Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI FUQAROSI PASPORTINI JORIY ETISh BILAN BOFLIQ ChORA-TADBIRLAR TOʻFRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
“Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligi toʻgʻrisida”gi Qonunga muvofiq hamda fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining pasporti toʻgʻrisidagi ilova qilinayotgan Nizom tasdiqlansin.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolni belgilash va statistika davlat qoʻmitasi va Ichki ishlar vazirligi 1993-yil 1-fevralga qadar Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi pasportining shaxsiy kodini ishlab chiqsinlar va Oʻzbekiston Respublikasi aholisi registrini joriy etishning maqsadga muvofiqligini koʻrib chiqsinlar.
3. 1992-yil 1-dekabrgacha respublika jamgʻarmasidan zarur valyuta mablagʻlari ajratilsin va Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankiga Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Germaniyannng “Gezike va Devriyent” firmasi oʻrtasida Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi pasportining blankasini tayyorlash va ularni personalizatsiyalash uchun asbob-uskunalar yetkazib berish toʻgʻrisida 1992-yil 29-avgustda tuzilgan shartnomalarga muvofiq boʻnak (avans)lar oʻtkazish va akkreditiv ochish topshirilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Tashqi ishlar vazirligi 1993-yil 1-yanvarga qadar respublikaga pasportlar va asbob-uskunalar yetkazib berish hamda ularni oʻzlariga qarashli boʻlinmalar oʻrtasida taqsimlash jadvalini tuzsinlar va tasdiqlasinlar.
5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahrining hokimlari 1993-yil 1-yanvargacha vizalar va chet elliklarni roʻyxatga olish xizmatlari hamda pasport boʻlinmalari uchun tegishli binolar, tasdiqlangan jadvallarga muvofiq ularni keyinchalik taqsimlash uchun kelayotgan asbob-uskunalar va pasportlarni omborlarga joylashtirishga maxsus maydonlar ajratsinlar.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Adliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddat ichida pasport tizimi masalalari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi jinoyat va maʼmuriy qonunchiligiga oʻzgarishlar, qoʻshimchalar kiritish haqidagi qonunlar loyihalarini Vazirlar Mahkamasiga taqdim etsin.
7. SSSR Ministrlar Sovetining “SSSRda pasport sistemasi toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash haqida” 1974-yil 28-avgustdagi 677-son qarori Oʻzbekiston Respublikasi hududida oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish oʻrtoq I.H. Joʻrabekov zimmasiga yuklatilsin. Qarorning qanday bajarilayotganligi 1993-yil yanvar oyida koʻrib chiqilsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1992-yil 13-noyabr,
533-son
Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 13-noyabrdagi 533-son qarori bilan
TASDIQLANGAN
TASDIQLANGAN
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining pasporti toʻgʻrisida
NIZOM
I. UMUMIY QOIDALAR
1. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining pasporti Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligini va uning egasi shaxsini tasdiqlaydigan asosiy hujjat hisoblanadi.
2. Oʻzbekiston Respublikasining 16 yoshga toʻlgan har bir fuqarosi pasportga ega boʻlishi kerak.
Shaxsiy guvohnoma va harbiy bilet harbiy xizmatchining shaxsini tasdiqlaydigan hujjatlar hisoblanadi.
3. Pasport chet elga chiqishda haqiqiydir. Chet elga borayotgan fuqarolar uchun Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi pasporti Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda rasmiylashtiriladi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi pasporti “Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq:
a) “Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni kuchga kirgan kunda Oʻzbekiston Respublikasi hududida doimiy yashagan shaxslarga;
b) “Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligini olgan shaxslarga beriladi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi pasporti Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari tomonidan beriladi.
Doimiy ravishda chet elda yashovchi Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga, shuningdek, “Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligi toʻgʻrisida”gi Qonunga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligini olgan shaxslarga Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi pasportini Oʻzbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari yoki konsullik muassasalari berishi mumkin.
II. PASPORTDAGI YoZUVLAR. PASPORTNING AMAL QILISh MUDDATI
6. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi pasporti 32 betga ega boʻladi. Pasport rekvizitlari nomlari ikkinchi betda oʻzbek, rus va ingliz tillarida, Qoraqalpogʻiston Respublikasi uchun esa — qoraqalpoq, oʻzbek va ingliz tillarida yoziladi.
7. Pasportga oʻzbek, rus va ingliz tillarida fuqaroning shaxsi toʻgʻrisidagi quyidagi maʼlumotlar yoziladi:
familiyasi, ismi va otasining ismi;
tugʻilgan yili, kuni va oyi;
tugʻilgan joyi;
identifikatsiya nomeri;
jinsi;
millati.
Pasportda millati toʻgʻrisidagi yozuv ota-onalarning millatiga muvofiq amalga oshiriladi. Agar ota-onalar turli millatlarga mansub boʻlsa, birinchi marta pasport berilganda millati pasport oluvchining xohishiga koʻra otasi yoki onasining millatiga muvofiq yoziladi. Keyinchalik fuqaroning yozma holdagi arizasiga muvofiq millati toʻgʻrisidagi yozuv otasi yoki onasining millatiga oʻzgartirilishi mumkin, lekin bir martadan ortiq emas.
