Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
SOFLOM AVLOD UCHUN JURNALINI TASHKIL ETISH TOʻGʻRISIDA
Maʼnaviy va jismoniy barkamol avlodlarni tarbiyalash hamda bu umumdavlat ahamiyatiga molik vazifani amalga oshirishda aholining keng ishtirokini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi va Cogʻlom avlod uchun xalqaro xayriya jamgʻarmasi muassisligida va Germaniyaning Germed firmasi hammuassisligida Xalq taʼlimi vazirligi nashri boʻlgan Maktabgacha tarbiya jurnali negizida 1995-yil 1-sentabrdan boshlab oʻzbek tilida oylik ilmiy-tarbiyaviy, ommabop, bezakli Sogʻlom avlod uchun jurnalini taʼsis etish va unga noshirlik huquqini berish haqidagi ularning taklifi qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat matbuot qoʻmitasi Sogʻlom avlod uchun jurnalini belgilangan tartibda roʻyxatga olsin.
3. Quyidagilar Sogʻlom avlod uchun jurnalining asosiy vazifalari qilib belgilansin:
milliy va umuminsoniy qadriyatlarni, oʻtmish merosimizning eng yaxshi anʼanalarini hamda shakllanib kelayotgan yangi udumlarni aholining barcha tabaqalariga yetkazish;
xalqimiz genofondini sogʻlomlashtirish, maʼnaviy va jisman barkamol insonni tarbiyalash oila, davlat va jamiyatning mushtarak maqsadi ekanligini keng targʻib qilish;
taʼlim-tarbiya, onalik va bolalikni muhofaza qilish tizimini takomillashtirishga koʻmaklashish.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi va Sogʻlom avlod uchun xalqaro xayriya jamgʻarmasi bir oy muddat ichida:
hammuassis bilan birgalikda jurnal tahririyati ishini tashkil etish bilan bogʻliq tashkiliy-texnik masalalarni hal qilsinlar va oʻzlarining moddiy-moliyaviy ulushlari miqdorlarini aniqlasinlar;
jurnal rahbariyati va tahrir hayʼatini tasdiqlasinlar.
5. Sogʻlom avlod uchun jurnalini nashr etish xarajatlari muassislar va hammuassis ajratgan, shuningdek, obunachilardan va sotuvdan, noshirlik faoliyatidan tushgan mablagʻlar hisobiga qoplanishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
6. Sogʻlom avlod uchun jamgʻarmasi xodimlariga berilgan imtiyozlar Sogʻlom avlod uchun jurnalining masʼul xodimlariga ham tatbiq etilsin.
7. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Vazirlar Mahkamasining Ijtimoiy masalalar va madaniyat boʻlimiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1995-yil 13-aprel,
127-son