Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“ShARQ TARONALARI” XALQARO MUSIQA FESTIVALINI OʻTKAZISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 25-apreldagi 354-sonli “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Sharq mamlakatlari xalqlari milliy musiqa va qoʻshiqchilik sanʼatining noyob namunalarini keng targʻib qilish, milliy musiqa anʼanalarini asrab-avaylash va rivojlantirish, yosh avlod qalbida sanʼatga boʻlgan mehr-muhabbat tuygʻularini kamol toptirish, goʻzallikni, chin insoniy qadriyatlarni tarannum etish, shuningdek, xalqlar oʻrtasidagi doʻstlik, birodarlik rishtalarini yanada mustahkamlash, ijodiy hamkorlik, madaniy-maʼnaviy munosabatlar doirasini xalqaro miqyosda kengaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
Oldingi tahrirga qarang.
1. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, “Oʻzbeknavo” gastrol-konsert birlashmasi, “Oʻzteleradio” kompaniyasi va Bastakorlar uyushmasi hamda Samarqand viloyati hokimligining “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalini oʻtkazish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
Belgilab qoʻyilsinki:
festival har ikki yilda bir marta Samarqand shahrida, birinchisi 1997-yilning 25-avgustidan 2-sentabriga qadar oʻtkaziladi;
festivallar oraligʻidagi tayyorgarlik ishlarini muvofiqlashtirishni Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi amalga oshiradi.
Keyingi tahrirga qarang.
(1-bandning birinchi va toʻrtinchi xatboshilari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 6-iyuldagi 156-sonli qarori tahririda— OʻR QHT, 2005-y., 27-son, 191-modda)
* 2-3-ilovalar berilmaydi.
3. Tashkiliy qoʻmita tegishli vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki hafta muddatda:
festivalga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish tadbirlari rejasini;
festival bosh direksiyasi tuzilmasi va shtatlar jadvalini;
festival dasturini ishlab chiqsin va tasdiqlasin hamda homiylar roʻyxatini aniqlasin.
4 Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Madaniyat ishlari vazirligi, Samarqand viloyati hokimligi va YUNESKO ishlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi milliy komissiyasi bilan birgalikda “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalini YUNESKOning xalqaro madaniyat tadbirlari rejasiga kiritish masalasini belgilangan tartibda hal qilsin.
5. Toshkent shahar hokimligiga poytaxtda toʻxtab oʻtadigan festival qatnashchilarini kutib olish, joylashtirish va joʻnatishni tashkil etish topshirilsin.
6. Samarqand viloyati hokimligi:
festival bosh direksiyasining faoliyatini taʼminlash tadbirlarini koʻrsin;
1997-yil 1-avgustgacha festival tadbirlari oʻtkaziladigan sahna maydonlari va zallarni tayyorlasin;
shaharda tegishli obodonchilik ishlarini amalga oshirsin.
7. “Oʻzbekturizm” milliy kompaniyasi:
festival qatnashchilari va mehmonlari uchun bosh direksiya buyurtmasiga muvofiq, mehmonxonalardan joy ajratsin;
xorijiy qatnashchilar va mehmonlardan yashash haqini Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari uchun belgilangan narxlarda summalarda qabul qilsin.
8. “Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasi va “Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi festival qatnashchilari va mehmonlarini bosh direksiya buyurtmasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari uchun belgilangan tarif asosida soʻm hisobida avia va temir yoʻl chiptalari bilan taʼminlasinlar.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi va “Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasi xorijiy ishtirokchilar va ularning yuklarini bojxona, viza va aeroport toʻlovlaridan ozod etsinlar.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi festival oʻtadigan joylarda xavfsizlikni taʼminlasin.
11. “Mahalliy sanoat” korporatsiyasi va “Oʻzbekyengilsanoat” uyushmasi festivalga bagʻishlangan sovgʻa buyumlari chiqarishni yoʻlga qoʻysinlar, festivalda ishtirok etuvchi mamlakatlarning davlat bayroqlarini tayyorlab bersinlar.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi festivalga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish bilan bogʻliq sarf-xarajatlarning respublika budjetidan va homiylar hisobidan 70:30 nisbatda qoplanishini nazarda tutgan holda mablagʻ ajratsin hamda tegishli mablagʻlarni festival bosh direksiyasi hisobiga oʻtkazib bersin.
Belgilab qoʻyilsinki, festival ishtirokchilarining kelib-ketishi bilan bogʻliq transport xarajatlari 50 foizdan 100 foizgacha qoplanadi.
