majlisida birinchi oʻqishda koʻrib chiqish uchun tayyorlasin.
3. Qonun loyihalarini va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini koʻrib chiqishni tashkil etish boʻyicha muvofiqlashtiruvchi guruh mazkur qonun loyihasini Qonunchilik palatasida tayyorlash, koʻrib chiqishning, shuningdek qabul qilishning barcha bosqichlarida kuzatib borishni taʼminlasin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri oʻrinbosari S. OTAMURATOV
Toshkent sh.,
2019-yil 4-fevral,
2312-III-son