Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
YUNISEF-EKOSAN fondlarining “ASPERA” loyihasini amalga oshirishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Orol dengizi mintaqasi bolalari va xotin-qizlarini Birlashgan Millatlar Tashkilotining YUNISEF Xalqaro bolalar fondi va “EKOSAN” ekologiya va salomatlik xalqaro fondi ishtirokida sogʻlomlashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. YUNISEF va EKOSAN fondlarining Oʻzbekistonning Orol dengizi mintaqasida bolalar va xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida “ASPERA” ekologiya va mintaqaviy yordam loyihasini amalga oshirish toʻgʻrisidagi taklifi qoʻllab-quvvatlansin.
Maʼlumot uchun qabul qinlinsinki, “ASPERA” loyihasini mablagʻ bilan taʼminlash yuqorida koʻrsatib oʻtilgan xalqaro tashkilotlar mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi.
2. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi “ASPERA” loyihasini amalga oshirishda, Loyiha ekspertlari va konsultantlariga xizmat xonalari, turar joylar va avtotransport berish masalalarini hal etishda har tomonlama yordam koʻrsatsin.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi “ASPERA” direksiyasi bilan birgalikda:
koʻrsatib oʻtilgan Loyihani amalga oshirishga oid tashkiliy-texnik chora-tadbirlar rejasini bir oy muddatda ishlab chiqsinlar va tasdiqlasinlar;
unda Loyiha direksiyasida uni amalga oshirishning butun davrida ishlash uchun bir nafardan malakali mutaxassislarni, ularning asosiy ish joylaridagi ish haqlarini saqlagan holda, ajratishni nazarda tutsinlar.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Melioratsiya va suv xoʻjaligi vazirligi, kommunal xizmatlar koʻrsatish vazirligi, davlat tabiatni muhofaza qilish qoʻmitasi “ASPERA” loyihasini amalga oshishda yordam koʻrsatsinlar.
5. “Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasi va “Oʻzbekiston temir yoʻllari” kompaniyasi, “Oʻzavtotrans” davlat korporatsiyasi respublikaga “ASPERA” loyihasi doirasida kelayotgan yuklarning belgilangan joygacha oʻz vaqtida tashib keltirilishini taʼminlasinlar.
6. Toshkent shahar hokimligi Loyiha direksiyasini joylashtirish uchun “EKOSAN” fondiga qoʻshimcha 100 kv. metr maydonga ega boʻlgan bino ajratsin.
7. Davlat soliq qoʻmitasi “ASPERA” loyihasini amalga oshirish uchun respublikaga keltirilayotgan yuklar, asbob-uskunalar va dori-darmonlarning poshlinalar va bojxona tartib qoidalari bilan bogʻliq boshqa toʻlovlarni undirmasdan operativ tarzda oʻtkazilishini taʼminlasin.
8. “Oʻzdavteleradio” kompaniyasi, gazetalarning tahririyatlari “ASPERA” loyihasi qanday amalga oshirilayotganligini ommaviy axborot vositalarida keng yoritsinlar.
9. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Vazirlar Mahkamasining Ijtimoiy masalalar va madaniyat boʻlimiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1995-yil 31-iyul,
306-son