Homiylarning foydadan toʻlaydigan soliq boʻyicha bazasi ularning festival hisobiga oʻtkazadigan mablagʻi miqdoriga monand qisqartirilishi nazarda tutilsin.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki xalqaro festival ehtiyojlari uchun zarur soʻmlarni erkin muomaladagi valyutaga ayirboshlashni taʼminlasin.
14. “Oʻzavtotrans” korporatsiyasi, “Toshshaharyoʻlovchitrans” uyushmasi va “Oʻzbekturizm” milliy kompaniyasi festival bosh direksiyasi buyurtmasiga muvofiq transport xizmati koʻrsatsin
15. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi xalqaro festival ishtirokchilariga tibbiy xizmat koʻrsatishni tashkil etsin.
16. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat matbuot qoʻmitasi festivalga bagʻishlangan reklama nashrlarini oʻz vaqtida chop etsin.
17. “Oʻzteleradio” kompaniyasi, OʻzA va boshqa ommaviy axborot vositalariga festivalga tayyorgalikning borishini va oʻtkazilishini muntazam yoritib borish tavsiya etilsin.
18. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari I. Joʻrabekov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1997-yil 11-mart,
132-son
Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 11-martdagi 132-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
“Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalini oʻtkazish tartibi haqida
NIZOM
“Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali Sharq mamlakatlari milliy musiqa sanʼatining eng yaxshi namunalarini keng targʻib qilish, sharqona nafosatli, milliy musiqiy anʼanalarni asrab-avaylash va rivojlantirish, yoshlarda sanʼatga boʻlgan muhabbat tuygʻularini kamol toptirish, ijodiy aloqalar doirasini xalqaro miqyosda kengaytirish, tinchlik, doʻstlik, hamjihatlik gʻoyalarini ulugʻlash, oʻzaro madaniy-maʼnaviy hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida taʼsis etilgan.
Festival har ikki yilda bir marta Samarqand shahrida oʻtkaziladi.
I. FESTIVAL TUZILMASI
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat ishlari vazirligi, “Oʻzbeknavo” gastrol-konsert birlashmasi, “Oʻzteleradio” kompaniyasi, bastakorlar uyushmasi va Samarqand viloyati hokimligi “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalining asosiy muassislaridir.
II. FESTIVAL TADBIRLARI
Festival doirasida quyidagi tadbirlar oʻtkaziladi:
“Eng yaxshi milliy qoʻshiq ijrosi” uchun tanlov;
ilmiy-ijodiy konferensiya;
gala konsert.
III. FESTIVAL ShARTLARI
Festival tadbirlarida har bir mamlakatdan jami 9 nafargacha, ijodiy delegatsiya (7 kishigacha badiiy jamoa, 1 musiqashunos, 1 faxriy mehmon) qatnashishi mumkin.
Ijodkorlarning oʻz hisoblaridan festivalda ishtirok etishlari cheklanmaydi.
Ishtirok etuvchilar tashkiliy qoʻmitaga belgilangan muddatda musiqiy dasturlarini taqdim etadilar. Dastur 30 daqiqadan oshmasligi va quyidagi yoʻnalishlardan iborat boʻlishi lozim:
1. Xalq musiqa ijodiyoti namunalari;
2. Mumtoz milliy musiqiy asarlar;
3. Zamonaviy milliy musiqiy asarlar.
IV. FESTIVALNI OʻTKAZUVChI TOMONNING MAJBURIYATLARI
Hayʼat aʼzolari va ularning bir nafar hamrohining festivalda ishtirok etishi bilan bogʻliq barcha sarf-xarajatlarini, shu jumladan, festivalga kelib-ketish transport xarajatlarini 50 foizdan 100 foizgacha qoplash;
Har bir mamlakat uchun belgilangan kvota doirasida (III-band) festival ishtirokchilarining mehmonxonada yashash, ovqatlanish, Oʻzbekiston hududida transportda yurish xarajatlarini toʻlash.
Zarur hollarda tibbiy xizmat koʻrsatish.
V. “ENG YaXShI MILLIY QOʻShIQ IJROSI UChUN” TANLOV ShARTLARI
Tanlovda professional va havaskor badiiy jamoalar hamda yakkaxon xonandalar qatnashishlari mumkin.
Tanlov uch bosqichdan iborat boʻladi.
