Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“SIMENS” AKSIONERLIK JAMIYATI BILAN TELEKOMMUNIKATSIYA TARMOQLARINI RIVOJLANTIRISH VA MODERNIZATSIYALASH QOʻSHMA LOYIHALARINI AMALGA OSHIRISH CHORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi telekommunikatsiya tarmogʻini zamonaviy texnika asosida rivojlantirish va modernizatsiyalash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi telekommunikatsiya tarmogʻini rivojlantirish va modernizatsiyalash sohasida hamkorlik qilish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi va “Simens” aksionerlik jamiyatining 1994-yil 15-iyuldagi Dasturiga muvofiq Aloqa vazirligi tomonidan Transosiyo — Yevropa kabel liniyasining milliy segmentini qurish uchun 25 mln. Germaniya markasi miqdoridagi summada asbob-uskunalar hamda tolali-optik kabel, shuningdek, Toshkent va Samarqand shaharlari uchun 49,9 mln. Germaniya markasi miqdoridagi summada raqamli kommutatsiya stansiyalari yetkazib berish toʻgʻrisida kontraktlar rasmiylashtirilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi (Hamidov):
1995-yil may oyida koʻrsatib oʻtilgan kontraktlar qiymatidan 15 foiz miqdoridagi avans toʻlovlarini Respublika valyuta fondi mablagʻlaridan toʻlashni nazarda tutsin;
Germaniya KFW rivojlantirish bankiga va Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankiga Germaniyadan olinadigan va Aloqa vazirligi boʻlinmalariga mablagʻ sifatida beriladigan kreditlar boʻyicha kafolatlarni belgilangan tartibda rasmiylashtirsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Aloqa vazirligi ajratilgan valyuta mablagʻlarini oʻz vaqtida soʻm bilan qoplashni, shuningdek, Germaniya KFW rivojlantirish banki kreditlarini oʻz mablagʻlari hisobidan belgilangan muddatlarda toʻlashni taʼminlasin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi beriladigan Hukumat kafolatlari boʻyicha yuridik xulosalarni belgilangan tartibda rasmiylashtirsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki koʻrsatib oʻtilgan kontraktlarni mablagʻ bilan taʼminlash uchun Germaniya KFW rivojlantirish banki bilan yakka tartibdagi kredit bitimlarini belgilangan tartibda rasmiylashtirsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosarlari Oʻ.T. Sultonov, B.S. Hamidov va R.R. Yunusov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1995-yil 24-may,
180-son