Jizzax viloyati Arnosoy tumani hokimining
Qarori
Ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslarni 2021-yilda ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarining eng kam sonini belgilash toʻgʻrisida
Mazkur qaror Arnasoy tumani hokimining 2021-yil 7-oktabrdagi 99-3-43-Q/21-sonli “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslarni 2022-yilda ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarining eng kam sonini belgilash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi “Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi Qonunining 17-moddasi asosida, Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 5-dekabrdagi 965-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarining eng kam sonini belgilash toʻgʻrisida”gi Nizomga asosan Arnasoy tumanidagi korxona va tashkilotlarda 2021-yil mobaynida ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish maqsadida qaror qilaman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi “Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi Qonunining 17-moddasiga, “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarining eng kam sonini belgilash toʻgʻrisida”gi Nizomga asosan, 20 nafardan koʻpni tashkil etadigan korxona, tashkilot va muassasalarda xodimlarning roʻyxatdagi oʻrtacha sonining 10 foiz miqdorigacha, (shu jumladan, nogironlar uchun 3 foiz) jami 57 ta kvota ish oʻrinlari belgilash ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 5-dekabrdagi 965-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarining eng kam sonini belgilash toʻgʻrisida”gi Nizomga asosan Nizomning 3-bandiga muvofiq, korxona va tashkilotlarda joriy yilda ishga joylashtirib boʻlingan shaxslar ish oʻrinlari 2021-yil uchun band qilib qoʻyiladigan ish oʻrinlari sonini belgilashda hisobga olinsin.
Shu jumladan:
a) oʻn toʻrt yoshgacha bolalari boʻlgan va nogiron bolalari boʻlgan yolgʻiz va koʻp bolali, kichik yoshli ishlamagan ota-onalar uchun 7 foiz (8 kishi);
b) umumiy oʻrta va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarini tamomlagan yoshlar, shuningdek, oliy taʼlim muassasalarining davlat grantlari boʻyicha taʼlim olgan bitiruvchilari 10 foiz (39 kishi);
v) safarbarlik chaqiruvi zaxirasida xizmatni oʻtagan va Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari saflaridan muddatli harbiy xizmatdan boʻshatilgan shaxslar 7 foiz (3 kishi);
g) nogironlar uchun 3 foiz (1 kishi);
d) pensiyaoldi yoshidagi shaxslar uchun 7 foiz (3 kishi);
e) jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan yoki sudning qaroriga koʻra tibbiy tusdagi majburlov choralari qoʻllanilishidan ozod qilingan shaxslar, 7 foiz (2 kishi);
j) odam savdosi qurbonlari uchun 7 foiz (1 kishi)
3. Shaxslarning koʻrsatib oʻtilgan toifalari uchun ish oʻrinlari sanitariya-gigiyena meʼyorlariga va xodim oʻz mehnat majburiyatlarini toʻsiqsiz bajarishini taʼminlaydigan mehnat qilish sharoitlariga muvofiq boʻlishi kerak.
4. Ish oʻrinlari zaxiraga qoʻyiladigan har bir korxona, tashkilot va muassasalarda kasblar va lavozimlar roʻyxati keltirib oʻtilsin.
5. Korxona, tashkilot va muassasa rahbarlari yil boshlanishidan oldin 10 kundan kechikmay muhtojlarni ishga joylashtirish uchun muhtojlar uchun zaxiraga qoʻyiladigan ish oʻrinlari umumiy sonining kamida 25 (yigirma besh) foizi miqdorida ish oʻrinlari zaxiraga qoʻyilishi va tayyorligini taʼminlashi, shuningdek, bu haqda yil boshlangunga qadar tuman Bandlikka koʻmaklashish markazini xabardor qilishi shart.
6. Muhtojlar uchun ish oʻrinlarining qolgan qismini zaxiraga qoʻyish tashkilot (ish beruvchi) tomonidan kalendar yilning birinchi choragi mobaynida taʼminlanadi, bu haqda tuman aholi bandligiga koʻmaklashish markaziga birinchi chorak tamom boʻlgandan keyin 10 kundan kechikmay xabardor qilinsin.
Har oyda hisobot oyidan keyingi oyning 5 kunigacha tuman aholi bandligiga koʻmaklashish markaziga Nizomning 5-ilovasiga muvofiq shakl boʻyicha muhtojlarni ishga joylashtirish toʻgʻrisida axborot taqdim etilsin.
7. Ushbu qarorni bajarmagan tashkilotlarning mansabdor shaxslariga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda maʼmuriy javobgarlik belgilanadi.
8. Belgilab qoʻyilsinki, mahalliy davlat hokimiyati organining ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish qidirishda qiynalayotgan shaxslar uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish boʻyicha qarorini bajarmaganlik uchun jarimani toʻlaganlik tashkilotni band qilib qoʻyiladigan ish oʻrinlarining belgilangan sonini tashkil etishdan ozod qilmaydi.
9. Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish qidirishda qiynalayotgan shaxslar uchun band qilib qoʻyish sonidan ortiqcha ish oʻrinlari tashkil etilgan taqdirda ijtimoiy ehtiyojmand aholi qatlamlariga mansub shaxslarni kvotalangan eng kam sondan ortiq miqdorda ishga qabul qilgan tashkilotlarga — har bir xodim uchun 12 oy davomida har oyda eng kam oylik ish haqining 2 baravari miqdorida haq toʻlash; Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 5-martdagi PQ-4227-son 1 bob, 2-bandi Bandlikka koʻmaklashish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplanishi belgilansin.
10. Ushbu qaror qabul qilinishi munosabati bilan tuman hokimining 2019-yil 30-sentabrdagi “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj shaxslar uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish toʻgʻrisida”gi 1843-sonli qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
11. Tuman Aholi bandlikka koʻmaklashish markazi bir hafta muddatda ushbu qarorni ilovada koʻrsatilgan tashkilot rahbarlari eʼtiboriga yetkazsin va mazkur qarorning bajarilishi ustidan nazoratni taʼminlasin.
12. Mazkur qaror “Arnasoy tongi” gazetasida rasmiy eʼlon qilinsin va hokimlikning www.arnasoy.jizzax.uz rasmiy veb-saytiga joylashtirilsin, shuningdek, “Arnasoy tongi” gazetasi tahririyati mazkur qarorning ijrosi boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarni keng yoritib borish tavsiya etilsin.
13. Ushbu qaror rasman eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
14. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish tuman hokimining birinchi oʻrinbosari O. Norboʻtayev zimmasiga yuklatilsin.
Hokim X. ALIMARDANOV
Gʻoliblar shaharchasi,
2020-yil 30-sentabr,
979-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.09.2020-y., 11/20/979/1541-son)