Birinchi bosqich saralovchi sifatida oldindan oʻtkaziladi va unda tanlovda qatnashishga istak bildirgan ijrochilarning audio-videokassetalarga yoki lazer disklariga yozilgan uchta qoʻshigʻi tinglanadi. Qoʻshiqlar ijrosi 15 daqiqadan oshmasligi va ilgari boshqa xalqaro tanlovlarda ijro etilmagan boʻlishi shart. Audio-videokassetalar ijodkorlar tomonidan tashkiliy qoʻmitaga belgilangan muddatda yuborilishi lozim.
Ikkinchi va uchinchi bosqichlarda qoʻshiqlar “jonli” holda tarkibi 7 kishidan oshmagan sozandalar joʻrligida yoki — 1 (minus 1) fonogramma yordamida ijro etilishi mumkin.
Tanlovda ishtirok etish uchun arizalar koʻrsatilgan namuna boʻyicha 1997-yil 30-iyungacha quyidagi manzilga yuborilishi shart:
Oʻzbekiston, Toshkent shahri, 700011, Navoiy koʻchasi, 30, Madaniyat ishlari vazirligi.
VI. XALQARO HAYʼAT
Tanlovni baholash uchun 11 kishidan iborat xalqaro hayʼat tuziladi.
Qoʻshiqlarning yorqin milliy xususiyatlari, mazmundorligi, xonandalarning yuksak ijro mahorati, koʻrkam sharqona libosi va sahna xatti-harakatlari baholashda asosiy mezon boʻlib hisoblanadi.
VII. MUKOFOTLAR
Tanlov gʻoliblari uchun quyidagi mukofot taʼsis etiladi:
Gran Pri 10000 AQSh dollari miqdoridagi pul mukofoti;
1-mukofot (2 ta) har biri 5000 AQSh dollari miqdoridagi pul mukofoti;
2-mukofot (2 ta) har biri 3500 AQSh dollari miqdoridagi pul mukofoti;
3-mukofot (3 ta) har biri 2000 AQSh dollari miqdoridagi pul mukofoti.
Muassislar, ijodiy uyushmalar, jamgʻarmalar va boshqa tashkilotlar maxsus mukofot taʼsis etishlari mumkin.
Tanlov gʻoliblari ijrosidagi asarlardan iborat lazer disklari tayyorlanadi.
Shuningdeq, har bir qatnashchiga maxsus diplom beriladi.
VIII. KONFERENSIYA
Festival doirasida “Sharq xalqlari musiqa sanʼatining mushtarakligi” mavzuida xalqaro ilmiy-ijodiy konferensiya oʻtkaziladi.
Maʼruzalarning toʻla matni yoki tezislari belgilangan muddatda yarim bosma taboqqacha boʻlgan hajmda festival tashkiliy qoʻmitasiga yuboriladi.
Maʼruzachilar matni maxsus toʻplam holida nashr qilinadi.
Oʻzbek, arab, ingliz va rus tillari konferensiyaning ishchi tillari hisoblanadi.
|
| |||
| Familiyasi _________________________________________________________ | |||
| Ismi _______________________________________________________________ | |||
| Otasining ismi _____________________________________________________ | |||
| Tugʻilgan sanasi ______________________________________________________ | |||
| Millati ____________________________________________________________ | |||
| Jinsi ______________________________________________________________ | |||
| Fuqaroligi __________________________________________________________ | |||
| Manzili ____________________________________________________________ | |||
| Tashkilot nomi _______________________________________________________ | |||
| Pasport maʼlumotlari ________________________________________________ | |||
| Telefon ______________________ | |||
| Faks _________________________ | |||
| Teleks ________________________ | |||
|
KOʻRIK-TANLOV | |||
| | 1-Qoʻshiq | 2-qoʻshiq | 3-qoʻshiq |
| Musiqa | ________________ | ________________ | ________________ |
| Aranjirovka | ________________ | ________________ | ________________ |
| Ovoz rejissori | ________________ | ________________ | ________________ |
|
Men Samarqand shahrida oʻtadigan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali koʻrik-tanlovi qoidalarini tan olaman. | |||
| Imzo ___________________ | |||
| Sana ____________________ | |||
| Arizaga quyidagilar ilova qilinadi: | |||
| Qisqacha ijodiy tarjimai hol; | |||
| 4 dona 13X18 oʻlchamdagi rangli fotosurat va 2 dona xalqaro andoza boʻyicha slayd. | |||