Pasportda uning egasining imzosi, pasportni bergan masʼul shaxsning imzosi, shuningdek, pasport berilgan sana va uning amal qilish muddati koʻrsatilgan boʻlishi keraq
Pasportda, shuningdek:
bolalarning familiyasi, ismi, otasining ismi, tugʻilgan yili, kuni, oyi;
harbiy majburiyatlar;
nikohdan oʻtganligi va nikohning bekor qilinganligi;
pasport egasining yashash joyi;
vizalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar qayd qilinadi.
Qonunchilik bilan nazarda tutilgan hollarda ichki ishlar organlari aliment toʻlashdan boʻyin tovlovchi fuqarolarning pasportlariga aliment toʻlash majburiyati toʻgʻrisidagi belgilarni qoʻyadilar.
Fuqarolarning roziligi bilan ularning pasportlarida pasport egasiga tegishli boʻlgan qon guruhi va rezusi toʻgʻrisidagi belgilar qoʻyiladi.
Fuqaroning pasportida mazkur Nizomda nazarda tutilmagan yozuvlarni yozish taqiqlanadi.
8. Fuqaroning pasportidagi:
mazkur Nizomning 7-bandi birinchi xatboshida koʻrsatilgan maʼlumotlar toʻgʻrisidagi yozuvlarni — ichki ishlar organlari;
harbiy majburiyatlar toʻgʻrisidagi yozuvlarni — mudofaa ishlari organlari;
balogʻatga yetmagan bolalar, nikohdan oʻtish va nikohning bekor qilinganligi toʻgʻrisidagi yozuvlarni — fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd qilish organlari;
pasportning chet elda amal qilish muddati, birga ketayotgan balogʻatga yetmagan bolalar toʻgʻrisidagi yozuvlarni — Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, respublikaning diplomatik vakolatxonalari yoki konsullik muassasalari;
yashash joyi toʻgʻrisidagi yozuvlarni — ichki ishlar organlarining pasport boʻlinmalari;
tegishli boʻlgan qon guruhi va rezusi toʻgʻrisidagi yozuvlarni — sogʻliqni saqlash muassasalari bajaradilar.
9. 16 yoshga toʻlgan shaxsga u 25 yoshga toʻlganga qadar haqiqiy hisoblanadigan pasport beriladi.
25 yoshga va 45 yoshga toʻlgan fuqarolarga ichki ishlar organlari tomonidan avvalgi pasportlarda mavjud boʻlgan pasport berish paytidagi haqiqiy boʻlgan barcha maʼlumotlar koʻchirib yozilgan yangi pasportlar beriladi.
45 yoshga toʻlgan fuqarolar pasportlarining amal qilish muddati cheklanmaydi.
Chet elda pasport unda koʻrsatilgan muddatga haqiqiydir.
III. PASPORT BERISh TARTIBI VA UNDAN FOYDALANISh
10. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi pasport olishda ilgari olingan pasportni oʻzining doimiy yashash joyidagi ichki ishlar organlariga, chet elda doimiy yashovchi va Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligini olgan fuqaro — Oʻzbekiston Respublikasi diplomatik vakolatxonasiga yoki konsullik muassasasiga qaytarishi majburiydir.
11. Pasport olish uchun fuqaro tomonidan:
a) Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan belgilangan shakl boʻyicha ariza;
b) ilgari olingan pasport;
v) tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnoma (birinchi marta pasport olayotganda);
g) oq-qora yoki rangli tasvirli 35X45 mm hajmli ikkita fotosurat;
d) zarurat boʻlganda shaxsini va Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligini tasdiqlovchi boshqa hujjatlar taqdim etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safidan boʻshatilgan harbiy xizmatchilar (zobitlar, praporshchiklar, michmanlar)ga pasportlar harbiy biletlar va shaxsiy guvohnomalar asosida berilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilingan shaxslarga, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasiga repatriatsiya tartibida kelgan shaxslarga pasportlar belgilangan hujjatlar asosida beriladi.
12. Pasportning amal qilish muddati tamom boʻlgandan keyin fuqaro ichki ishlar organlariga pasport hamda oq-qora yoki rangli tasvirli 35X45 mm hajmli ikkita oʻz yoshiga mos boʻlgan foto-surat taqdim qilishi keraq
13. Pasportni almashtirish quyidagi hollarda amalga oshiriladi:
familiyasi, ismi va otasining ismi oʻzgarganda;
yozuvlarda noaniqliklar aniqlanganda;
vizalar uchun moʻljallangan varaqlar tamom boʻlganda;
foydalanish uchun yaroqsiz boʻlib qolganda.
