Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining
qarori
SOCHI, KISLOVODSK, YESSENTUKI VA YALTA SHAHARLARIDAGI RESPUBLIKA SANATORIYLARI NEGIZIDA “OʻZBEKISTON” AKSIONERLIK JAMIYATINI TUZISH TOʻGʻRISIDA
Respublikadan tashqarida joylashgan sanatoriylarni salomatlikni tiklashning zamonaviy markazlariga aylantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi qonuni bilan belgilangan tartibda Tibbiyot-sanitariya birlashmasiga Sochi, Kislovodsk, Yessentuki va Yalta shaharlarida joylashgan sanatoriylarni aksiyalashtirishga va ularning negizida “Oʻzbekiston” aksionerlik jamiyati tuzishga ruxsat etilsin.
2. Quyidagilar aksionerlik jamiyatining taʼsischilari etib belgilansin:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulkini boshqarish va xususiylashtirish qoʻmitasi;
Tibbiyot-sanitariya birlashmasi;
“Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasi;
“Oʻzbekneftgaz” davlat konserni;
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki;
Oʻzbekiston aksionerlik innovatsiya banki;
Oʻrta Osiyo temir yoʻl boshqarmasi;
Oʻzbekiston metallurgiya zavodi (Bekobod sh.);
Samarqand “BIO—VTI” birlashmasi;
“Baynalmilal” aksionerlik birlashmasi;
“Kubservis” dehqonchilik sanoati konserni koʻp tarmoqli boshqarmasi, Sochi shahri;
“Don” koʻp tarmoqli ishlab chiqarish birlashmasi, Donetsk shahri.
3. Davlat mulki qoʻmitasi (oʻrtoq Gʻofurov)ga Tibbiyot-sanitariya birlashmasi (oʻrtoq Malikov) bilan birgalikda uch oy muddat ichida respublika sanatoriylarini aksiyalashtirish topshirilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi mulk fondi davlatga tegishli aksiyalarning egasi etib belgilansin, u Tibbiyot-sanitariya birlashmasiga:
davlatga tegishli ulushlarga muvofiq aksionerlik jamiyati faoliyatida ishtirok etish;
dividendlar olish va ularni moddiy-texnikaviy bazani va servis xizmati koʻrsatishni rivojlantirish hamda yaxshilashga yoʻnaltirish;
Davlat mulki qoʻmitasi bilan birgalikda “Oʻzbekiston” aksionerlik jamiyatining aksiyalarini sotib olish uchun kvotalar”ning miqdorlarini aniqlash huquqini beradi.
4. Sanatoriya-kurort xizmati koʻrsatish darajasini oshirish maqsadida “Oʻzbekiston” aksionerlik jamiyatiga belgilangan tartibda tashqi iqtisodiy faoliyat yuritish huquqi berilsin.
5. Moliya vazirligi (oʻrtoq Boqiboyev)ga va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat soliq bosh boshqarmasi (oʻrtoq Gataulin)ga “Oʻzbekiston” aksionerlik jamiyati daromadlariga solinadigan soliq stavkalarini kamaytirish toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqib Vazirlar Mahkamasiga kiritish topshirilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki (oʻrtoq Azimov) aksionerlik jamiyatiga kiruvchi sanatoriylarning moddiy negizlarini va infrastrukturalarini mustahkamlash hamda rivojlantirish maqsadida “Oʻzbekiston” aksionerlik jamiyatini soʻmlar va EAVlarda imtiyozli kredit berish masalalarini koʻrib chiqsin.
7. Tibbiyot-sanitariya birlashmasi (oʻrtoq Malikov)ga Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 30-apreldagi 220-son qaroriga qoʻshimcha ravishda Sochi, Kislovodsk, Yessentuki va Yalta shaharlaridagi sanatoriylarning bir maromda ishlashlarini taʼminlash maqsadida “Oʻzbekiston” aksionerlik jamiyati tomonidan oziq-ovqat mahsulotlarining, savdo-texnologiya va tibbiyot uskunalarining, qurilish materiallarining olib chiqilishi uchun ruxsatnoma (litsenziya)lar berish huquqi berilsin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Ijtimoiy masalalar, fan va taʼlim majmuiga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. MUTALOV
Toshkent sh.,
1992-yil 16-oktabr,
477-son