Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“OʻZSEMXLOPOK” RESPUBLIKA IShLAB ChIQARISh BIRLAShMASINI TUGATISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Respublikada gʻoʻza urugʻchiligini yanada yaxshilash, viloyat dehqonchilik sanoati uyushmalarining bu sohadagi masʼuliyatini oshirish hamda urugʻchilikni boshqarishni takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligining “Oʻzsemxlopok” ishlab chiqarish birlashmasini tugatish toʻgʻrisidagi taklif qabul qilinsin. Birlashmani tugatish belgilangan tartibda amalga oshirilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligiga, belgilangan xodimlar soni va mehnatga haq toʻlash fondi doirasida, gʻoʻza urugʻchiligi boshqarmasini tashkil etishga ruxsat berilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi ikki hafta muddat ichida vazirlikning nizomiga qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida takliflar taqdim etsin.
2. Oʻzbekiston SSR Ministrlar Sovetining 1990-yil 26-yanvardagi 52-son qarorining 2, 3, 4, 5, 6 va 11-bandlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
Vazirlar Mahkamasi Raisining birinchi oʻrinbosari I. JOʻRABEKOV
Toshkent sh.,
1992-yil 31-oktabr,
502-son