14. Pasportni almashtirish uchun:
belgilangan shakldagi ariza;
almashtirilishi kerak boʻlgan pasport;
oq-qora yoki rangli tasvirli 35X45 mm hajmli ikkita fotosurat taqdim qilinadi.
Familiya, ism, ota ismining oʻzgarishi yohud yozuvlardagi noaniqliklar aniqlanishi bilan bogʻliq holda pasportni almashtirish uchun ham bu hollarni tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etiladi.
15. Fuqaro pasport olish yoki uni almashtirish uchun hujjatlar bilan fotosuratlarni tegishli yoshga toʻlganlaridan yoki familiya, ism va otasining ismi oʻzgargandan, yozuvlarda noaniqliklar aniqlangandan hamda pasport foydalanish uchun yaroqsiz boʻlib qolgandan keyin bir oy muddatdan kechikmay taqdim etishi keraq
16. Almashtirish tartibida yoki yoʻqolgan pasport oʻrniga beriladigan pasportda ichki ishlar organlari yoki diplomatik vakolatxonalar, konsullik muassasalari tomonidan balogʻatga yetmagan bolalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, shuningdek, nikohdan oʻtganlik, doimiy yashash joyi toʻgʻrisidagi belgilar kiritilgan boʻlishi keraq
17. Pasport berilganligi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan belgilanadigan miqdorda ham undiriladi. Chet elga borish huquqini beruvchi hujjatlar berilganligi uchun belgilangan tartibda poshlina undiriladi.
18. Fuqaro pasportni ehtiyotlik bilan saqlashga majburdir.
Fuqaro pasport yoʻqolganligi toʻgʻrisida darhol ichki ishlar organlariga yoxud Oʻzbekiston Respublikasi diplomatik vakolatxonasiga yoki konsullik muassasasiga maʼlum qilishi shartdir. Ular uning iltimosi boʻyicha unga belgilangan namunadagi maʼlumotnoma beradilar. Maʼlumotnoma shakli Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Tashqi ishlar vazirligi tomonidan belgilanadi.
Fuqaro tomonidan pasport yoʻqotilganda yangi pasport mazkur Nizomda belgilangan tartibda pasportni yoʻqotganlik haqida ariza berilgan kundan boshlab bir oy davomida beriladi.
19. Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligini yoʻqotgan shaxs pasportni ichki ishlar organlariga yoxud Oʻzbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonasiga yoki konsullik muassasasiga topshirishi shart.
Fuqarolar harbiy xizmatga chaqirilganda ularning pasportlari xizmatni oʻtash davrida saqlash uchun chaqiriq joyidagi mudofaa ishlari organlariga, harbiy-oʻquv yurtlariga qabul qilinganda esa — keyinchalkk ichki ishlar organlariga yuborish uchun ana shu oʻquv yurtlariga topshiriladi.
Vafot etgan kishining pasporti fuqarolik holati aktlarini yozish organlariga yoxud diplomatik vakolatxonaga yoki konsullik muassasasiga topshiriladi, ular uni vafot etish roʻyxatga olingandan keyin ichki ishlar organlariga yuboradilar.
Topib olingan pasport ichki ishlar organlariga topshirilishi kerak.
20. Hibsga olingan, shuningdek, ozodlikdan mahrum etilgan yoki surgunga hukm qilingan shaxsdan va majburiy mehnatga jalb qilish sharti bilan shartli ravishda ozodlikdan maxrum qilingan shaxsdan pasport dastlabki tergov organlari yoki sud tomonidan olib qoʻyiladi. Hibsdan ozod qilinganda yoki jazo oʻtab boʻlingandan keyin pasport uning egasiga qaytariladi. Ozodlikdan mahrum qilish joylaridan majburiy mehnatga jalb etilish bilan shartli ravishda ozod qilingan shaxsga pasport undan ish joyi boʻyicha cheklanishlar olib tashlangandan keyin qaytarib beriladi.
21. Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilgan hollardan tashqari fuqaroning pasportini olib qoʻyish, shuningdek, pasportni garovga qabul qilish va berish taqiqlanadi.
22. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining pasporti toʻgʻrisidagi Nizomni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan gerbli muhrlar, shtamplar va blankalarning namunalari Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Tashqi ishlar vazirligi tomonidan belgilanadi.
Pasport olish toʻgʻrisidagi arizalar blankalari va Oʻzbekiston Respublikasining fuqarosi pasporti toʻgʻrisidagi Nizomni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan boshqa blankalar uchun ularning haqiqiy qiymati boʻyicha haq undiriladi.
23. Mazkur Nizomning ijrosi uchun masʼul boʻlgan mansabdor shaxslar roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan belgilanadi.
24. Mazkur Nizomning ijrosini nazorat qilish hokimliklar, Ichki ishlar organlari, yoxud diplomatik vakolatxonalar yoki konsullik muassasalari tomonidan amalga oshiriladi.
Mazkur Nizomni buzgan fuqarolar va mansabdor shaxslar qonun bilan belgilangan tartibda javob beradilar.
Keyingi tahrirga qarang.